Bolalar huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi

Bugun Toshkent shahrida bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga bagʻishlangan xalqaro forum oʻz ishini boshladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Senat Raisi Tanzila Narbayeva bolalar huquqlarini taʼminlash va ularning har tomonlama barkamol rivojlanishi har qanday jamiyat barqaror taraqqiyotining asosiy poydevori ekanini taʼkidladi.
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasida mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunlar, mintaqamiz uchun noyob boʻlgan “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Parlamentimizda Bolalar huquqlari boʻyicha vakilning mustaqil instituti faoliyat olib boradi, u har yili bolalarning ahvoli va qonunchilik holati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
Keng koʻlamli institutsional islohot amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy himoya agentligi tashkil etildi, bolalar huquqlari boʻyicha hududiy vakillar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, Bosh vazir va hokimlar rahbarligida bolalar ishlari boʻyicha komissiyalar joylarda faoliyat koʻrsatmoqda.
Taʼkidlanishicha, mamlakatlarimiz kelajagi bevosita bolalar huquqlarini qanchalik samarali himoya qila olishimizga, ularning har tomonlama taʼlim-tarbiya olishi va salomatligi uchun sharoit yaratib berishimizga bogʻliq. Shu bois forum doirasida nafaqat milliy tajriba, balki qoʻshma tashabbus va saʼy-harakatlar muhokama etilayotgani alohida ahamiyatga ega.
Senat Raisi nutqida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari oʻrtasidagi maslahat uchrashuvlari hamkorlikning samarali platformasiga aylangani qayd etildi. Ushbu jarayon asosida Parlamentlararo forum, Yetakchi ayollar muloqoti, Yoshlar muloqoti, shuningdek, mintaqaviy dolzarb vazifalarni hal etishga qaratilgan qator tuzilmalar tashkil etilgani taʼkidlandi. Shu maʼnoda, Bolalar huquqlari boʻyicha vakillarning mintaqaviy platformasi yaratilayotgani muhim qadam sifatida qayd etildi.
Forumdan koʻzlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlarining muloqoti va oʻzaro hamkorligi uchun samarali mintaqaviy platforma yaratishdir.
Ushbu platforma bola huquqlarini himoya qilish sohasida konstruktiv tajriba almashishga, umumiy muammolarni samarali hal etishga, mintaqaviy va transmilliy tahdid hamda chaqiriqlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bolalar ombudsmanlari institutlari salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forum kun tartibidan mintaqadagi bolalar vaziyatining milliy monitoringini olib borish, Internet makonida bolalar xavfsizligini taʼminlash, bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha shakllarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar yaratish hamda bolalarning odil sudlovdan foydalanishini taʼminlash kabi masalalar oʻrin olgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring