“Bir necha soniyaga kech qolganimizda biz ham oʻlgan boʻlardik”: Isroil Gʻazodagi xonadon hamda kasalxonani bombardimon qildi

12:15 14 Aprel 2025 Dunyo
113 0

Isroil harbiylari Xon-Yunis shahridagi xonadonni bombardimon qilishi oqibatida besh nafar falastinlik halok boʻldi. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.

Maʼlumotlariga koʻra, mazkur hujum oqibatida besh nafar falastinlik halok boʻlgan hamda bir necha kishi turli darajadagi tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilgan. Guvohlarning taʼkidlashicha, Isroil askarlari asosan hududdagi turar-joy binolarini yoʻq qilishga harakat qilgan.

Shuningdek, 13-aprel, yakshanba kuni Isroil harbiylari Gʻazoning “Al-Ahli” kasalxonasini ham oʻqqa tutgan. Ushbu hujum oqibatida shifoxonadagi falastinliklar bemor yaqinlarini olib, hududdan qochishga urinishgan.

Voqea qatnashchisi falastinlik Yusuf Abu Sakran “Al Jazeera” bilan boʻlgan suhbatda holat haqida oʻz kechinmalarini aytib oʻtdi.

Yusuf yaralangan farzandi va rafiqasi bilan kasalxona hududidagi chodirda uxlab yotgan mahal, baland qichqiriq ovozlaridan uygʻonib ketgan. Maʼlumotlarga koʻra, Isroil harbiylari shifoxona yon atrofidagi mahalliy aholi vakillariga telefon qilib, zudlik bilan tibbiy muassasadagi barchani chiqarib yuborib, kasalxonani boʻshatishni talab qilgan.

29 yoshli ota vaziyatni tushunib, besh yashar oʻgʻli Muhammadni koʻtargancha rafiqasi bilan shifoxona darvozasi tomon yugurgan.

“Muhammadning tanasida ogʻir jarohatlar bor edi. Jumladan, orqa va oyoqlarida uchinchi darajali kuyishlar mavjud. U ogʻriqdan yigʻlardi. Farzandimning belidan qon oqayotganini ham his qildim. Shunday boʻlsada, men oilamni qutqarishga majbur edim. Shifoxona darvozasi tomon yugurishda toʻxtamadim”, — deydi falastinlik ota.

Kuchli vahima va sarosima natijasida koʻplab bemorlar jiddiy jarohatlari boʻlishiga qaramay shifoxonani tark etishga harakat qilishgan. Ayrim bemorlarning yaralari ochilib ketib, yanada ogʻir ahvolga tushib qolgan.

“Men oilam bilan kasalxona hududini tark etishga ulgurdik. Oradan bir necha soniya oʻtar-oʻtmas ikkita raketa kelib shifoxonani vayron qildi. Ayolimga qarab, agar bir necha soniyaga kech qolganimizda biz hozir oʻlgan boʻlardik, dedim”, — deydi Yusuf Abu Sakran.

Isroilning Gʻazo hududlaridagi muhim obyektlarga yoʻllayotgan toʻxtovsiz zarbalari oqibatida mamlakatdagi sogʻliqni saqlash tizimi allaqachon izdan chiqqan.

Gʻazoga kiritilishi kerak boʻlgan insonparvarlik yordamlari, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon hamda tibbiy buyumlar Isroil taqiqi tufayli hududga kiritilmayapti. Natijada mahalliy aholining ahvoli yanada ogʻirlashib, eng zarur boʻlgan birlamchi ehtiyojlarni ham qondirish mushkul ishga aylangan.

“Al-Ahli” shifoxonasi direktori Fadel Naimning taʼkidlashicha, Isroil hukumati kasalxona xodimlariga bemorlarni evakuatsiya qilish uchun yetarlicha vaqt bermagan. Shifokorning qoʻshimcha qilinishicha, Isroil harbiylari mamlakatdagi muhim tibbiy obyektlar, jumladan, favqulodda vaziyatlar, radiologiya, laboratoriya va markaziy dorixona boʻlimlarini ham yoʻq qilgan.

“Bizga kasalxonani tiklash uchun haftalar yoki oylar kerak boʻladi. Ushbu shifoxona xizmat koʻrsatish markazi boʻlib, barcha zarur jihozlarni, shu jumladan mamlakatdagi yagona kompyuter tomografiyasini oʻz ichiga oladi. Bemorlar va yaradorlarning taqdiri hozircha nomaʼlum. Biz ularni boshqa shifoxonalarga tarqatishimiz kerak, ammo hech bir shifoxona toʻliq xizmat koʻrsatish uchun jihozlanmagan”, — deydi shifokor Fadel Naim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер