Boʻstonliqda noturar yer maydonini 1 million 81 ming 740 AQSH dollariga sotishga urinildi (+video)

11:29 28 Mart 2025 Jamiyat
110 0

Boʻstonliq tumanida yer maydonlarini noqonuniy sotish bilan bogʻliq bir nechta holatlar fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlar natijasida qator shaxslarning qonuniylashtirilmagan yer savdosi bilan shugʻullangani aniqlandi.

Jumladan, tumanda yashovchi 1980 va 1988-yillarda tugʻilgan ikki nafar shaxs, tuman hokimligi tomonidan bogʻdorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan shirkatning aʼzolariga ajratilgan 20 sotix yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming AQSH dollari olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ular bilan birgalikda harakat qilgan va oʻzini yer uchastkasining egasi sifatida tanishtirgan 1964-yilda tugʻilgan fuqaro ham ushbu mablagʻni olgan vaqtda qoʻlga olindi.

Boshqa bir holatda esa, 1996-yilda tugʻilgan shaxs, oʻzining qarindoshiga ajratilgan va Chirchiq daryosining muhofaza hududida joylashgan 36 sotix yer maydonini 150 ming AQSH dollariga sotish boʻyicha kelishib, qoʻshimcha ravishda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yana 10 ming dollar talab qilgan. U jami 160 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Yuqoridagi holatlardan tashqari, Toshkent shahrida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan shaxs, boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, Boʻstonliq tumanida joylashgan va 8 nafar fuqaroga tegishli boʻlgan 72,6 sotix noturar yer maydonini har bir sotixini 14,900 AQSH dollaridan baholab, umumiy 1 million 81 ming 740 AQSH dollariga sotishga uringan. Shuningdek, yerni turar joy toifasiga oʻtkazib, koʻp qavatli uy qurish uchun ruxsat olib berishni vaʼda qilib, bu uchun qoʻshimcha 10 ming AQSH dollari talab qilgan. U tezkor tadbir chogʻida 110 ming AQSH dollarini olgan paytda ushlangan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan tegishli jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari amalga oshirilmoqda. Mazkur holatlar yer resurslaridan foydalanishda shaffoflikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi qatʼiy kurash olib borish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер