Bolalarda kasallik qaytalanmasligi uchun qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?
Odatda, kuz-qish mavsumiga xos kasalliklardan koʻproq bolalar aziyat chekadi. Xususan, oʻtkir respirator virusli infeksiyalarni yuqtirish holatlari ham kichkintoylarda 4-5 barobar koʻproq uchrashi bejiz emas. Chunki oʻgʻil-qizlarda immunitet kattalarga nisbatan zaifroq shakllangan boʻladi.
Eng yomoni, endi xastalikdan tuzalgan bolajonlarning qaytadan shamollab, yana toʻshakka mixlanib qolishi ularning oʻzini ham, ota-onalarini ham holdan toydirishi tabiiy.
Xoʻsh, bunday holatlarning oldini olish uchun qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?
— Oʻtkir respirator kasalliklarni chaqiruvchi viruslarning 200 dan ziyod turi aniqlangan, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Doʻstmuhammedova. — Shulardan adenovirus, gripp A bolalar orasida, ayniqsa koʻp uchraydi.
Xastalik bir toifa oʻgʻil-qizlarda shunchaki tumov, boshqalarda pastki nafas yoʻllari yalligʻlanishi, yana baʼzilarda esa yoʻtal, harorat koʻtarilishi kabi belgilar bilan kechadi.
Oqibatda immuniteti zaif oʻgʻil-qizlarda kasallik ogʻir asoratlar qoldirish xavfi ham mavjud. Masalan, virus yuqori nafas yoʻllari orqali yuqib, bronxit kasalligiga olib kelishi mumkin.
Buyrak, yurak faoliyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli bor. Eng yomoni, virusli infeksiyalardan soʻng meningit va meningoensefalit kasalliklari shakllanishi va rivojlanishi mumkin.
Shu bois, profilaktik choralar muhim. Hammasi, avvalo, sogʻlom turmush tarzi bilan bogʻliq. Bola toʻgʻri ovqatlanishi, oʻz vaqtida uxlashi, jismoniy chiniqishi lozim. Shundagina immunitet mustahkamlanadi.
Masalan, 1 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻzlari mustaqil ravishda jismoniy mashqlarni bajara olmaydi. Demak, ota-onalari, tarbiyalovchilari ularni chiniqtirishi zarur. Turli uqalash muolajalari ham bu jarayonda juda foydali. Bolaning tanasida qon aylanish tizimi faoliyati yaxshilanadi.
Jajji bemorlar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi. Lekin baʼzi ota-onalar farzandi shifoxonadan chiqishi bilan uni bogʻchaga, maktabga joʻnatishadi. Aholi gavjum joylarga, mehmonga olib borishadi. Vaholanki, bunday paytda hali organizm toʻliq tiklanmagan boʻladi.
Oqibatda avvalgiday quvvatga kirib ulgurmagan bola tashqi muhitda yangi virusga duch kelib, qaytadan kasallanib qolishi mumkin. Shunday ekan, oʻgʻil-qizlarning xastalikni yengil darajada oʻtkazishida ota-onalari, yaqinlari koʻmagi nihoyatda zarur. Bunday paytda yanada eʼtiborli boʻlish talab etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring