Birinchi xalqaro aviatsiya forumiga hamkorlik uchun qudratli platforma sifatida qaralmoqda

Bugun poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” majmuasida “Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum” (UAALF-2020) birinchi xalqaro aviatsiya forumi boshlandi. Dolzarb mavzuga bagʻishlangan mazkur yirik anjuman davlatimiz rahbarining 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida tashkil etildi.
Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov taʼkidlanganidek, sayyohlik sohasi ravnaqida transport tizimini takomillashtirish eng muhim shartlardan biri boʻlgani uchun ham yurtimizda aviatsiya sohasiga katta eʼtibor qaratilyapti.
Bu borada, xususan, davlat boshqaruvi tizimini yaxshilash maqsadida Transport vazirligi tashkil etildi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tarkibiy jihatdan bir-biridan mustaqil boʻlgan ikkita — “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” kompaniyalariga ajratildi. Ayni chogʻda xalqaro huquq normalariga muvofiq 2019-yilning 1-oktyabridan boshlab “Qarshi”, “Nukus”, “Termiz” hamda “Buxoro” xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilindi. Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish doirasida soʻnggi uch yilda respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi chet el aviakompaniyalari soni 15 tadan 23 taga yetdi.
Oʻtgan davr mobaynida “IrAero”, “FlyDubai”, “Zagros Airlines” singari aviakompaniyalarning mamlakatga yangi yoʻnalishlarda doimiy qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, “Zhejang Loong Airlines Co. Ltd.” va “Atlasglobal” aviakompaniyalarining charter reyslari ochildi.
Aeroportlarning holatini yaxshilash uchun ham bir qator yirik infratuzilma loyihalarini bajarish rejalashtirilgan. Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yoʻlovchi terminali va uchish-qoʻnish yoʻlagini qurish natijasida aeroportning oʻtkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yoʻlovchidan 1500 nafar yoʻlovchiga koʻtariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining oʻtkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruksiya qilish natijasida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. “Termiz” xalqaro aeroportida yangi uchish-qoʻnish yoʻlagini qurish, “Andijon” aeroportini rekonstruksiyalash natijasida barcha turdagi havo kemalariga xizmat koʻrsatish imkoni yaratiladi, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 barobarga ortishiga olib keladi.
Birinchi xalqaro aviaforumning oʻtkazilishi mamlakatga yetakchi xorijiy avikompaniyalarni jalb etishga koʻmaklashadi, respublika aviatsiya transporti sohasida olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida jahon hamjamiyatini batafsil xabardor qilishda katta ahamiyatga ega. Ayni chogʻda mamlakatimiz havo yoʻllari va aeroportlarining investitsiyaviy hamda iqtisodiy imkoniyatlarini yana-da keng ochib beradi, oʻzaro hamkorlik aloqalarini samarali rivojlantirishga xizmat qiladi.
Unda xorijiy davlatlar transport vazirliklari rahbarlari, fuqaro aviatsiyasi va aeroportlari boshqaruvi, yetakchi xalqaro va chet el aviakompaniyalari mutasaddilari, soha mutaxassislari hamda OAV vakillari qatnashmoqda.
AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Hindiston, Braziliya, Turkiya, Kuvayt, Misr, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi koʻplab davlatlardan 60dan ziyod eksponent, 300 delegat va 1200 nafar mutaxassis jalb etilgani buning tasdigʻidir.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Turizmini rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Transport vazirligi, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan BAAdan jalb etilgan “Fair Exhibition Organizes”(FEO) kompaniyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilyapti.
Ikki kunlik tadbirga “Boeing” va “Jetcraft” (AQSH), “Air Charter Service” (Buyuk Britaniya), “Bombardier Business jets” (Kanada), “TLD” (Hindiston), “Luftansa Consulting” (Germaniya), “EGIS” (Fransiya), “ATR” (Ispaniya), “Kuwait Airways” (Kuvayt), “Air Arabia” va “BGT Events” (BAA), “Gulf Air” (Bahrayn), “Korean Air” va “Asiana Airlines” (Janubiy Koreya), “Azerbaijan Airlines” (Ozarbayjon), “Aeroflot” va “IrAero” (Rossiya), “Al Masriya” (Misr), “Zagros Airlines” (Eron), “Pegasus Airlines” va “Turkish Airlines” (Turkiya), “Mitsubishi Corporation” (Yaponiya),“Air Astana” (Qozogʻiston) kabi dunyoning 180 ga yaqin kompaniya tashrif buyurgan. Ularning vakillari forumi doirasidagi yalpi sessiyalarda ishtirok etishyapti. Sessiyalarda esa koʻplab xalqaro ekspertlar chiqish qilib, sohaga oid eng soʻnggi tendensiyalar, tajribalar bilan oʻrtoqlashmoqdalar.
Umuman olganda, ushbu tadbir oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun qudratli platforma sifatida maydonga chiqishi shubhasiz. Zero, Xalqaro aviaforum kun tartibidan koʻplab yuqori darajali uchrashuvlar, konferensiyalar, koʻrgazma hamda qiziqarli taqdimotlar joy olgan. Binobarin, u mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasi, turizm, servis xizmatlari koʻrsatish infratuzilmalarini zamon talablari darajasida takomillashtirish, modernizatsiya qilish, ilgʻor kadrlar yetishtirish, pirovardida yurtimizning jahon arenasidagi imijini yana-da yuksaltirishda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
S.QOSIMJONOV,
H.PAYDOYEV(suratlar)
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring