Bolalarni “akillatib” davolamoqchi boʻlgan defektologga jinoyat ishi ochildi
Ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni “akillatib”, turli soʻkinish va qoʻrqitish usulida goʻyoki davolashga uringan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qilgan.
Avvalroq oʻzini goʻyoki defektolog-psixolog deb atagan D.J duduqlangan bolalarni soʻkinish va qoʻrqitish usulida davolashga uringani aks etgan videoxabar boʻyicha Bolalar ombudsmani 2024-yilning yakuni va 2025-yil yanvar oyida oʻrganish olib borib, bu haqda jamoatchilikka maʼlumot bergandi.
Qayd etilishicha, ombudsman D.J ning ish uslubiga ilmiy va kasbiy baho berish uchun kiritgan soʻrovi asosida malakali defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh oʻtkazgan oʻrganish natijasida, pedagog D.J ning ish usuli mutlaqo ilmiy asoslanmagan, murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuvda ekanligi, D.J ning duduqlanishni bartaraf etishda qoʻllayotgan ruhiy va jismoniy zoʻravonlik usullari bolalarning sogʻligʻi va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi hamda pedagogika qoidalariga butunlay zidligi toʻgʻrisida xulosa berilgan.
Buning asosida Bolalar ombudsmani tomonidan prokuratura organlariga holatga huquqiy baho berish toʻgʻrisida soʻrov kiritilgan va D.J ga nisbatan jinoyat ishi yurituvi olib borilgan.
Shunga qaramasdan, D.J avvalgidek duduqlanishi boʻlgan bolalar bilan oʻzining ilmiy asoslanmagan, defektologiyaga daxli yoʻq amaliyotini davom ettirgani kuzatildi.
Shundan soʻng, D.J ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan 2025- yilning 2-iyun kuni Bolalar ombudsmani Bosh prokuraturaga tegishli soʻrov yubordi. Natijada 25.06.2025-yilda Toshkent shahar, Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror (17.04.2025-yilda chiqarilgan) bekor qilinib, ish hujjatlari tergov harakatlarini olib borish uchun Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimiga yuborilgan.
Joriy yilning 4-iyul kunida esa tergov boʻlimi tomonidan D.J ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring