“Bir zamon gʻamgin qilursen, bir zamon xushhol ham”

12:29 14 Fevral 2024 Madaniyat
1590 0

Zahiriddin Muhammad Bobur 1526-yilda Hindistonda markazlashgan boburiylar davlatiga asos solgani tarixdan maʼlum. Biroq uch asrdan ortiq barqaror boʻlgan ushbu davlat jahon tarixida “Buyuk moʻgʻullar saltanati” deya atab kelindi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach milliy oʻzlikni anglash, tariximizni oʻrganish, qadriyatlarimizni tiklashga qaratilgan ishlar silsilasida Bobur Mirzo va boburiylar saltanatining tarixiy oʻrniga adolatli baho berish hamda buni dunyoda keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu yoʻlda ulugʻ sulolaning bebaho merosini chuqur oʻrganish va ularni keng jamoatchilikka maʼlum qilish maqsadida maxsus jamgʻarma tashkil etilganini taʼkidlash joiz. Ushbu Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan oʻtgan davrda ilmiy ekspeditsiyalar olib borildi. Natijada Bobur Mirzo va boburiylarga taalluqli mingdan ortiq noyob kitob va nodir qoʻlyozma asarlar Oʻzbekistonga olib kelindi. Fond qoshidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirilib, ilmiy isteʼmolga kiritildi. Qator kitoblar chop qilindi.

Prezidentimizning 2023-yil 25-yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtardi. Butun xalqimiz qatori boburshunos olimlarni nihoyatda quvontirib, ilmiy izlanishlarda masʼuliyatini yanada kuchaytirdi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimizda “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman oʻtkazildi. Koʻtarinki ruhda tashkil etilgan mazkur tadbirda yurtimizdan tashqari Yaponiya, AQSH, Italiya, Turkiya, Pokiston, Rossiya va Ozarbayjon davlatlaridan koʻplab boburshunoslar, tarixchilar, adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilar qatnashdi.

Anjumanda Mirzo Boburning bebaho merosi asrlar oʻtsada, bezavol yashashi qayd etildi. U tuzgan saltanatning dunyo tarixida tutgan oʻrni haqida fikr yuritilar ekan, bu davlat “Buyuk moʻgʻullar saltanati” deb atalishi katta xato ekani taʼkidlandi. Jumladan, AQSHning Ogayo universiteti professori Stefan Deil “Boburning temuriylar saltanati” mavzusidagi maʼruzasida Zahiriddin Bobur asli turkiylardan, temuriyzoda ekaniga urgʻu berildi. Pokistonning Panjob universiteti professori Iftixor Ruxshona xonim Bobur Mirzo asarlarida Markaziy Osiyo ijtimoiy-madaniy qadriyatlari aks etishini taʼkidladi.

Italiyaning Venetsiya shahridagi Ka-Foskari universiteti professori, turkolog olim Elizabet Ragagnin “Boburnoma” jahon merosining durdona asari ekanini eʼtirof etgan boʻlsa, turkiyalik olima Sabohat Denis buyuk Bobur va uning avlodlari turk adabiyoti rivojiga ulkan taʼsir koʻrsatganini qayd etdi.

Haqiqatan ham, bugun tarixiy adolat tiklanmoqda. Oʻz zamonida “Jahon birla jahonning ahlidin behad malolim bor”, deya kuyungan alloma bugun yana oʻzi yozganidek, “Bir zamon gʻamgin qilursen, bir zamon xushhol ham”, deb pok ruhi shod boʻlayotgani ajab emas.

Ziyodaxon TEShABOEVA,

filologiya fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер