Bir yoni qulagan binoning qolgani bardoshlimi?
Arxiv surat
Achchiq, ammo ochiq gap
2020-yil 23-iyun kuni Qarshi shahrida qurilishi yakunlanmagan besh qavatli binoning bir qismi qulab tushib, surxondaryolik bir ishchi halok boʻlgan edi. Oʻsha paytda mazkur holat jamoatchilik orasida keng muhokama qilindi.
Qurilish vazirligi (oʻsha vaqtdagi nomi) voqeaga tezkor munosabat bildirib, ushbu bino noqonuniy qurilish ekani, obyektni qurayotgan “Nasaf-Travel” kompaniyasi belgilangan tartibga muvofiq, viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasini xabardor etmaganini taʼkidlagandi. “Qashqadaryo viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borilganida, “Nasaf-Travel” kompaniyasiga tegishli ushbu obyektdagi qurilish ishlari roʻyxatga olinmasdan, noqonuniy olib borilgani maʼlum boʻldi”, deyilgandi vazirlik munosabatida.
Natijada bir muddat binoda qurilish ishlari toʻxtatib qoʻyildi. 2024-yildan boshlab esa binoning faqat qulagan qismigina olib tashlanib, inshootni tiklash davom ettirildi. Ayni paytda obyektda qurilish ishlari deyarli yakunlanib, bir qismidan foydalanish boshlab yuborilgan...
Endi haqli savol tugʻiladi: tadbirkor obyektda qurilish ishlarini davom ettirish uchun keyinchalik Qashqadaryo viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining ruxsatini olganmi? Agar olgan boʻlsa, inspeksiya mutaxassislari binoning qolgan qismi mustahkam ekanligi, qurilishni davom ettirish mumkinligini qaysi mezonlarga koʻra tekshirib koʻrgan va xulosa bergan?
Shu kabi savollar bilan Qashqadaryo viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga murojaat etdik. Inspeksiya boshligʻi Jamoliddin Toshinov bino mustahkam ekani, tadbirkorga qurilishni davom ettirish uchun inspeksiya tomonidan tegishli ruxsatnoma berilganini aytgan boʻlsa-da, tafsilotlarga toʻxtalishni istamadi. Barcha savollarga oʻzining matbuot kotibi orqali javob bera olishini bildirdi.
Shundan soʻng savollarimizni yozma koʻrinishga keltirib, inspeksiyaning axborot xizmati rahbariga berdik. Ammo uch kun kutdik hamki, savollarga javob ololmadik. Nihoyat uchinchi kuni matbuot kotibi uzromuz ohangda rahbari endi rasmiy xat talab qilayotgani, javobni ham xat orqali berishini aytdi.
Biz inspeksiya rahbariga mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi hamda “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarda belgilab qoʻyilgan haq-huquqlarimizni aytib, tortishib oʻtirmadik. Zero, bundan foyda yoʻqligini u bilan boʻlgan dastlabki suhbatdayoq anglagandik. Shu bois Qashqadaryo viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshligʻi Jamoliddin Toshinovga savollarimizni rasman OAV orqali ochiq berishga qaror qildik. Savollar mazmuni esa oʻsha-oʻsha: birinchi, besh yil oldin bir qismi qulab tushgan binoda qurilishni davom ettirish uchun rasman ruxsat berilganmi? Ikkinchi, agar ruxsat berilgan boʻlsa, binoning qolgan qismi mustahkamligi qaysi mezonlar asosida tekshirildi? Uchinchi, bino mustahkam, sifatli qurilish materiallaridan tiklanayotgan boʻlsa, bir qismi nega qulagan edi? Sabablari oʻrganildimi?
Qashqadaryo viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi masʼullaridan savollarimizga aniq hamda asosli javob kutamiz.
Jahongir BOYMURODOV (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring