Bobosini doʻpposlagan 50 yoshli nevara ozodlikdan mahrum etildi

17:34 02 Aprel 2024 Dunyo
366 0

Illyustrativ foto

Istam Ibrohimov/“Xalq soʻzi”. Hammasi Oʻrinboyning (ism-shariflar oʻzgartirilgan) bobosi Zarif ota xonadoniga mast holda kirib kelishidan boshlandi. Otaxonning kelini Mohiraxon mehmon hurmati uchun dasturxon yozdi. Ovqatga unnadi.

Oʻrinboy noming oʻchgur aroqni oʻzi bilan olib kelgan ekan. He yoʻq, be yoʻq, ichishga chogʻlandi.

— Bolam, yoshing ellikka qarab ketyapti, — nasihat qildi keksalik sabab kuch-quvvatdan qolgan Zarif ota. — Ichishni bas qil. Sen ham bundoq odamlarga oʻxshab yashasang boʻlmaydimi? Tengqurlaring oʻgʻil uylantirib, qiz uzatishyapti, axir.

Otaxonning kuyinganicha bor. Oʻrinboy oilali edi. Ajrashdi. Oʻrtada bir bola tirik yetim qoldi. Ishining ham tayini yoʻq. Oʻzi Navoiy shahrida roʻyxatda turadi. Ammo Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida yashaydi.

— Nuqul ichkilikbozlik qilaverganingdan mahallada ham bosh koʻtarib yurolmay qoldik, — davom etdi otaxon. — Biror bir ish etagidan tutsang hayoting ham izga tushib ketarmidi...

Ammo jon kuydirib aytilayotgan bu soʻzlar shirakayf Oʻrinboyning qulogʻiga kirmasdi. Uning oʻy-xayoli bobosining oʻlimligimga deb yiqqan uch-toʻrt soʻm pulida edi.

— Uy yumushlarini qildim, keyin esa qaynotamdan xabar olgani borayotib, qaynakamning chiqib ketayotganini koʻrdim, — deya guvohlik beradi keyinchalik sudda Mohiraxon. — Xonaga kirsam qaynotam qonga belanib yotibdi. Qoʻrqqanimdan baqirib yubordim. Keyin shosha-pisha u kishidan nima boʻlganini soʻradim.

“Oʻrinboy pul soʻradi. Menda pul yoʻqligini aytgandim, ayamay urdi”, dedi ogʻriqdan ingragan koʻyi qaynotam. Darhol turmush oʻrtogʻimga qoʻngʻiroq qildim.

Shundan soʻng Qorakoʻlning “Chovli” mahallasidagi bu xonadonga “tez yordam” mashinasi yetib keldi. Otaxonga birinchi tibbiy yordam koʻrsatildi. Voqeadan ichki ishlar boʻlimi xodimlari voqif qilindi.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining tegishli xulosasiga koʻra, jabrlanuvchining koʻkrak qafas chap tomon qovurgʻalari singan, chap oʻpkasi lat yegan, bosh miya chayqalishi, chap koʻzidan qon quyilishi holati roʻy bergan, bir necha qovurgʻasi qontalash boʻlgan.

Zarif ota shifoxonada davolandi. Yaqinlarining aytishlaricha, u juda azob chekkan. Ehtimol, uni badanidagi ogʻriqlardan ham qalb jarohati koʻproq qiynagandir. Axir, Oʻrinboy dunyoga kelganida Zarif otachalik quvongan kim bor? Mushtdek nabirasini suyub-erkalagan, sulolamiz davomchisi deb uni yeru koʻkka ishonmagan ham shu otaxon emasmidi?! Oqibat shu boʻldimi?

...Oʻsha mudhish voqeadan roppa-rosa yigirma kun oʻtgach, Zarif ota hayotdan koʻz yumdi.

— Nevaraning oʻz bobosiga qoʻl koʻtargani bilan bogʻliq jinoiy ishni oʻrganayotib, biz ham anchagacha oʻzimizga kelolmay yurdik, — deydi jinoyat ishlari boʻyicha Qorakoʻl tuman sudi raisi Boborahim Ochilov. — Sudda guvohlarning koʻrsatmalari, daliliy ashyolar, chunonchi, Oʻrinboyning spirtli ichimlik isteʼmol qilgani haqidagi maʼlumot, hodisa roʻy bergan joyni koʻzdan kechirish bayonnomasi va unga ilova qilingan suratlar, sud tibbiy ekspertizasining xulosalari bilan ayb oʻz tasdigʻini toʻliq topdi.

Sud Oʻrinboyni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 105-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan, degan xulosaga keldi va unga ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?