Boks afsonasi 76 yoshda vafot etdi

Boks olamidagi afsona, Olimpiada chempioni va jahon rekordchisi Jorj Forman 76 yoshida hayotdan koʻz yumdi. Uning vafoti 2025-yil 21-mart kuni yaqinlari ishtirokida roʻy bergani oila aʼzolari tomonidan maʼlum qilindi. Rasmiy bayonotda uning oʻlimi qarilik bilan bogʻlanmoqda. “Qalbimiz chirparchin. Jorj oddiy, sevimli oila boshligʻi, buyuk inson edi”, deyiladi Formanlar oilasi murojaatida.
Jorj Formanning sportdagi yoʻli buyuk muvaffaqiyatlarga boy. U 1968-yil Mexikoda oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida chempionlikni qoʻlga kiritgan. 1973-yilda esa superogʻir vazn toifasida professional boks boʻyicha jahon chempioniga aylangan. U oʻsha yillarda yana bir afsona Jo Freyzerni ikkinchi raundda nokautga uchratgan. 1974-yilda esa tarixga “Rumble in the Jungle” nomi bilan kirgan jangida Muhammad Ali bilan toʻqnash kelib, magʻlubiyatga uchragan va boksdan vaqtincha ketgan.
Shunga qaramay, Forman oʻzida kuch topib, 1987-yilda — 38 yoshida — professional boksga qaytadi. 1994-yilda esa 45 yoshida Maykl Murerni magʻlubiyatga uchratib, tarixdagi eng keksa ogʻir vazn chempioni sifatida rekord oʻrnatadi. Bu rekord hanuzgacha yangilanmagan. U 1997-yilda 76 ta gʻalaba (68 ta nokaut), 5 magʻlubiyat bilan professional faoliyatini yakunlagan.
Boksdan keyingi hayotida ham Forman muvaffaqiyatga erishdi. U “George Foreman Grill” brendini asos soldi va tadbirkor sifatida katta obroʻga ega boʻldi. U besh marta uylangan, 12 nafar farzandning (5 oʻgʻil, 7 qiz) otasi boʻlgan. Jorj Forman nafaqat sportda, balki hayotida ham iroda va sabr-matonat namunasi boʻlib qoldi. Uning xotirasi millionlab muxlislar qalbida saqlanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring