Bolgariyada kurash boʻyicha sovrin jamgʻarmasi 25 ming yevro boʻlgan xalqaro turnir yakunlandi
+90 kg. vazn toifasi finalida nomdor polvonimiz Muhsin Hisomiddinov oʻzidan salkam 70 kiloga ogʻir boʻlgan sportchiga qarshi gilamga tushdi.
Xabar berganimizdek, 28-29-may kunlari Bolgariyaning Burgas viloyati Ruin shaharchasida kurash boʻyicha xalqaro turnir tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilgan ushbu musobaqaning sovrin jamgʻarmasi 25 ming yevrodan iborat edi.
Musobaqa Yevropa kurash oilasida katta qiziqish uygʻotdi. Buni kurash gilamlarida sportning yakkakurash turlaridan nafaqat Yevropa, balki jahon chempionlari bellashganidan ham bilib olish qiyin emas. Ana shunday polvonlardan biri ruminiyalik Iliye Daniel Natea boʻlib, u dzyudo va sambo boʻyicha jahonning eng nomdor sportchilaridan biri sanaladi. Bu roʻyxatga yana bolgariyalik 165 kilolik taniqli polvon Ashim Aylin, Tokio-2020 Olimpiada oʻyinlari sovrindori (ayollar kurashi), Bolgariya faxri Evilina Nikolova, ukrainalik isteʼdodli sportchi, dzyudo boʻyicha kadetlar va kattalar oʻrtasida Yevropa chempioni Yelizaveta Litvinenko va boshqa taniqli sportchilarni qoʻshish mumkin.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda soʻzga chiqqan mahalliy hokimlik vakillari kurash sport turining gumanizm gʻoyalariga yoʻgʻrilganligi, uning salomatlikni mustahkamlashdagi oʻrni haqida alohida toʻxtalib oʻtishdi. Shu bilan birga, oʻzbek kurashi Olimpiya oʻyinlariga kirish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega ekanligini ham eʼtirof etish barobarida Bolgariya tomoni bu yoʻlda biz bilan hamfikr ekanini aytib oʻtishdi.
Musobaqa Bolgariyaning Burgas viloyatidagi Ruin shaharchasida oʻtkazilishida ham ramziy maʼno bor. Chunki, tub aholisi asosan turklar boʻlgan bu hududda aholi orasida azaldan yakkakurash turlariga qiziqish kuchli. Jumladan, Bolgariyaning birinchi Olimpiya chempioni Nikola Stanchev ham shu zamindan yetishib chiqqan.
Mazkur hududda har yakshanbada turk kurashi, yunon-rum kurashi va boshqa sport turlari boʻyicha xalq sayllari oʻtkazib turilishi odatiy tusga kirgan ekan, bir soʻz bilanaytganda Ruin shaharchasi Bolgariyaning polvonlar maskani ekan.
Kurash boʻyicha xalqaro turnirda 20 ga yaqin davlatdan 100 nafarga yaqin saralangan sportchilar ishtirok etdi. Eng qizgʻin bahslar erkaklar oʻrtasida +90 kg. vazn toifasida kechdi. Unda gʻoliblik uchun bir emas, kamida uch nafar munosib nomzod bor edi. Bular — kurash boʻyicha Osiyo oʻyinlari gʻolibi, qitʼa va jahon chempioni Muhsin Hisomiddinov, rumin Iliye Daniyel Natea, bolgariyalik Ashim Aylin edi.
Murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida finalga Muhsin va Natea chiqib keldi. Oldinga oʻtib aytish kerak, ruminiyalik polvon ham boʻy, ham vazn borasida raqibidan katta ustunlikka ega edi. 198 kilo tosh bosgan Iliyening boʻyi ham 2 metrdan oshardi. Bunday raqibni koʻtarib urish tugul joyidan siljitish ham oson emas, shunga qaramay Muhsin bir chala ishlashga muvaffaq boʻldi. Ammo, oʻzi yonbosh tushib qoldi va yakunda bosh sovrin ruminiyalik sportchiga nasib etdi.
Musobaqa Nizomiga koʻra, gʻoliblar 2500 yevro, 2-oʻrin sohibi 1500 yevro, ikkita 3-oʻrin egalari esa 500 yevrodan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir gʻolib va sovrindorlari:
Ayollar (-63 kg.):
1. Olga Drix (Ukraina),
2. Evilina Nikolova (Bolgariya),
3. Eleonora Soatova (Oʻzbekiston),
3. Malika Qahhorova (Oʻzbekiston).
+63 kg.
1. Yelizaveta Litvinenko (Ukraina),
2. Gabriyella Gigova (Bolgariya),
3. Gulasal Haydarova (Oʻzbekiston),
3. Mariya Oreshkova (Bolgariya),
Erkaklar (-73 kg.):
1. Bozidar Temelkov (Bolgariya),
2. Konstantinos Kalatidis (Gresiya),
3. Antoniy Bitzamov (Gresiya),
3. Nikolay Graxmes (Moldova),
-90 kg.
1. Rumen Radev (Bolgariya),
2. Vitaliy Sherel (Ukraina),
3. Ivan Stafanov (Bolgariya),
3. Pol Silviu Balavan (Ruminiya),
+90 kg.
1. Iliye Daniyel Natea (Ruminiya),
2. Muhsin Hisomiddinov (Oʻzbekiston),
3. Xusayn Xusayn (Bolgariya),
3. Ashim Aylin (Bolgariya).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring