Biznes vakillari yurtimizning chinakam fidoyilaridir — Shavkat Mirziyoyev

13:12 20 Avgust 2025 Siyosat
76 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻtgan davrda minglab mikro va kichik korxonalar qisqa muddat ichida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, katta-katta kompaniyalar bilan raqobat qila boshladi.

Masalan, 1 ming 600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard soʻmdan oshirib, birdaniga oʻrta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard soʻmdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qoʻshildi.

Oʻtgan yili aylanmasi 1 trillion soʻmdan oshgan 203 ta korxona bor edi. Bu yilning oʻtgan olti oyida ularga qoʻshimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard soʻmlik marrani zabt etdi.

Biznesni soyadan chiqarish boʻyicha yangi mexanizmlar koʻpaytirilgani hisobiga 139 mingta korxonada ish oʻrinlari 811 mingtaga koʻpaydi, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga yoki 4,6 trillion soʻmga oshirdi.

Oʻtgan yili xususiy sektorda oʻrtacha oylik 4 million soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda 5 million soʻmga yaqinlashdi.

Anʼanaga koʻra, bu yil ham kichik biznes vakillaridan tortib yirik korxonalar rahbarlarigacha – eng ilgʻor va fidoyi tadbirkorlardan 49 nafari davlat mukofotlari, 112 nafari esa “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida ilmi bilan biznesni rivojiga katta hissa qoʻshayotgan olimlar ham bor.

Oʻtgan bir yilda yana 52 nafar ishbilarmon tadbirkorlar, mirishkor dehqon va fermerlar, tashabbuskor investorlar orden va medallar sohibiga aylandi.

“Ayniqsa, homiylik qilib bogʻcha va maktab, shifoxonalar qurayotgan, ehtiyojmand oilalarga koʻmaklashayotgan, yoshlarni qoʻllab-quvvatlayotgan saxovatpesha tadbirkorlarimiz koʻpayib borayotgani bizni quvontiradi.

Oʻgʻil-qizlarimizni sportga jalb qilish uchun katta-katta sharoit qilib berayotgan, ularning jahon va qitʼa chempionatlari, Olimpiya hamda Paralimpiya oʻyinlari, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori choʻqqilarni zabt etishiga koʻmaklashayotgan biznes vakillari yurtimizning chinakam fidoyilaridir”, dedi Prezident.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari butun respublikaning biznes vakillariga oʻzining chuqur va samimiy minnatdorligini izhor qildi va bayram bilan tabrikladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер