Bir dona tuxumi – 100 ming soʻm, joʻjasi esa 1 million soʻm: Tuyaqushchilik bilan shugʻullanayotgan yosh tadbirkor

Romitan tumanidagi Bogʻisaydon mahalla fuqarolar yigʻini hududida tuyaqushchilikka ixtisoslashgan butun boshli ferma vujudga keldi.
- Internet vositasida tuyaqushlar haqida juda koʻp maʼlumot toʻplagach, shu ish bilan jiddiy shugʻullanishga ahd qildim,- deydi yangilikka oʻch yosh tadbirkor Najmiddin Aslonov. - “Breeding Ostrich Farm” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etdik.Bankdan 202 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olganmiz.Oilaviy ishlayapmiz.
12 bosh naslli tuyaqush va inkubator xarid qildik.Tuyaqushlarning mahalliy sharoitga moslashishi, bizning tajriba toʻplashimiz uchun vaqt kerak boʻldi.Dastlab 40 ta joʻja chiqardik.Tuyaqushlar toʻliq tuxumga kirgach, oʻtgan yilda inkubatsiyadan 150 ta joʻja oldik.
Toʻgʻri, bu ikki hissa koʻp ham boʻlishi mumkin edi.Ammo qishloq joyi emasmi, elektr taʼminotidagi uzilishlar pand berdi.Oqibatda ancha – muncha tuxum nobud boʻldi.Shuni inobatda olgan tadbirkor yaqinda yoqilgʻi asosida ishlab tok hosil qiladigan uskuna xarid qildi.Joriy yilda kamida 350 – 400 ta joʻja ochishni chamalab turibdi.
- Har bosh tuyaqushdan yiliga oʻrtacha 70 – 80 ta tuxum olamiz, - davom etadi tadbirkor. - Qishda ularga dam beramiz.Tuxumi 1,5 – 2 kilogramm tosh bosadi.Joʻjasining vazni esa 700 gramm – 1 kilogramm atrofida boʻladi.Bir yilda voyaga yetadi. Biz xaridorga har tomonlama sogʻlom joʻja yetkazib beramiz.Toki, mijozimiz baraka topsin. Bir tuyaqush joʻjasining narxi bir million soʻm turadi.Isteʼmolbop bir dona tuxumi esa 100 ming soʻm.
Suhbatdoshimizning taʼkidlashicha, tuyaqushlar quyoshni va tozalikni yoqtiradi. Rangni tez farqlaydi.Odamlarni yaxshi koʻradi.
- Tuyaqushlarim meni ovozimdan taniydi, - deydi Najmiddin. - Mehrni his etadi.Qarang, darhol atrofimni oʻrab olishdi.
Gurung mavzui oʻz – oʻzidan tuyaqushning afzalliklariga borib taqaldi.
Maʼlum boʻlishicha, bu jonivorning turgan – bitgani foyda.Deylik, 50 santimetrli pati dekorativ bezak uchun ishlatiladi.Terisi timsoh terisi kabi sifatli, tashqi taʼsirlarga chidamli.Undan poyabzal, sumka va boshqa jihozlar tayyorlanadi.Tanasidagi moyi ogʻriq qoldirish xususiyatiga ega.U kosmetikada ham keng ishlatiladi.Goʻshti vitaminga boy, parhezbop.Immunitetni mustahkamlaydi.Tarkibida xolestrin miqdori kam.Buning ustiga u suyaksiz, lahm goʻsht iborat.Qoramolnikiga qaraganda tez pishadi.Bir bosh tuyaqush risoladagidek boqilsa, 6- 7 oyda goʻshtga tayyor boʻladi.Undan 35 kilogramm lahm goʻsht olish mumkin.
“Breeding Ostrich Farm” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tuyaqushlar uchun ozuqa tayyorlovchi uskuna ham bor.Bozordan bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori, tariq, kungaboqar sotib olinyapti.Ulardan omuxta yem tayyorlanmoqda.Qoʻldan berganga qush toʻymas, deganlaridek, bu mahsulot tannarxiga taʼsir qilayapti.Loaqal 20 – 25 gektar maydon ajratilganida edi bu yerga ozuqabop ekinlar yetishtirilar, natijada tuyaqush goʻshti tannarxi arzonlashardi.Qolaversa, bu kichik tuyaqushchilik klasterini barpo etish sari qoʻyilgan salmoqli qadam boʻlur edi.
Tadbirkorning bildirishicha, mutasaddilar choʻldan yer ajratish taklifini berishgan.Ammo choʻlda suv taʼminoti, yoʻl olisligi bilan bogʻliq muammo bor.
Nima boʻlganida ham masalaning oqilona yechimi topilsa ziyon qilmasdi. Xayrli tashabbus qoʻllab – quvvatlanishi ortidan yangi ish oʻrinlari yaratilar, savdo rastalarida qoramol, parranda qatorida narxi choʻntakbop tuyaqush goʻshti ham paydo boʻlar va hatto uni eksport qilish imkoni yuzaga kelardi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring