Bobosining qabrini topgan Ishixara Juyunichi

Qoʻqon shahridagi yapon qabristonida dafn etilgan Ishixara Juyunichining bobosi urushdan qaytmagan. Yaqinlari uni bir umr kutib yashagan. Ikkinchi jahon urushida Germaniya magʻlub etilganidan keyin Sharqiy frontda ittifoqchilar qoʻshinlari Kvantun armiyasini ham magʻlubiyatga uchratdi. 1945-yil 14-avgustda Yaponiya imperatori Xiroxito barcha qoʻshinlarini harbiy harakatlarini toʻxtatib, taslim boʻlishga chaqirdi. Shundan soʻng taslim boʻlgan 500 mingdan ziyod yapon askarlari turli hududlarga surgun qilindi. Ularning 240 nafari Qoʻqon shahridan qoʻnim topdi.
– Bu yerda yapon askarlari xalq xoʻjaligining turli sohalari, xususan, qurilishda mehnat qilgan, – deydi qoʻqonlik tarixchi Yahyoxon Dadaboyev. – Bu shaharda yapon asirlari tomonidan bunyod etilgan inshootlarning aksariyati saqlanib qolgan. Hatto Qoʻqonda yapon qabristoni ham bor.
Bagʻrikeng xalqimiz yapon asirlariga insoniy munosabatda boʻlgan. Ularga doim mehr-oqibat koʻrsatgan.
— Men bobomni koʻrmaganman, — deydi yaponiyalik Ishixara Juyunichi. — Ota-onam bir umr kutib yashaganini yaxshi eslayman. Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi va Qoʻqon shahar hokimligi koʻmagida olib borilgan izlanishlar natijasida bobomning qabrini Qoʻqon shahridan topdim. Elchixonamiz vakillari hamda Qoʻqon shahar hokimi hamrohligida bobomning xotirasiga hurmat bajo keltirib, ruhini shod etdim. Bundan behad mamnunman.
Ishixara Juyunichi bobosining qabridan uzoqlashgisi kelmay, qayta-qayta ortiga oʻgirilib koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.
—Yaqinlarim bobom mohir quruvchi boʻlganini koʻp eslaydi, — deya soʻzida davom etdi Ishixara. — Bugun mazkur shaharda bobom va boshqa hamyurtlar bunyod etgan tabarruk binolarni koʻrib hayratlandim. Bunday noyob inshootlar hozirgi kungacha saqlanib qolgani eʼtiborga loyiq. Bobomni koʻrmagan boʻlsam-da, u kishining kasbiga mehrim tushgan. Men ham qurilish sohasida ishlayman. Bunyodkorlik ishlarida bobomning ruhi doimo menga madadkor. Eʼtiborlisi, yapon va oʻzbek meʼmorchiligida baʼzi oʻxshash jihatlar bor. Aynan, meʼmorchilikda ham sharqona qadriyatlarimiz oʻzaro uygʻunligiga yana bir bor amin boʻldim. Bundan buyon sulolamiz aʼzolari bilan har yili yurtingizga kelib turamiz. Bobom mangu qoʻnim topgan maskan endi biz uchun tabarruk ziyoratgohga aylandi.
Bugungi kunda Fargʻona viloyatining har bir shahar-tumanida tajriba tariqasida ikkitadan maktab tanlab olinib, boshlangʻich sinflarda yapon tajribasi asosida taʼlim-tarbiya berilmoqda. Yaponiyalik mehmonlar Qoʻqon shahrida yapon taʼlim tajribasi asosida faoliyat olib borayotgan maktab faoliyati bilan tanishdi. Maktabda oʻgʻil-qizlarni milliy anʼanalar ruhida tarbiyalab, yapon tili va madaniyatini oʻrgatish borasida erishilayotgan yutuqlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Boshlangʻich sinflarda dars jarayonini kuzatgan mehmonlar yapon taʼlim texnologiyalari asosidagi mashgʻulotlarda ishtirok etib, oʻquvchilar bilan samimiy muloqot qildi. Dars yakunida oʻquvchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Ishixara oʻz yurtiga qaytishdan oldin yana bir bor yapon qabristoniga borib, bobosining qabriga qayta-qayta bosh egib, oʻz ona tilida duolar oʻqidi. Oila aʼzolari, yaqinlari salomini yetkazib taskin topdi. Qabr boshida bir muddat bobosi bilan gʻoyibona suhbatlashdi. Dahshatli urush tugaganiga 80-yil boʻldi, ammo u qoldirgan jarohat, ogʻriqlar izi hali qalblardan butkul oʻchgani yoʻq. Ajdodlar va avlodlar oʻrtasidagi uzviy rishtalar mustahkam boʻlsa, bu tuygʻu abadiy yashaydi.
Botir MADIYOROV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring