Boshpanasi bor kishining — baxti toʻkis

17:02 11 Iyul 2020 Jamiyat
980 0

Uchquduqlik Gulnozaxon Zoirova toʻqqiz yildan buyon ijara uyda yashaydi. Ikki farzandi bor.

— Bola parvarishi bilan besh yil uyda oʻtirdim. Hozirda turmush oʻrtogʻim bilan NKMKning Shimoliy kon boshqarmasida ishlaymiz, — deydi u. — Ammo, ijara toʻlovi tufayli uy-joy olish uchun mablagʻ yigʻishning imkoni boʻlmadi. ( Buni ijarada yashayotganlarga yaxshi bilishadi). Subsidiya haqidagi hukumat qarori chiqqach, yaxshi niyatlar bilan Uchquduq tumani Davlat xizmatlari markaziga bordim. Markaz xodimlari koʻmagi bilan barcha hujjatlarni yigʻib, mana uyning boshlangʻich toʻlovi uchun 29 million soʻm pul ajratildi.

Davlat xizmatlari markazidan subsidiya olish toʻgʻrisidagi xabarnoma olgan fuqarolardan yana biri Ulugʻbek Yoʻlchiyevning aytishicha, dastlab ariza tashlaganida “kam taʼminlangan oilalarga subsidiya olishga yoʻl boʻlsin”, deya yaqinlari ishonchsizlik bildirgan ekan.

— Endi, ularga baralla ayta olaman, davlat tomonidan 29 million soʻm mablagʻ qaytarmaslik sharti bilan uy-joy olishimga ajratildi, — deydi U. Yoʻlchiyev. — Aslida oʻsha yaqinlarimning ham menga buncha pulni berishiga imkoniyatlari yoʻqligini yaxshi bilaman. Davlatning fuqaroparvarligi  shuncha boʻlar-da!
 

Ulugʻbek Yoʻlchiyevning oilasida uch farzand tarbiyalanyapti, turmush oʻrtogʻi ishlamaydi. Xursandligidan xabarnomani olishga eru xotin birga kelishibdi.

— Ayni kunda markazimizga subsidiya olish uchun 38 ta murojaat tushgan, — deydi Uchquduq tuman DXM direktori Umarqul Xudoyqulov. — Ishchi guruh xulosasiga asosan shu kunga qadar ijtimoiy mezonlarga muvofiq 4 nafar arizachi oʻz xabarnomalarini olib ketishdi.

Taʼkidlash joiz, maxsus komissiya tuman hokimligi, moliya, soliq, bank, kadastr, Yoshlar ittifoqi, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, bandlik, ichki ishlar tizimidan vakillaridan iborat. Subsidiya olish uchun arizalar esa Davlat xizmatlari markazlari tomonidan va my.gov.uz portali orqali elektron tarzda joriy yilning 1-oktyabriga qadar qabul qilinadi.

Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер