Bolalar himoyalangan va xavfsizligi taʼminlangan jamiyatda yashashi lozim — Bolalar Ombudsmani

13:38 04 Fevral 2023 Jamiyat
874 0

Yangihayot tumanidagi 12 yashar qizning ayanchli oʻlimi barchani chuqur qaygʻuga soldi. Internet olamidagi muhokamalar, xalqning gʻazabi va albatta yoshgina qizaloqning nobud boʻlgani mamlakatimizda bolalar xavfsizligini toʻliq taʼminlanmaganligini koʻrsatadi.

Bu holatda qizcha begona shaxs tomonidan zoʻravonlikka uchragan. Shaxsan menga yuborilayotgan murojaatlar orasida oila aʼzolari, buvasi, oʻgay akasi yoki oʻgay otasi tomonidan muntazam jinsiy zoʻravonliklarga uchrayotgan bolalar ham topiladi. Hatto 4–9, 10–14 yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonliklar amalga oshirilyapti.

Albatta, bu juda achinarli holat. Bunday murojaatlarni oʻqish juda ogʻir. Axir bolalar himoyaga muhtoj-ku. Bu holatlarni oʻzimiz nazoratga olib, Bosh prokuraturaga rasmiy xat bilan murojaat qilyapmiz.

Bolalarga nisbatan qoʻllanadigan jinsiy zoʻravonliklarga beriladigan jazo turini kuchaytirish orqali yuqoridagi holatlarga barham bergan boʻlamiz. 

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston 1995-yil 31-avgustda «1966-yil 16-dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktga doir fakultativ bayonnoma”ga qoʻshilgan. Ushbu hujjatga asosan mamlakatimizda oʻlim jazosi bekor qilingan va bu davlatimizning xalqaro majburiyati hisoblanadi. 

Shunday ekan, Bolalar Ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik qilgan shaxslarga eng ogʻir jazo turi qoʻllanilishi hamda ularga hech qanday amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish qoʻllanmasligi kerak degan pozitsiyada turibdi.

Bolalar Ombudsmani murojaatlar tahlili va oʻtkazgan oʻrganishlari davomida takliflar tayyorlab, tegishli tashkilotlarga yuborilgan. Bundan tashqari, bolalarga yaratilgan sharoitlarni oʻrganib, aniqlagan kamchiliklar boʻyicha tavsiyalar berilgan.

Lekin, shu bilan birgalikda, bolalar shaxsan oʻzlari Bolalar Ombudsmaniga murojaat yuborishlari uchun qisqa ishonch telefonlari faoliyatini zudlik bilan yoʻlga qoʻyish lozim.

Bogʻcha, maktab va boshqa muassasalarda bolalarning ruhiy holatini oʻrganadigan mutaxassislar soni va malakasini oshirish kerak. Sudya, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va advokatlarning bola huquqlari kafolatlari boʻyicha ixtisoslashuvini kuchaytirishimiz zarur.

Bolalarni ham zoʻravonlikka uchraganda, oila aʼzolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirish kerak.

Aslida bu kabi voqealar bizga bolalar himoyasini yanada mustahkamlashga undashi va masʼuliyatimizni yanada oshirishi, ushbular orqali, bolalarni, ularning huquqlari himoyalangan va xavfsizligi taʼminlangan jamiyatda yashashini taʼminlashimiz kerak.

Aliya Yunusova,

Bola huquqlari boʻyicha vakil.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?