Bolalar tashabbuskorligi va yetakchilik salohiyatining yorqin ifodasi
Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda bolalarga eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlib, ularning har tomonlama rivojlanishi, iqtidori va yetakchilik qobiliyatini roʻyobga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbari boshchiligida bolalarning huquqlari, qiziqishlari va imkoniyatlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilda Oʻzbekiston bolalar tashkilotining 24-anʼanaviy anjumani yuqori saviyada tashkil etildi.

2024-yil 15-16-fevral kunlari Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida ilgari surilgan tashabbus — Oʻzbekiston bolalar tashkilotini tuzish gʻoyasi katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega boʻldi. Mazkur tashabbus doirasida tashkil etilgan bolalar tashkiloti bugun yurtimiz miqyosidagi oʻziga xos faol va tashabbuskor bolalar maydoniga aylanmoqda. Tashkilot bolalarning iqtidori, har tomonlama kuchli va zukko boʻlib voyaga yetishida muhim platforma vazifasini ham oʻtamoqda.

Joriy yilning iyun oyi boshida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da boʻlib oʻtgan 24-anʼanaviy anjuman bolalarning faol ishtirokida oʻtdi. Respublika miqyosidagi 384 mingdan ortiq sardorlar orasidan saralangan eng faol va iqtidorli 330 nafar Oʻzbekiston bolalar tashkilotining “Bolalar harakati” sardori, tashkilot faollari hamda yil davomida tashkil etilgan loyiha va tadbirlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan bolalar mazkur anjumanda qatnashdi.

Anjumanda nafaqat bolalar, balki ularning faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar, murabbiylar, pedagog va davlat idoralari vakillari ham ishtirok etib, bolalarning taklif va tashabbuslarini tinglandi, bir soʻz bilan aytganda, ularni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Anjuman doirasida bolalar uchun turli xil tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, bolalarning yetakchilik qobiliyati, tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligi baholash, yurtimizdagi koʻp millatlilik va bagʻrikenglik anʼanalari targʻib qilish, bolalarning intellektual salohiyatini oshirish, bolalarning ijodiy fikrlash qobiliyati, sahna mahoratlari namoyon qilishi uchun zamin yaratish maqsadida “Eng namunali “Bolalar harakati” sardorlari” tanlovi, “Xalqlar doʻstligi kuni” festivali, “Zakovat” intellektual oʻyini hamda “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvlari oʻtkazildi.

— Bolalar anjumani doirasida mahoratli trenerlar tomonidan bolalarda muloqot, jamoada ishlash, taym-menejment kabi koʻnikmalar shakllantirish maqsadida 10 dan ortiq oʻquv-seminarlar ham tashkillashtirildi, — deydi Oʻzbekiston bolalar tashkiloti boshqaruv kengashi raisi Hasanboy Nabiyev. — Bundan tashqari, har bir hudud sardorlari “Qadriyatlar, urf-odatlar, anʼana va bolalar” festival koʻrgazmalari hamda “Biz keldik” milliy fleshmoblar tanlovida ishtirok etishdi va bu orqali bolalarda milliy gʻoyaga sadoqat, madaniy merosga hurmat tuygʻusi yanada mustahkamlandi.

Anjuman doirasida oʻtkazilgan eng muhim tadbirlardan biri — “Eng namunaviy “Bolalar harakati” sardorlari” respublika tanlovi boʻlib, unda har bir hududdan tashrif buyurgan 14 nafardan iborat Bolalar tashkilotining “Bolalar harakati” sardorlar jamoasi ishtirok etdi. Ishtirokchilar 4 ta shart asosida bellashdi hamda munosib topilgan jamoalar anjumanning yopilish marosimida esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Qayd etish joizki, bu kabi tanlovlar sardorlarda jamoa bilan ishlash, ijodkorlik, masʼuliyat va tashabbuskorlik qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Ularda liderlik salohiyatini baholash, hududlararo hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish imkoniyatlarini yaratadi.

— Men ushbu anʼanaviy bolalar anjumanida ishtirok etayotganimdan juda ham xursandman, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakilasi, “UzChess” yoʻnalishi sardori Sahibjamal Almagʻambetova. — Sababi men bu anjumanda ilk bor qatnashmoqdaman. Anjuman davomida hududlardan kelgan tengdoshlarim bilan yangi gʻoyalar va takliflar yuzasidan fikr almashdik. Ayniqsa, “UzChess” yoʻnalishida bolalar uchun yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik masalalarini ham muhokama qildik.

Darhaqiqat, Sahibjamal kabi faollar bolalar oʻrtasida intellektual salohiyatni oshirish, sport va aqliy oʻyinlarni ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslari bilan ajralib turishmoqda. Ularning gʻoyayu tashabbuslari kelgusida umumrespublika darajasida tatbiq etilishi mumkin.

Anjumanning yana bir muhim qismi — “Boʻyinbogʻsiz kun: Rahbar va bolalar” uchrashuvi boʻldi. Uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxonova hamda Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova va boshqa tashkilot vakillari ishtirok etib, bolalarning fikr va takliflarini tingladi.

Taʼkidlash lozimki, bolalar tomonidan taqdim etilgan 50 ga yaqin ijtimoiy, ekologik va taʼlimga doir loyihalar muhim va amaliy yechimlarga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi. Bolalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga bevosita va ochiq javoblar oldi. Bu esa, oʻz navbatida, ularning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Anjuman yakunida oʻtkazilgan tanlov va baholash natijalariga koʻra, hududlardan kelgan sardorlar jamoasi bir qator nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topildi hamda ularga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Ishonamizki, bunday eʼtiroflar bolalarning yanada faollashishi, kelgusi ishlarda yanada intilish bilan ishtirok etishiga turtki beradi. shu maʼnoda, Oʻzbekiston bolalar tashkilotining 24-anʼanaviy anjumani mamlakatimizda bolalarga qaratilgan eʼtibor, ishonch va ularning imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga boʻlgan saʼy-harakatlarning yorqin ifodasi boʻldi, desak, mubolagʻa emas. Albatta, bu kabi anjumanlar yosh avlodning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, ularning orzu-intilishlariga yoʻl ochish, ijtimoiy faolligini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring