“Biz gʻalaba qozonmagunimizcha toʻxtamaymiz” — Isroil Bosh vaziri AQSHning sulh eʼlon qilish taklifini rad etdi

01:07 04 Noyabr 2023 Dunyo
295 0

Foto: GPO / Forum

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni tinch aholini xavfli hududlardan olib chiqish uchun gumanitar sulh tashkil etishga undadi. Isroil hukumati rahbari esa bu taklifni rad etdi.

“Biz gʻalaba qozonmagunimizcha toʻxtamaymiz”, dedi Netanyaxu.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga 2023-yil 3-noyabrda keldi. Bu uning HAMAS Isroilga hujum qilganidan beri uchinchi tashrifi hisoblanadi.

Blinken Isroil rasmiylari bilan uchrashdi va keyin ularni “gumanitar tanaffus” qilishga chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu Gʻazo sektoriga koʻproq gumanitar yordam yetkazilishiga imkon beradigan kelishuv boʻlishi kerak.

AQSH Davlat kotibi Qoʻshma Shtatlar Isroilning HAMASga qarshi aksilterror operatsiyasini qanday olib borayotgani haqida qaygʻurishini aytdi. U, shuningdek, mamlakat Falastin tinch aholisini himoya qilish uchun koʻproq harakat qilishi kerakligini taʼkidladi.

AQSH Davlat kotibi Isroil hukumati Gʻazoni bosib olishni istamasligini toʻgʻridan-toʻgʻri eʼlon qilishi kerakligini va mintaqada tinchlik faqat ikki davlat — Isroil va Falastin doirasida hukmronlik qilishi mumkinligini alohida taʼkidladi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Blinkenga yanada radikal pozitsiyadan javob berdi. Xususan, u barcha garovga olinganlar qoʻyib yuborilmaguncha sulh haqida gap boʻlishi mumkin emasligini taʼkidladi.

“Va bu holatda ham Isroil rasmiylari Gʻazo sektoriga yoqilgʻi olib oʻtishga ruxsat bermaydi”, deya qoʻshimcha qildi u. Bosh vazirning taʼkidlashicha, Isroilning gʻalabasi shunchalik keskin va ravshan boʻladiki, u asrlar davomida aks sado beradi.

Gʻazo sektoridagi qarama-qarshilik shu yilning 7-oktyabr kuni boshlandi. Shu kuni ertalab HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqsa toʻfoni” deb nomlangan harbiy operatsiya boshladi va havodan zarbalar berdi. Minglab jangarilar yahudiylar davlati hududiga bostirib kirib, oʻnlab harbiy texnika va yuzdan ortiq insonni garovga oldi.

Shundan soʻng Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat urush holatida ekanligini eʼlon qildi. Mamlakat mudofaa kuchlarining javob operatsiyasi “Temir qilichlar” deb ataldi va uning maqsadlaridan biri HAMASni yoʻq qilish hisoblanadi.

2023-yil 28-oktyabrda Isroil Gʻazoda quruqlikdagi operatsiyani boshladi. Yaqin Sharqda navbatdagi eskalatsiya boshlanganidan beri Gʻazo sektorida halok boʻlganlarning umumiy soni 9227 nafarga yetdi.

Bu haqda “Al Jazeera” telekanali Falastin anklavining sogʻliqni saqlash vazirligiga tayanib berdi.

Rasmiy idora maʼlumotlariga koʻra, qurbonlar orasida 3826 nafar bola va 2405 nafar ayol bor. Yana kamida 23 516 kishi tan jarohati olgan.

Avvalroq, Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻzining “Telegram” ijtimoiy tarmogʻidagi kanalida 7-oktyabrdan buyon Gʻarbiy Sohilda halok boʻlgan falastinliklar soni 143 nafarga yetganini maʼlum qilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер