Bekor boʻlgan davlat buyurtmasi, oʻzgargan minimal kirish ballar… Oliy taʼlimda yana qanday oʻzgarishlar kutilmoqda?

17:08 08 May 2024 Jamiyat
381 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov sohadagi muhim oʻzgarishlar haqida maʼlum qildi.

Quyida ularning ayrimlari haqida toʻxtalamiz:

Birinchidan, davlat buyurtmasi parametrlarini amaldagi oliygohlar kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida tasdiqlash tartibi joriy etilmoqda.

Ikkinchidan, ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishlarga davlat buyurtmasini qisqartirib, ushbu kvotalarni ustuvor ravishda muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalari orasida taqsimlanadi.

Uchinchidan, 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash va ularga boʻlgan talab prognoziga muvofiq 4-yillik davr uchun tasdiqlanadi.

Toʻrtinchidan, oʻqishga kirish uchun minimal oʻtish balini 2 bosqichda amalga oshirilib, sogʻliqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yoʻnalishlari uchun – 94,5 ball, boshqa yoʻnalishlar uchun – 75,6 ball etib belgilanadi. Amalda barcha yoʻnalishlar uchun – 56,7 ball edi.

Beshinchidan, davlat granti talabalar uchun taʼlim granti va ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant shaklida ajratiladi. Bunda taʼlim granti – talabalarga bir oʻquv yili uchun ajratiladi hamda 1-kursda oʻqishga kirish natijalari boʻyicha, 2-kursdan boshlab reyting koʻrsatkichlari boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan talabalarga ajratiladi. Shuningdek, ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant – maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun oʻqish davri uchun beriladi. Taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning oʻqishni tugatgandan soʻng 3-yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

Oltinchidan, sirtqi taʼlim shakli uchun kvotalarni kunduzgi taʼlim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi. Shuningdek, sirtqi taʼlim shakli bosqichma-bosqich masofaviy taʼlim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan taʼlim shakli joriy etish orqali tugatiladi.

Yettinchidan, magistratura va doktoranturaga qabul qilishda xorijiy tilni bilish toʻgʻrisidagi sertifikat talabi quyidagicha oʻzgartiriladi. Taʼlim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi. Soha xususiyatidan kelib chiqib madaniyat, sanʼat, sport, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xoʻjaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yoʻnalishlari boʻyicha sertifikat talabi bir pogʻona – B1 darajasiga tushiriladi (avvalgi tartibda B2 edi).

Sertifikat talabi xorijiy tillar yoʻnalishlarida C1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yoʻnalishlarida B2 darajada saqlanadi.

Sakkizinchidan, oliygoh hamda kollej va texnikumlarga qabul qilish imtihonlari «avval test, soʻng tanlov» tamoyili asosida oʻtkaziladi.

Bunda:

— abituriyentlar testni 1 marotaba topshiradi va toʻplagan bali bilan dastlab oliygohga, bali oliygohga yetmagan taqdirda, professional taʼlim tashkilotiga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi;

— oliygohlarga qabul jarayoni 2 bosqichda:

1-bosqich roʻyxatdan oʻtish va test fanlarini tanlash;

2-bosqich oliygoh – test natijasi eʼlon qilingandan soʻng taʼlim yoʻnalishi va shaklini tanlash orqali amalga oshiriladi.

Amalda abituriyent roʻyxatdan oʻtishda mos 5 tagacha oliygohni (yoʻnalishni) tanlaydi va ushbu oliygohlar (yoʻnalishlar) boʻyicha tanlovda ishtirok etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер