Bentonit gillarini qishloq xoʻjaligida qoʻllashning yangi innovatsion usuli

Foto: “Xalq soʻzi Online”
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi olimlari tomonidan paxta dalalarida sinovdan oʻtkazilmoqda.
Bugungi kunda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Azkamar” va Navbahor tumanidagi “Navbahor” konlaridan olinayotgan bentonit gillaridan nafaqat ichki ehtiyoj uchun foydalaniladi, balki u bir qator davlatlarga eksport ham qilinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi rahbari, geologiya-mineralogiya fanlari doktori Abdurazzoq Mirzayev “Navbahor” bentonit gillari koni kashfiyotchisi. Uning izlanishlari samarasi oʻlaroq, 2002 yilda ushbu kon negizida yillik quvvati 40 ming tonna bentonit kukuni ishlab chiqaruvchi zavod qurilib, 100 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi.

— “Navbahor” konining boshqalaridan farqi shundaki, bu yerda bentonitning “ishqorli” va “ishqorli-yer” hamda gilning “karbonatli-poligorskit” turlari qatlam boʻlib joylashganidadir. Ular dunyodagi boshqa biror konda birgalikda uchramaydi, — deydi Abdurazzoq Mirzayev. — Boʻlimimiz olimlari “Navbahor” koni gillarini qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻllash maqsadida Xatirchi tumanidagi “Poʻlat bobo” fermer xoʻjaligi paxta dalalarida tajriba oʻtkazishdi. Pirovardida gillar hosildorlikni oshirish barobarida, gʻoʻzaning suv tanqisligiga bardoshlilik imkoniyatini yaxshilagani maʼlum boʻldi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bentonit gillari tarkibida 20 dan ortiq foydali elementlar mavjud. Shu bois undan qishloq xoʻjaligida oʻtgan asrning 60-yillaridan foydalana boshlashgan. Lekin bentonit gillarining uzluksiz ishlatilishi tuproq tarkibi buzilishiga, uning zichlashishiga olib kelishi kuzatilgan.Bu esa, oʻz navbatida, uning keng qoʻllanishiga taʼsir koʻrsatayotgan edi.
Navoiylik olimlar bu borada innovatsion uslubga tayanishdi. Gap shundaki, 21 gektar maydonga chigit bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekildi. Natija gʻoʻza nihollari 5-7 kun oldin unib chiqdi. Nimaning evaziga?Bunga bentonit gillarining tuproqdagi namlikni oʻziga soʻrib olib,chigitning suvga boʻlgan ehtiyojini toʻla taʼminlagani asosiy sabab boʻldi. Qolaversa, ushbu usul tuproq tarkibini ham yaxshilashga olib keladi.Chunki bir gektar maydonga qadaladigan chigitni qobiqlashga 10-15 kilogramm bentonit kukuni kifoya qiladi, xolos.
— Joriy yilda suv tanqisligi tufayli gʻoʻzalarni vaqtida sugʻorish imkoniyati boʻlmadi, — deydi olim. — Shu bois fermerga bentonit gillari kukunidan 5-6 foizlik suspenziya tayyorlab, bargidan oziqlantirish tavsiya qilindi. Mazkur tajriba ham muvaffaqiyatli kechdi. Bentonit gillarining suvni oʻziga shimib turish xususiyati, yaʼni “sorbsion” faoliyati bunda muhim ahamiyat kasb etdi.
Gʻoʻza nihollarini “OVX” purkagichi bilan 200 litr suvga 8-10 kg. bentonit kukunidan suspenziya tayyorlanib, bargidan oziqlantirilganda, u gʻoʻza bargida yupqa qobiq hosil qilishi kuzatildi.

Ushbu bentonit gilidan hosil boʻlgan yupqa qobiqdagi 20 dan ortiq mikroelementlar va suv zarrachalari gʻoʻza bargidagi mikrokapillyarlar orqali gʻoʻzani bir meʼyorda oziqlantirib turgani kuzatildi.Bunga yana bir sabab bizning hududimizdagi iqlimning keskin kontinental iqlim ekanligidadir, yaʼni oʻlkamizdagi kunduzgi harorat bilan kechasidagi harorat oʻrtasidagi tafovut 10-12 gradusni tashkil etadi. Bu tafovut kunduzi issiqdan havoning suv bugʻlari bilan toʻyinishiga olib keladi va kechasi ushbu havodagi suv bugʻlarining konditsiyalanishi natijasida suv bugʻlaridagi suv zarrachalari bir-biriga birikib toʻyingan holda shudring tomchilari koʻrinishida gʻoʻza barglariga tushadi, ertalab kun isigandan keyin yana ushbu namlik bugʻ holatiga oʻtib, atmosfera havosida koʻzga koʻrinmas suv parlarini hosil qiladi. Gʻoʻza bargidagi bentonit gillaridan hosil boʻlgan suspenzion qobiq (plyonka) ushbu suv mikro tomchilarini oʻziga soʻrib olib, gʻoʻza bargidagi mikroporalar orqali kun davomida gʻoʻzaning suvga boʻlgan ehtiyojini qisman boʻlsa-da taʼminlab turadi.Kuzatuvlar ushbu Bentonit gillari kukunidan tayyorlangan suspenziyaning samaradorligi 7-8 kunga yetishini koʻrsatdi, yaʼni kunning tong va kechqurun paytlarida kuzatiladigan gʻoʻza bargidagi yaltiroqlik xolati 7-8 kundan keyin sezilmay qoladi.
Ushbu holatni sinchkovlik bilan kuzatgan fermer keyingi ishlovni amalga oshirgan va21 gektar paxta maydonidagi gʻoʻzalarni to paxtani birinchi suv bilan sugʻorish uchun navbati kelgunga qadar 1 avgustgacha, yaʼni 90 kungacha, ushbu gʻoʻza nihollarini bargidan bentonit gillari kukunidan tayyorlangan suspenziyalar bilan 8-10 marta oziqlantirishi hisobiga, nafaqat gʻoʻzani saqlab qolishga, balki birinchi terimdan oʻrtacha35 sentner hosil olishga erishdi.
Ayni paytda chigitni qobiqlab ekish usuli Navoiy, Surxondaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarining paxta maydonlarida ham qoʻllanilmoqda.Albatta,usul samaradorligini ilmiy asoslash uchun hali olimlarimiz koʻp ilmiy-tadqiqotlar,tajribalar olib borishlari kerak. Muhimi, birinchi qadam qoʻyildi.
Fazliddin ABILOV.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring