Bolalar ombudsmani qator majburiyat va vakolatlarga ega boʻlmoqda

12:36 09 Fevral 2024 Siyosat
252 0

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʻzi”

Senatning elliginchi yalpi majlisida senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdilar.

Hujjat bilan Bola huquqlari boʻyicha vakil faoliyatining qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, xolislik, ochiqlik va bola huquqlarining ustuvorligi kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimiga saylanish kuni yigirma besh yoshga toʻlgan va kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi 5-yil muddatga Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan saylanishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Qonunda Bolalar ombudsmanining asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari aniq belgilanmoqda.

Qonunga bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari Bola huquqlari boʻyicha vakil bilan kelishilishi majburiy tartib sifatida kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Bolalar ombudsmani maʼruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda. Bolalar ombudsmani bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganini aniqlanganda, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga taqdimnomalar kiritishi mumkinligi aks ettirilmoqda.

Bola huquqlari boʻyicha vakiliga oʻz faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanish vakolati berilmoqda.

Shuningdek, Qonunda Bola huquqlari boʻyicha vakilning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari tayinlanishi belgilanmoqda.

Qonunning yana bir muhim jihati. Bolalar ombudsmani bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga koʻmaklashishi, bolaning manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan normalarni qabul qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli takliflar kiritib borishi ham nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida hamda ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida turgan bolalar yozma shakldagi murojaatlarini Bola huquqlari boʻyicha vakilga yuborishi mumkinligi belgilanmoqda.

Senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi bolaning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida Bolalar ombudsmanining davlat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kuchayishiga, bolaning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy huquqlarining taʼminlanishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Muhokamalar yakunida Qonunni maʼqullash haqida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер