Beshinchi qavatdan yiqilgan bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

12:23 05 Mart 2022 Jamiyat
771 0

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida yana bir murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Shu yilning 23-fevral kuni 2004-yilda tugʻilgan bemor A. ogʻir holatda tez tibbiy yordam mashinasida RSHTYOIM qabulxonasiga olib kelingan.

Bemor qurilish obyektining 5-qavatidan yiqilib tushgani sababli jarohat olgani aniqlangan. U zudlik bilan shok zaliga yotqizilib, markaz mutaxassislari tomonidan bosh miya, boʻyin, koʻkrak va bel umurtqa pogʻonasi, koʻkrak qafasi, qorin boʻshligʻi aʼzolarida MSKT tekshiruvi hamda qorin boʻshligʻi, koʻkrak qafasida ultratovush tekshiruvlari oʻtkazilib, bemorga tashxis qoʻyilgan.

— Tegishli mutaxassislar tekshiruvidan soʻng qoʻyilgan tashxis asosida bemorda zudlik bilan bir necha jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi, deydi markaz direktori Doniyor Alimov. Dekompressiv laminektomiya, ayrim umurtqalarni reklinatsiya va stabilizatsiya qilish orqali umurtqa pogʻonasiga transpedikulyar sistema oʻrnatish kabi operatsiyalar shular jumlasidan. Yuqori saviyada oʻtgan amaliyotlar natijasida bemorning hayoti saqlab qolindi.

Operatsiyadan keyin koʻkrak va bel sohasi MSKT qilinganda, hech qanday xavf aniqlanmagan. Oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlari va davo choralari natijasida oʻsmir yigitchaning umumiy ahvoli yaxshilandi. Hozirda uning gemodinamik koʻrsatkichlari barqarorlashib, kundan kunga ijobiy oʻzgarishlar qayd etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?