Bilagi kuchga toʻlgan yoshlar yurt shaʼnini koʻtarmoqda

18:06 30 Avgust 2024 Jamiyat
271 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bugun surxondaryoliklarning kayfiyati aʼlo, ruhi tetik, ertangi kunga ishonchi baland. Viloyatning barcha hududlarda Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy anjumanlar, “Uch avlod uchrashuv”lari, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlari, atoqli ilm-fan namoyandalari, taniqli sportchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Termiz shahridagi muhtasham “Sanʼat saroyi” majmuasining “Alpomish” amfiteatrida bayramni munosib nishonlash uchun vohalik ishlab chiqarish ilgʻorlari, nuroniylar, xorijlik mehmonlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari jam boʻlishdi.

Bayram dasturini viloyat hokimi U. Qosimov ochib, istiqlol xalqimiz uchun buyuk neʼmat boʻlishi bilan birga, bizni yuksak maqsadlar yoʻlida birlashtirib turadigan muqaddas tushuncha ekanligini taʼkidladi.

Shundan soʻng sahnaga yosh ijrochilar, bolalar sanʼat maktabi tarbiyalanuvchilari, milliy folklor ustalari, mahalliy hamda mamlakatning taniqli sanʼatkorlari chiqdi.

— Oʻttiz uch yil ilgari tugʻilgan goʻdak bugun dunyoni zabt etmoqda, bilagi kuchga toʻlgan, aql-idroki raso oʻgʻil-qizlarimiz yuragida oʻti bilan maydonga chiqib, yurt shaʼnini koʻklarga koʻtarmoqda, — deydi Boysun tumanidagi “Oʻrmonchi” mahalla fuqarolar yigʻini raisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Toxir Normurodov. — Sport sohasida jahon chempionlari, ilm sohasida yetuk olimlarimiz koʻp. Yaqinda Parijda oʻtkazilgan yozgi Olimpiada musobaqalarida mamlakatimiz bayrogʻini baland koʻtargan, oʻzbek madhiyasini dunyo boʻylab jarang sochtirgan sportchilarimiz oʻn uchinchi oʻrin bilan yakunlab, mana-man deb koʻkragini mushtlaganlarning boshini egib, yurtimizga sharaf olib keldi. Ular orasida vohamiz yoshlari ham borligidan faxrlanamiz.

Mustaqillik shunday bebaho neʼmatki, uning qadrini hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi. Istiqlol bergan imkoniyatlar oddiy odamlar turmushida ham oʻz aksini koʻrsatmoqda.

— Mahallamiz koʻchalarida qad rostlayotgan imoratlarni koʻrgan koʻzlar quvnaydi, — deydi “Shuhrat” medali sohibi Mirkomil Togʻayev. — Kimdir yangi uy quryapti, ayrimlar zamonaviy taʼmirlamoqda, toʻylar qilyapti, qoʻsha-qoʻsha mashina xarid qilyapti. Bu aholining turmushi obod, hayoti farovonligidan, albatta. Bularning bari istiqlol sharofati, Yangi Oʻzbekiston berayotgan yangi imkoniyatlar mevasi. Bugun tomorqa chin maʼnoda daromad manbaiga aylandi. Mahallamizda tomorqadan unumli foydalanib, katta daromad topayotganlar juda koʻp. Erishayotganlarimiz tomorqa ortidan ham desam boʻladi. Ayniqsa, tomorqa yer egalari qadr topayotgani ham quvonarli. Yaqinda Prezidentimiz Farmoniga koʻra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim buning isbotidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер