Bizdan gʻamxoʻrligini ayamayotgan muruvvatli insonlardan bir umr minnatdorman — Alomatxon Otaxonova
Foto: “Xalq soʻzi”
Namangan viloyatida “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” davlat dasturi ijrosi doirasidagi vazifalardan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi tomonidan yil boshidan buyon ushbu toifadagi shaxslarga 143 dona, shundan 121 tasi elektron yurituvdagi nogironlik aravachalari, 12 ta eshitish moslamalari, 4 ta qoʻltiqtayoq va 2 ta hassa beminnat topshirildi.
— Ushbu ishlarda viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Davlat aktivlari agentligining katta hissasi boʻlganligini taʼkidlab oʻtish oʻrinlidir, — deydi “Mahalla” jamoat fondi Namangan viloyat boʻlimi bosh mutaxassisi Jobirxon Shokirov.— Masalan, yuqorida koʻrsatilgan elektron yurituvdagi aravachalar uchun agentlik homiylik mablagʻlari ajratib berdi. Ular har bir shahar va tumandagi 8-10 nafardan 15-30 yoshlilarga topshirildi. Bu bilan ayni yoshdagi hayotda oʻz oʻrnini topishga harakat qilayotgan insonlarni qoʻllab-quvvatlash, berilgan elektron aravachalar hisobidan oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyish, oʻqishga oʻz vaqtida yetib borishlariga koʻmaklashish, tengdoshlari ishtirokidagi tadbirlarda faol boʻlishlariga yordamlashish koʻzda tutilgan.
Faqat bugina emas. “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarning oilalariga imkon qadar koʻproq yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan “Nogiron shaxslarni zarur dori-darmonlar, tibbiy anjomlar va boshqa reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlashga koʻmaklashish” mavzusidagi grant tanlovlarida ishtirok etib, olingan mablagʻlar hisobidan ham koʻplab fuqarolarga moddiy va maʼnaviy koʻmak berildi.
— Toʻgʻrisini aytsam, nogironligi bor shaxslarning koʻngli yarim boʻlib qolarkan, — deydi Pop tumani “Ultarma” mahallasida yashovchi Alomatxon Otaxonova. — Keyingi vaqtda salomatligim yomonlashib yurishda qiyinchiliklarga duch keldim, na qoʻshnilar, na qarindoshlar bilan diydorlashish imkoniyati yoʻqligidan yolgʻizlanib qolganday boʻlgandim. “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi tomonidan nogironlik aravachasi olib kelishgan kuni koʻnglim birdan yorishib ketdi. Bizdan gʻamxoʻrligini ayamayotgan muruvvatli insonlardan bir umr minnatdorman.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring