“Bilimsizlik — insoniyat uchun eng qorongʻu tundir”

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti olimlari bilan keng muhokama qilinib, “Xalq soʻzi” gazetasi hamkorligida tayyorlangan “Bilimsizlik — insoniyat uchun eng qorongʻu tundir” deb nomlangan risola “Zamin Nashr” nashriyoti tomonidan 1000 nusxada chop etildi.
Iqtisod fanlari doktori, professor Murtazo Rahmatov va biologiya fanlari doktori, professor Bakriddin Zaripov hammuallifligida tayyorlangan mazkur asar Xitoyning buyuk donishmandi Konfutsiy hayoti va uning tafakkur olami, dunyoqarashini oʻzbek kitobxonlariga yetkazishda muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qiladi. Mualliflarning har ikkisi ham Nyu-York Fanlar Akademiyasi akademigi ekanligi esa bugungi kunda oʻzbek ilm-fani ham dunyoviy miqyos kasb etayotganini namoyon qiladi.
Konfutsiyning ushbu asardan oʻrin olgan hikmatlaridagi ilmu donish nurlari qalblarni quyosh kabi yoritib, har qanday shaxsda ezgulik, yaxshilik, olijanoblik, xotirjamlik fazilatlarini tarbiyalashi shubhasiz.
* * *
Ortda qolgan ishlar toʻgʻrisida bahslashib, uni qoralashdan naf yoʻq. Chunki endi ular oʻtmishga aylanib boʻlgan.
Olijanob odamning izlagani — oʻzi, pastkashning qidirgani esa oʻzgadir.
Jarohatlarni unut, lekin zinhor yaxshilikni esdan chiqarma.
Agar inson yoʻlga maqsadsiz chiqsa, qadam bosar-bosmasdanoq falokatga yoʻliqadi.
Odamlar seni bilmaganidan xafa boʻlma, sen odamlarni bilmaganingdan xafa boʻl.
Uchta yoʻl bilimga olib boradi: fikrlash yoʻli — bu eng olijanob yoʻl, taqlid qilish yoʻli — bu eng yengil yoʻl, tajriba yoʻli — bu eng ogʻir yoʻl.
Oʻch olishga taraddudlanishdan oldin ikki qabr qazib qoʻy.
Komil kishi uch narsadan tashvish tortadi: xudoning xohishi, avliyoning koyishi, ulugʻlarning toyishidan!
Aslida hayot oddiy, uni oʻzimiz murakkablashtiramiz.
Butun umr qorongʻilikni qargʻab oʻtish mumkin, ayni chogʻda kichkina sham ham yoqish mumkin.
Olijanob inson oʻziga, pastkash boshqalarga talab qoʻyadi.
Illatlardan ertaga emas, bugun voz kechish kerak.
Faqat ahmoq odam oʻz fikrini oʻzgartirmaydi.
Olijanob inson hamma bilan kelishib yashaydi, pastkash oʻziga oʻxshaganlarni qidiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring