Boʻstonliqda suvchilar bogʻi barpo etilmoqda

18:26 14 Noyabr 2023 Jamiyat
183 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Koʻchat ekib, bogʻ yaratish azaldan savobli ish hisoblangan. Mevalaridan odamlar baraka topgan, manzarali daraxtlardan dili bahra olgan, yogʻochidan qurilishda foydalangan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” loyihasi yurtimizni tom maʼnoda yashillikka burkovchi umummilliy harakatga aylandi. Tadbirlarda respublikamiz suv xoʻjaligi xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani Gʻijol qishlogʻidagi togʻoldi hududidan Suv xoʻjaligi vazirligi uchun 42 gektar yer maydoni ajratildi. Suvchilar bu yerda 21,5 mingta bodom koʻchatini ekib, “Suvchilar bogʻi” bunyod etishni boshlab yubordilar.

Shu munosabat bilan bugun tashkil etilgan hasharda vazirlik markaziy apparati, tizimdagi respublika tashkilotlari, Toshkent va Jizzax viloyatlaridan ishchi-xodimlar qatnashdi. Ularning asosiy qismini sergʻayrat yoshlar tashkil etadi.

Hasharchilar bir kunning oʻzida 5 ming tup bodom koʻchatlarini qadashdi. Hafta oxirigacha rejadagi koʻchatlar ekib boʻlinadi.

Albatta, togʻoldi hududida, lalmi joyda daraxt oʻstirishning oʻzi boʻlmaydi. Suvchilarning buning hisobini olishgan. Pastdan oqib oʻtuvchi soydan nasos orqali suv chiqarilib, hovuz quriladi va koʻchatlarni tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyiladi.

— Hamma daraxtni suvga yaqin joyga ekishni istaydi. Suvsiz koʻchat unmaydi. Suv xoʻjaligi tizimida esa daraxt koʻkartirish uchun imkoniyatlar bisyor, — deydi vazirlik boshqarma boshligʻi Xurshid Lapasov. — Barcha hududlarda suv xoʻjaligi tashkilotlari tasarrufida kanal, ariq, zovurlar boʻlib, ularning yoqalari, himoya mintaqalarida koʻchat ekishga sharoit bor. Shu bois, aslida respublika boʻyicha ushbu mavsumda 1,5 mln. tup koʻchat ekish topshirigʻini olishgan boʻlsada, suvchilar 15 mln. tup mevali va manzaralari daraxt koʻchatlari hamda qalamchalar ekish tashabbusi bilan chiqishdi. Bugunga qadar respublika boʻyicha suv xoʻjaligi tashkilotlari xodimlari tomonidan ekilgan koʻchatlar soni 4,1 mln tupdan oshib ketdi.

Yana bir jihatni eʼtiborga olish kerak. Suvchilar azaldan suv boʻylariga koʻchat ekib kelishgan. Buning uchun ular koʻchatni sotib olmasdan, oʻzlari koʻpaytirishgan. Deyarli barcha suv xoʻjaligi tashkilotlarida koʻchatxonalar bor. Ayrim tashkilotlar yordamchi xoʻjaligida daraxt koʻchatlarini koʻpaytirib, daromad qilishning hadisini olishgan. Shu sababli, “Yashil makon” dasturi doirasida suvchilar ichki imkoniyatni ishga solishmoqda.

Qilingan mehnatlar hech qachon besamar ketmaydi. Bugun boshlangan ishlar, albatta, natijasini beradi. Bir-ikki yil oʻtib, suv boʻylarida yashil maydonlar paydo boʻlib, daraxtlar gullab-yashnaydi.

Biz ham yaxshi niyatlarni dilga tugib qoʻydik. Har yili bahorda, kuzda yosh suvchilar bilan Gʻijol qishlogʻidagi “Suvchilar bogʻi”ga boramiz. Toza havodan nafas olib, bogʻdagi yumushlarni bajarib, osh damlab, yayrab, dam olib kelamiz.

Shuhrat Suyunov,

Suv xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер