Bog‘dodda belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston kubogi yakunlandi, endi navbat hokim kubogi bellashuvlariga

22:47 09 Oktyabr 2021 Sport
479 0

Foto: "Xalq so‘zi"

8 -9 oktyabr kunlari Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabida belbog‘li kurash bo‘yicha 2003-2004 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bellashuvlari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasining yillik – taqvim rejasidagi mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 300 nafarga yaqin yosh polvonlar g‘oliblik uchun kurash tushishdi. Mamlakat kubogida o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishlarida 11 ta vazn toifasida, qizlar esa erkin yo‘nalishda 7 ta vazn toifasida sovrinli o‘rinlar uchun bellashdi.

Ikki kun davom etgan bellashuvlar yakunida klassik yo‘nalishda o‘g‘il bolalar o‘rtasida farg‘onalik Oybek Sodiqov, Bunyod Rasulov, Hayotbek Kamoliddinov, Fayozbek Abdug‘afforov, Oybek Muhammedov, Bahodir Mehmonov, namanganlik Jamoliddin Neʼmatullayev, Ismoil Umrzoqov, Murodjon Sobirjonov, andijonlik Hasanboy To‘xtasinov va Bekzod Kamoliddinov o‘z vazn toifasida g‘oliblikka erishdi.

Erkin yo‘nalishda esa namanganlik Quvonch Ermuxammedov, Nodirbek Turg‘unpo‘latov, Jahongir Nizomiddinov, Toshkent viloyati vakillari Amirxon Abduqahhorov, Shahzod Usmonov, andijonlik Ahmadali Soliyev, buxorolik Toshpo‘lat Asadov hamda mezbon sportchilar Shoxjahon Mamatkarimov, Hasanboy Abdusobirov, Inomjon Yangiboyev va Bobur Madaminov g‘oliblikka erishdi.

Qizlar o‘rtasida qoraqalpog‘istonlik Moldir Alimbayeva, Lazzat Tolipbergenova, namanganlik Zulayxo Abdujabborova, Yasmina Sodiqova, Qizlarxon Husanova, sirdaryolik Yulduz Abdullayeva va mezbonlar vakili O‘g‘iloy Salimova o‘z vazn toifasida g‘olib chiqdi.

Bellashuv yakunida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan medal, diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.

10 oktyabr kuni Bog‘dod tumanidagi BO‘SM stadionida belbog‘li kurash bo‘yicha yana bir qizg‘in bellashuv o‘tkaziladi. Shu kuni Bog‘dod tumani hokimi sovrini uchun kattalar o‘rtasida 60, 70, 80, 90, +90 kg. vazn toifalari bo‘yicha ochiq turnir tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?