Bilimli mingni yiqar…
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vatanimiz dovrugʻini jahon miqyosida keng taratgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari kamol topmoqda. 2024-yilda buxorolik oʻquvchilar xalqaro fan olimpiadalarida 3 ta oltin, 7 ta kumush, 12 ta bronza medalini qoʻlga kiritgani ham shundan dalolat beradi.
— Bolaligimdan zamonaviy axborot texnologiyalariga qiziqaman, — deydi ulardan biri Zarnigor Rahimova. — Tengdoshlarim orasida “Qoʻysang-chi, bu qizlarbop soha emas”, deganlar ham uchradi. Ammo ustozlarim, xususan, maktabimizning informatika va axborot texnologiyalari fani oʻqituvchisi Raʼno Hamroyevadan bu fan sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganishda davom etdim.
Kogon tumanidagi 12-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida tahsil olgan Zarnigor viloyat, respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli qatnashish bilan cheklanib qolmadi. U joriy yilning 25 – 27-iyul kunlari Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida boʻlib oʻtgan Yevropa xalqaro IT qizlar olimpiadasida bronza medaliga sazovor boʻldi.
— Xalqimizda “Bilimli mingni yiqar”, degan naql bor, — deydi yana bir suhbatdoshimiz, Buxoro shahridagi 35-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining biologiya fani oʻqituvchisi Mohinabonu Ikromova. — Ochigʻi, bilimga tashna, intiluvchan oʻquvchilar bilan ishlash maroqli. Yon-atrofga razm solganingizda ham davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlardan oqilona foydalangan, oilada yaxshi tarbiya koʻrgan, vaqtning bebaho neʼmat ekanini chuqur anglagan, mehnatsevar, tirishqoq oʻgʻil-qizlar hayotda hech qiynalmay oʻz oʻrinlarini topib ketishayotganini koʻrasiz.
Muallimaning buni alohida taʼkidlashi bejiz emas. 2024-yil izlanuvchan, oʻz ustida qunt bilan ishlashga odatlangan oʻqituvchi uchun muvaffaqiyatli kechmoqda. Uning shogirdi Parvina Choriqulova xorijlik oʻnlab tengdoshlarini ortda qoldirib, Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Shubhasiz, taʼlim sifati koʻp jihatdan muallimning kasbiy mahoratiga bogʻliq. Keyingi yillarda ustoz-murabbiylarning bilimi, tajribasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Bu oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Soʻnggi bir yilda Buxoro viloyatida malaka toifasiga ega oʻqituvchilar soni 20 mingdan 23 ming nafarga yetdi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi 43 foizdan 47 foizga oshdi.

— Joriy yilning birinchi yarim yilligida oʻtkazilgan pedagog kadrlar attestatsiya natijalariga koʻra, viloyatimiz respublikada peshqadam boʻlib turibdi, — deydi viloyat Maktabgacha va xalq taʼlimi boshqarmasi masʼul xodimi I.Oripova. — Shuningdek, yangi tartibdagi ommalashtirish platformasi orqali 370 nafar oʻqituvchining ish tajribasi tuman, 115 muallimning faoliyati viloyat, 14 nafar pedagogning ish tajribasi respublika miqyosida tatbiq qilindi.
Tabiiyki, pedagogning oʻz salohiyatini toʻla yuzaga chiqarishi, oʻquvchining zamonaviy bilimlarni chuqur oʻzlashtirishi uchun taʼlim dargohiga tegishli shart-sharoitlar ham kerak. Bu davlatimizning doimiy eʼtiborida. Birgina joriy yilda investitsiya dasturi asosida viloyatdagi 39 ta maktabda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Chunonchi, ulardan 34 tasi rekonstruksiya qilindi, 4 tasi mukammal taʼmirlandi. Yangi ixtisoslashtirilgan maktab-internati binosi qad rostladi. Bu yumushlarga oz emas, koʻp emas, 238,2 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Shuningdek, joriy yilning oʻtgan davrida maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish, jihozlash, ularni kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida mahalliy byudjetdan 109,8 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida esa 75 ta taʼlim muassasasining loyihalari gʻolib deb topildi.
— Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligiga bagʻishlangan bayram shodiyonasida soʻzlagan nutqida “Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat taʼlimda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat taʼlim va tarbiyadir. Shu sababli maktab taʼlimini isloh qilish boʻyicha katta dastur qabul qildik”, deya taʼkidladi, — deydi I.Oripova. — Bu islohotlar samarasini koʻrib, his etib turibmiz. Shu oʻrinda bir misol bilan cheklanmoqchiman. Joriy yilda viloyatimizda 729 nafar oʻquvchi maktabni oltin, 132 nafari esa kumush medal bilan tugatdi. Bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirishi boʻyicha Bilim va koʻnikmalarni baholash agentligi tahlillari dastlabki natijalariga muvofiq, Buxoro viloyati oʻrtacha ballar samaradorligi boʻyicha 89,1 ball bilan respublikada yetakchilikni saqlab turibdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring