Bolaning qulogʻi ogʻriyotganini qanday bilish mumkin?
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Shavkat Amonov bilan suhbat eʼlon qilindi.
— Baʼzi chaqaloqlar tez-tez boshini irgʻitib yigʻlaydi, bu quloq ogʻrigʻi belgisi boʻlishi mumkinmi? Bolaning qulogʻi ogʻriyotganini qanday bilish mumkin?
— Yoʻq, bu quloq ogʻrigʻi belgisi emas. Agar bolaning qulogʻi shamollagan boʻlsa, dastlab burni oqadi, koʻzidan yosh keladi, harorati oshadi, quloq ogʻrigʻi kuchayishi sababli onasini emolmaydi. Agar shunday belgilar boʻlmasdan bosh irgʻitsa, bu boshqa kasalliklardan nishona. Masalan, raxit yoki allergik toshmalar chiqsa ham bola boshini chayqaydi. Bunday vaziyatda bolani pediatr va boshqa tegishli tor mutaxassislar koʻrigidan oʻtkazib, aniq tashxis qoʻyish kerak.
— Quloq pardasi teshilishining sababi nimada, u qayta tiklanadimi?
— Koʻpchilik quloq pardasining teshilishiga faqat jarohat sabab boʻladi, deb oʻylaydi. Biroq bunga jarohatdan tashqari oʻrta quloqdagi oʻtkir yalligʻlanish jarayoni, barotravma, ekssudativ oʻrta otit kabi quloq kasalliklari sabab boʻlishi mumkin. Quloq pardasi teshilmasligi uchun quloq tozalaganda quloq tozalagichni ichkariroq kiritmaslik, quloqqa qattiq baqirmaslik kerak. Burun va burun yondosh boʻshliqlari yalligʻlanishini davolash oʻrta quloq xastaligining oldini olishda muhimdir. Koʻpchilik quloq pardasi teshilsa, tiklanmaydi, deb oʻylaydi. Biroq quloq pardasi jarohatdan soʻng koʻp hollarda tiklanadi. Ammo pardasi teshilib, oʻrta quloqdan yiringli ajralma oqsa, pardaning tiklanishi ehtimoli kam boʻladi.
Quloq pardasi teshilganda uni tiklash amaliyoti — “miringoplastika” yoki timpanoplastika amalga oshiriladi. Shundagina eshitish qobiliyati yana tiklanadi.
— Bolaning burni qonashi nimadan boʻladi?
— Burun qonashi qon ketishi bilan kechuvchi kasalliklar ichida birinchi oʻrinda turadi. Umumiy LOR kasalliklari ichida esa bu xastalik 3-5 foizni tashkil etadi. Burun toʻsigʻi old qismidagi tomir chigali juda yuza joylashganligi sababli burunning tez qonashiga olib keladi va 90 foiz qon ushbu sohadan ketadi. Qon ketishiga yana bir sabab burun ichining shikastlanishi boʻlib, hattoki, bola burnini yengilgina kavlagani uchun ham shilliq qavat jarohatlanishi mumkin.
Burun ichiga yot jism tushishi natijasida ham bolalarning burnidan qon ketadi. Odatda bunday holatda burundan qon ajralma aralash keladi. Bir necha kun yot jism ushbu aʼzo ichida qolib ketsa, bolaning nafas olishi qiyinlashib, undan badboʻy hid kelishni boshlaydi.
— Tomoq ogʻrigʻi virusli kasallikmi yoki bakteriyalar tufayli kelib chiqadimi?
— Kattalarda tomoq ogʻrigʻining 50-95 va bolalarda 70 foizi viruslar tufayli kelib chiqadi: bular adenoviruslar, gripp va gerpes viruslaridir. 20 foizdan kamroq holatlarda tomoqdagi ogʻriqning sababi bakteriyalar, ulardan eng koʻp holatlarda streptokokklar va stafilokokklar boʻlishi mumkin. Qolaversa, oʻta sovuq yoki oʻta issiq harorat, ifloslangan havo, sovuq taomlar va ichimliklar, kimyoviy moddalar, chekish ham tomoq ogʻrigʻiga sabab boʻlishi mumkin. Bu borada eng yaxshi profilaktika – gigiyenaga eʼtibor berishdir. Sogʻlom turmush tarzi organizmning yuqumli kasalliklarga va boshqa kasalliklarga nisbatan yuqoriroq kurashish qobiliyatini taʼminlashi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring