Bitta qizni oʻqitsak, butun oilani oʻqitgan boʻlamiz — Shavkat Mirziyoyev

14:35 14 Fevral 2025 Jamiyat
543 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqotda mamlakatdagi oliy taʼlimga qamrov boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samarasi haqida gapirdi.

Ilgari oliy taʼlimda 1 ta oʻrin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi.

Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni 11 karra koʻpaydi.

“Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni oʻqitsak, butun oilani oʻqitgan boʻlamiz. Oila bilimli, maʼrifatli boʻlsa, butun jamiyat bilimli, maʼrifatli boʻladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz”, dedi Prezident.

Oʻtgan 25-yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga oʻqishga yuborilgan boʻlsa, birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi 7-yilda 3 barobar koʻp oʻgʻil-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega boʻldi.

Endi, Yoshlar agentligi xorijda oʻqiyotgan har bir talabaga bosh-qosh boʻlib, ehtiyojlarini aniqlashi, Vatanga qaytib, oʻz oʻrnini topishi, muvaffaqiyatli karyera qilishi kabi masalalarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan teng masʼul boʻlishi belgilandi.

Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni oʻrganishga qiziqish keskin kuchaydi.

Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, yaqinda bilimdon va intiluvchan Parviz Tuksanov SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball toʻpladi. Prezidentimiz uni ushbu natija bilan qizgʻin tabriklab, ota-onasi va oʻqituvchilariga minnatdorlik bildirdi.

Yana bir ibratli misol – “Kitobsevar millat” gʻoyasi asosida yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. Anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovidagi ishtirokchilar soni 6 karra oshib, 3 million nafarga yetdi.

Bir guruh faol yoshlar tomonidan yaratilgan “Mutolaa” loyihasi orqali 1 milliondan ortiq yoshlar kitobxonlar qatoriga kirdi.

Hozirgi tezkor axborot almashinuvi davrida yosh avlod, ayniqsa, bolajonlarimiz uchun milliy kontentlarni yaratish dolzarb vazifadir. Bunday kontentni bogʻcha va maktabdagi taʼlim jarayonlarida namoyish etish orqali yanada ommalashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер