Berlinda tashkil etilgan “Yashil haftalik — 2024” koʻrgazmasida Oʻzbekiston delegatsiyasi faol qatnashmoqda

21:18 20 Yanvar 2024 Iqtisodiyot
614 0

Foto: Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati

Ayni kunlarda Germaniyaning Berlin shahrida “Yashil haftalik — 2024” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.

Koʻrgazmada Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiya vakillari ham ishtirok etishmoqda.

“Yashil haftalik — 2024” xalqaro koʻrgazmasining ochilish marosimida vazir Ibrohim Abdurahmonov “Uzbekistan” pavilyoniga borib, u yerdagi yurtimizdan keltirilgan turi xil qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.

Eʼtiborga molik jihati shundaki, koʻrgazmada ishtirok etayotgan turli davlat vakillari aynan “Uzbekistan” paviloniga katta qiziqish bildirmoqda. Yana bir sabab sifatida shuni aytish mumkin, mamlakatimiz pavilyonida Oʻzbekistondan kelgan oshpazlarimiz tomonidan palov ham tayyorlandi.

Foto: Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati

Xalqaro koʻrgazma doirasida turli mamlakatlardan kelgan delegatsiyalar bilan muloqotlar ham boʻlib oʻtmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Vengriya qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jolt Feldman oʻrtasidagi uchrashuvda chorvachilik yoʻnalishida hamkorlik aloqalari, kartoshkachilik, xususan kartoshkani Oʻzbekiston iqlim sharoitiga mos navlarini yetishtirish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Muloqot yakunida ikki tomon vakillari oʻzaro hamkorlikning istiqbollari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan fikrlar almashdi.

Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Germaniyaning Federal oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari oʻrtasida ham uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston hamda Germaniya oʻrtasidagi qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, qishloq xoʻjaligida ilm-fan istiqbollari, ikki tomonlama hamkorlikning “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish hamda bu borada ishchi guruh tuzish masalalari uchrashuvning asosiy muhokama mavzusiga aylandi.

Koʻrgazma doirasida “XVI Qishloq xoʻjaligi vazirlari konferensiyasi” tashkil etildi. Uning doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vaziri Jem Oʻzdemir oʻrtasida oʻzaro tanishuv marosimi boʻlib oʻtdi.

Koʻrgazma davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер