Belarus xalqi “Osiyo yoʻlbarsi” deb atagan oʻzbek oʻgʻloni kim boʻlgan?

01:56 09 May 2020 Jamiyat
4617 0

Mamadali Topivoldiyev – 1919-yilning 20-sentyabrida Fargʻona viloyati, Rishton tumanidagi Pandigan qishlogʻida tugʻilgan. Ikkinchi jahon urushi va Belorusiyadagi partizanlar harakati ishtirokchisi, Sovet ittifoqi qahramoni. Partizanlar orasida "Kazbek” laqabi bilan mashhur boʻlgan yurtdoshimiz Belarus Respublikasi hududi nemislar tomonidan qamal qilingan paytlarda partizanlar brigadasi razvedka boʻlimi boshligʻi boʻlgan. Uning qoʻlga olinishi uchun Gitler Vermaxt askarlariga 25 ming reysmark pul mukofoti, villa, mehnat taʼtili va qoʻshimcha mukofotlar vaʼda qilgan edi. Bu ish amalga oshmagani sababli mukofot ikki barobarga ham oshirilgan. Ammo yosh komandir tutqich bermas, dovyurak inson boʻlib, mardonavor harbiy harakatlari haqidagi ovozalar bosqinchilarni mudom qoʻrquvga solar edi.

Hamyurtimiz oʻndan ziyod dushman mashinalari kulini koʻkka sovurgani, birgina qoʻl jangi bilan 76 ta dushman askarlarini yer tishlatgani va, hatto fashistlar armiyasi generalini asirga olgani haqidagi afsonaga aylangan haqiqatlar bugungi kungacha zoʻr faxru iftixor bilan yodga olinadi...

M. Topivoldiyev urush boshlanganda Belorusiyada, harbiy xizmatni oʻtayotgan edi. U paytda boʻlajak komandir 130-artilleriya polkiga qarashli maxsus motorlashtirilgan boʻlinmada xizmat qilar edi. 1941-yil 22-iyun tongida nemis bosqinchilari kutilmaganda SSSR hududiga bostirib keldi. Mamadali quroldoshlari bilan fashistlarning birinchi hujumini qaytardi. Lekin sharqqa tomon harakatlanayotgan koʻp millionlik dushman armiyasi oʻz yoʻlida uylar, fermalar, yoʻlida uchragan borki vayron qilib ketadi.

Ana shu talotoʻpdan omon qolgan, safida oʻzbek oʻgʻloni ham boʻlgan kichik otryad Mogilyov viloyatidagi oʻrmonlarga chekinadi. Oʻrmonlar, botqoqlar oralab uzoq yoʻl bosgan Mamadali Topivoldiyev quroldosh doʻsti Ivan Rilkov bilan birga uning onasi – Galina Rilkova istiqomat qiladigan Mogilyov viloyatining Paseryova qishlogʻiga yetib olishadi. Galina Rilkovaning yordami bilan yigitlar partizan otryadiga qoʻshilishdi.

1941-yilning noyabr oyida u desantchi Nikolay Paxota bilan Borislav shahrining chekkasida joylashgan nemislar lageriga kirib boradi va simtoʻsiqlarni kesib oʻtib 146 nafar harbiy asirni ozod qiladi.

Oʻzbek oʻgʻloni partizanlar bilan birgalikda deyarli har kuni harbiy harakatlarda ishtirok etar va fashist bosqinchilariga qaqshatqich zarba berar edi. Har bir operatsiyadan soʻng oʻzining partizancha laqabi – “Kazbek” soʻzini daraxtlarga oʻyib yozishni odat qilgan. Va bu yozuv bora-bora fashistlarni qoʻrquv iskanjasiga soladigan boʻldi.

Belarus oʻrmonlari Kazbek uchun ikkinchi vatan, ikkinchi uyiday qadrli, quroldosh doʻstining onasi Galina Rilkova esa oʻz onasi kabi aziz boʻlib qoladi. U muhabbati – Lidiya Kornelovani ham shu oʻrmonlar bagʻrida uchratdi. Ularning Valentina ismli qizalogʻi boʻlgan.

Harbiy harakatlarda ishtirokini davom ettirar ekan, Kazbek 1943-yilning iyunida Voronsevich qishlogʻiga boʻlgan razvedka paytida dushman kolonnasi yaqinlashib kelayotganini payqab qoladi. Qishloq aholisini shak-shubhasiz oʻlim kutib turganini, bir necha kilometr uzoqlikdagi partizan otryadidan yordam kutish amrimahol ekanini zudlik bilan anglab etgan oʻzbek oʻgʻloni yana bir jasorat koʻrsatdi – jangga bir oʻzi kirdi. Birgina avtomat bilan oʻndan ortiq dushmanni yer tishlatdi, granata bilan koʻplab ogʻir harbiy mashinalarning kulini koʻkka sovurdi. Kutilmagan hujumdan esa Gitler askarlari vahimaga tushib, ortga chekinadi.

Mana shunday jasorati va jasurligi bois belarus xalqi unga “Osiyo yoʻlbarsi” deb nom bergan edi.

...Urushdan soʻng Mamadali Topivoldiyev oʻzi tugʻilib oʻsgan qishlogʻiga qaytib keldi. Rishton tumanida jamoa xoʻjaligi raisi lavozimida ishladi. Biroq afsuski, 1969-yilning 7-may kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 24 yilligi nishonlanishi arafasida fojiali oʻlim topdi – nomaʼlum shaxslar tomonidan pichoqlab ketildi...

Mamadali Topivoldiyevning urushda koʻrsatgan jasorati, mard va jasurligi uchun xalqimiz uni qahramon sifatida xotirlaydi. U chindan ham qahramon edi. Uning xotirasiga bagʻishlab “Kazbek” badiiy filmi suratga olingan. Bugungi kunda Fargʻona viloyatidagi koʻplab maskanlarga, xususan, mahalla, maktab va madaniyat uylariga uning nomi berilgan. Belarus Respublikasida ham bu insonning shonli xotirasi abadiylashtirilgan. Minsk shahridagi markaziy koʻchalarning biriga Mamadali Topivoldiyev nomi berilgan. Mogilyov viloyatidagi Paseryovo qishlogʻi hozirda Topivoldiyevka deb ataladi.

Demak, Mamadali Topivoldiyevning qahramonligi har ikki xalq xotirasida abadiydir. Oʻzbek oʻgʻlonining nomi zarhal harflar bilan tarixga muhrlangan va yosh avlod uchun namuna boʻlib qolishi, shubhasiz.

Yulduz OʻRMONOVA,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер