Bogʻishamollik badavlat odamlar
Shahnoza Berdiyeva yoshligidan tikuvchilikka ixlos qoʻygan. Bu havas dastlab uyida mijozlarga buyurtma asosida turli liboslar tikib berishga undagan boʻlsa, keyinchalik hunarmand sifatida roʻyxatdan oʻtib, yoniga ikki-uchta shogirdlarini ham chorladi.
Imtiyozli kredit evaziga tikuv mashinalarini xarid qildi. Tuman markazidan boʻsh turgan binolardan birini ijaraga olib, faoliyatini kengaytirdi. Qarabsizki, ishi jonlanib ketdi. Bugungi kunda u rahbarlik qilayotgan tikuvchilik sexida oʻzi bilan birga yana yetti nafar chevar ishlamoqda. Buyurtmalar koʻpligidan ularning qoʻli-qoʻliga tegmaydi.
—Asosan ayollar va kelinlar libosini tikamiz, — deydi Chiroqchi tumanidagi Bogʻishamol mahallasida faoliyat olib borayotgan Shahnoza Berdiyeva. – Har bir tikuvchi bajargan ishiga qarab oyiga toʻrt-besh million soʻmdan maosh olmoqda.

Shu mahallalik Saodat Qoʻyliyevaga quroqchilikda teng keladigani yoʻq. Uning qoʻlida sayqal topgan bejirim va nafis buyumlarga talab ortib bormoqda.
—Bu hunar menga momolarimdan oʻtgan, — deydi u. — Ikki yil avval mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi asosida imtiyozli kredit olib, zarur anjomlarni xarid qildim. Yonimga yana ikki nafar chevar ayolni chorlab, oʻndan oshiq turdagi quroqchilik buyumlarini tayyorlashni boshlab yubordik.
Saodat Qoʻyliyevaning ayni vaqtda shogirdlari soni 16 taga yetdi. Bu esa tadbirkorni yana qoʻshimcha tikuv mashinalari xarid qilib, faoliyatini kengaytirishni taqozo etmoqda.

—Mahallamiz tuman markazida, gavjum hududda joylashgan, — deydi “Bogʻishamol” MFY raisi Ozoda Jumayeva. — Shu bois ham aholining koʻpchiligi savdo va xizmat koʻrsatish turlari bilan bogʻliq tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishgan. Ayollarimiz bu borada juda faol. Ular tikuvchilik, kashtadoʻzlik, quroqchilik kabi hunarlarni elga yoyib, odamlar duosini olishmoqda. Shu bilan birga qandolatchilik, novvoylikda ham ular benazir. Bir soʻz bilan aytganda, kichik tadbirkorlik mahallamizning asosiy drayveriga aylangan. Bu yerda hech kim bekor oʻtirmaydi. Harakat esa baraka keltirmoqda.

—Olti sotix tomorqamiz bor, — deydi Hasan Xurramov. – Roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini ekamiz. Bundan tashqari, chorva boqamiz. Tovuq, quyon parvarishlaymiz. Xullas, meva-cheva-yu, goʻsht, tuxum, qatiq-sutgacha oʻzimizdan chiqadi. Isteʼmoldan ortganini bozorda sotamiz.
Mahallani aylanar ekanmiz, bunyodkorlik, zamonaviy uy-joylaru yirik tadbirkorlik obyektlari qad rostlab turgani diqqatimizni tortdi. Bu mahalla ahlining tadbirkorligi, tashabbuskorligi, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, yaxshi daromad topayotgani va pirovardida farovon turmush kechirayotganidan darak berib turibdi.
Jahongir BOYMURODOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Yanvar oyida yuz nafardan ortiq amerikalik oʻqish uchun Oʻzbekistonga keldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring