Bolalarning ijtimoiy va ruhiy holatiga taʼsir qiluvchi omillar va ularning yechimlari muhokama qilindi
Joriy yilning 24-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda UNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Raqamli asrdagi bolalar: ijtimoiy va ruhiy farovonlik masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.
Konferensiyada senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xalqaro ekspertlar hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.
Hozirgi axborot texnologiyalari davrida bolalar turli ijtimoiy, hissiy va ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqda.
Tahlillarga koʻra, maktab davridagi bolalarning 10-20 foizi ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolarga uchramoqda va bunday muammolarning yarmi oʻn toʻrt yoshga toʻlgunga qadar rivojlanmoqda. Bu holat maktabdagi bolalar uchun ruhiy farovonlik masalasi naqadar dolzarbligini va muhokama qilish muhimligidan darak beradi.
Bunday vaziyatda maktablar bolalar hayotidagi asosiy tizimlardan biri sifatida oʻz faoliyati koʻlamini kengaytirishi hamda bu kabi muammolarni hal etishda ishtirok etishi lozim.
UNISEF hisobotiga koʻra 15-24 yoshdagi yoshlar Internetga eng koʻp kirish imkoniyatiga ega boʻlgan yosh guruhidir. 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar butun dunyo boʻylab Internet foydalanuvchilarining uchdan bir qismini tashkil qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra mamlakatimizda Internet foydalanuvchilarining 65 foizini 14-30 yoshdagilar tashkil etmoqda va Internet orqali zararli kontent tarqatilayotgani yoshlarning dunyoqarashi va xulq-atvoriga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Mazkur holat jamiyatning manfaatlariga nisbatan real tahdidga aylanish xavfini keltirib chiqarmoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati yoshlar ekanligi inobatga olinsa, ularning bu maydondan xavfsiz va samarali foydalanishi nihoyatda muhimligi kun tartibiga dolzarb masala sifatida chiqadi.
Konferensiyada Oʻzbekistonda bu borada diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.
Jumladan, yoshlarni intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol toptirish, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash, uy-joy bilan taʼminlanish, ishga joylashish, dam olishga doir huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi belgilandi.
Prezidentning 2023-yil 11-sentabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida taʼlim tizimini yangi marralarga yuksaltirish, bolalarning kompyuter savodxonligini erta rivojlantirish, taʼlim uchun qulay muhit dasturini joriy etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, Prezidentning 2023-yil 19-iyundagi qarori bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligiga oʻquvchilarda oʻzini oʻzi boshqarish, murakkab hayotiy vaziyatlarni yengib oʻtish koʻnikmalarini shakllantirish, depressiya, xavotirli holatlar va suitsidlarning oldini olish boʻyicha maxsus ijtimoiy-emotsional oʻquv soatlarini (Social Emotional Learning, SEL) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maktab dasturidagi mavjud fanlar va darsdan tashqari jarayonlar doirasida yoʻlga qoʻyish vazifalari ham belgilandi.
Konferensiyada soha vakillari, olim va ekspertlar tomonidan raqamli texnologiyalar davrida oʻsmirlarning ruhiy salomatligi va ijtimoiy farovonligiga taʼsir etuvchi omillarni tahlil qilish, bu jarayonda bolalarning ijtimoiy faolligi, rivojlangan davlatlardagi samarali tajriba, maktablarda raqamli texnologiyalar sharoitida taʼlim uchun qulay muhit yaratish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Oʻsmirlarni ijtimoiy tarmoqdagi faolligi, virtual makondagi imkoniyatlar va tahdidlar, shuningdek, ularning hissiy va ruhiy holatiga taʼsirini ilmiy tahlil qilish, raqamli texnologiyalar sharoitida maktab oʻqituvchilari va ota-onalarning raqamli savodxonligi va malakasi holati, maktablarda psixologik-ijtimoiy muhitni yaxshilash boʻyicha xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalari toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
Shuningdek, maktab oʻquvchilarining ruhiy salomatligi va farovonligiga taʼsir etuvchi omillarni oʻrganish hamda tahlil etish maqsadida 2022-yilda UNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda “Maktabdagi oʻsmirlarning ruhiy salomatligi va psixo-ijtimoiy farovonligi” mavzusida keng qamrovli ilk tadqiqot natijalariga toʻxtalib oʻtildi.
Unga koʻra har toʻrtinchi oʻsmir tashvish va tushkunlikdan aziyat chekadi, har oʻninchi odam ijtimoiy muloqotning yetishmasligi va yolgʻizlikdan aziyat chekadi, oʻsmirlarning 13 foizi tamaki, alkogol va giyohvandlik vositalari va psixofaol moddalarni isteʼmol qiladi, maktab oʻquvchilarining aksariyati psixologik muammolar boʻlganda maktab psixologlariga murojaat qilishmaydi.
Maktablar bolalar va oʻsmirlar ijtimoiy va hissiy rivojlanayotgan muhim davrda ularning koʻpchiligi hayotida muhim rol oʻynash imkoniyatiga ega. Maʼruzachilar taʼkidlaganidek, maktablar targʻibot, profilaktika va reabilitatsiyani oʻz ichiga olgan keng koʻlamli ruhiy salomatlik tadbirlarini amalga oshirib, oʻquvchilar ruhiy salomatligini qoʻllab-quvvatlovchi asosiy tizimlardan biri sifatida faoliyat koʻrsatishi kerak.
Muhokamalarda bolalarni raqamli bilim va koʻnikmalarini oshirish, oʻqituvchi va ona-onalarni raqamli va kompyuter savodxonligini yuksaltirish, maktablarda xavfsiz Internet siyosatini joriy etish, ijtimoiy-psixologik xizmat tizimini tashkil qilish, albatta vakolatli tashkilotlarni bir-biri hamda jamoatchilik bilan hamkorligini kuchaytirish masalalariga alohida urgʻu berildi.
Konferensiya yakunlari boʻyicha maktab muhitini va bolalarning ruhiy holatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring