Behbudiy nega Amir Doniyol qabridan maktub yoʻlladi?

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizdagi koʻplab allomalar qatori Mahmudxoʻja Behbudiy ham oʻz davrida Buxoroda tahsil olgan. Shu bois bu qadimiy shahardagi har bir madrasa, guzar unga yaxshi tanish edi. Taassufki, oʻtgan asrning boshlarida ne-ne kechmishlarning tilsiz guvohi sanalgan tarixiy obidalar, tabarruk qadamjolar eʼtibordan chetda qoldi. Aholining turmushi ogʻirlashdi. Koʻhna zaminning rangi roʻyi somondek sargʻaydi.
Behbudiy bu holdan behad iztirob chekadi. U yurtning bir jonkuyar farzandi, maʼrifatparvari sifatida Buxoroi sharifning ayanchli ahvoliga befarq qarab tura olmaydi.
— Sadriddin Ayniy yozib qoldirgan xotiralarga koʻra, Mahmudxoʻja Behbudiy 1912-yilning kuzida Buxoroda boʻlib, Bahouddin Naqshband hazratlarining maqbaralarini ziyorat qilgani borgan, — deydi Buxoro davlat universiteti dotsenti, shu oliy oʻquv yurti tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi direktori Azalshoh Hamroyev. — Ziyoratgoh va u yerdagi masjid-u madrasalarning achinarli ahvolini koʻrib, u anchagacha oʻziga kela olmaydi. Maqola yozishga jazm etadi. Maqoladagi fikr-mulohazalar Buxoroning mangʻitlar sulolasi asoschisi Amir Doniyolbiy (1758-1785-yillar) nomidan yozilgan maktub sifatida bayon qilinadi. Biz tomonimizdan tabdil etilgan ushbu maktubda “Tutgan usulimdan biri, muhim ishlarda barcha beklar soʻzlarini tinglab, oxirinda oʻz fikrim bilan qaror qabul qilar edim. Hatto sevikli rafiqam Oyim: “El-ulus ishlarida siz nima uchun har kim soʻzin maʼqul dersiz, begim?” — deb menga shiddatli eʼtirozlar qilardi. Men unga ham: “Shohmurodim onasi, sening soʻzing ham maʼqul!” — der edim,” degan soʻzlarni oʻqish mumkin.
Ushbu soʻzlar magʻzida juda katta falsafiy maʼno yotibdi, albatta. Qolaversa, “Amir Doniyolning qabrdan yozgan maktubi” sarlavhasi ostida “Shoʻro” jurnalining 1912-yil 23 – sonida eʼlon qilingan bu maqolada taʼkidlanganidek, oʻzboshimcha xon va beklarni boʻysundirib, Buxoro amirligini barpo etgan Doniyolga bejizga otaliq unvoni berilmagan.
— Maqoladagi yana bir jihat eʼtiborni tortmay qoʻymaydi, — deydi Buxorodagi ZARMED universiteti oʻqituvchisi, falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Mavluda Rahmonova. — Unda yozilishicha, Doniyol otaliqning rafiqasi Oyim “Hayitlarda xalqning bolalari gul kabi ochilib kiyinadi, yasanadi, ammo mening Shohmurodjonim esa eski kiyimda”, deya hasrat qiladi. Maktub mazmunidan koʻrinishicha, Doniyol otaliq farzand taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratgan. Uni xushxulq, kamtar qilib tarbiyalagan.
Maqolada Shohmurodning “Bobom Temur hazratlaridan qolmish muborak daxmalar (mozor, marqad) va alloma Ulugʻbek, Yalangtoʻsh bahodir, Shayboniyxon va boshqa buyuklardan meros masjid, madrasa va maqbaralarni va hatto savmaʼalar, yaʼni (gʻayridinlar ibodatxonasi)ni ham tathir etib, yaʼni tozalab, taʼmirlab, buyuk Temurdan qolgan Koʻktosh taxtini Samarqandda julus (majlis va mashvarat joyi) etdi”, degan soʻzlarni oʻqiymizki, bu taxt vorisining yoshligida yaxshi tarbiya koʻrganidan dalolatdir.
Behbudiy Doniyol otaliq nomidan bitilgan maqolada Xoja Bahouddin maqbaralari yaqinida bino qilingan faqirona dahmamda yotibman, deya yozar ekan, yuragidagi tugʻyonni yuzaga chiqaradi: “Mendan qolgan mamlakat — amirlikni vorislarim qanday idora etsalar ham, mening ishim yoʻq. Faqatgina “Naqshdori ob” boʻlgan Buxoro hukumatidan; agar hukumat eshitmasa, Buxoroning bugungi vatanparvar ulamosidan; ular eshitmasa shariat ahlidan talab va iltijo etamanki, menim daxmam atrofidagi muqaddas madrasa va qorixonamda yashayotgan pes, moxov, shol va koʻrlar oʻrniga, ilm toliblari va qorilarni qoʻysinlar. Afsuski, bu yerdagi masjid va hujralar pes-moxovlar maskani boʻlib qolgan”, degan achchiq soʻzlarni aytadi.
Buxorolik yana bir tarixchi olim Farrux Temirovning yozishicha, Behbudiy chindan ham 1912-yilning kuzida doʻstlarini yoʻqlab Buxoroga keladi. Ayniyning Koʻkaldosh madrasasidagi hujrasida mehmon boʻladi.
— Sadriddin Ayniyning xotiralaridan birida “Xoja Bahouddin tarbati atrofida solingʻan qabatma-qabat masjidlarni koʻrib koʻp qizdi. “Namoz uchun bir yerda bir masjid va bir supa kifoya qilar erdi. Boshqa masjidlarning oʻrnigʻa maktab solinib, bunda yigʻilgan faqir va yoʻqsullarning bolalarini oʻqitsalar edi, shuncha safil kimsalar oʻrnigʻa oʻz kunini koʻraturgʻon bir toʻda faol odamlar yetishar edi” dedi. Amir Doniyol madrasasining xarobalarini koʻrib gʻoyat xafa boʻldi. Xalqning bor-yoʻgʻini yegan bilan toʻymasdan oʻz bobolaridan qolgʻon vaqflarin har tomon musodara qilib, madrasalarini qabristonga aylantirib tashlagʻan amirlarga laʼnat oʻqidi”, degan soʻzlarni oʻqish mumkin, — deydi F. Temirov.
Shulardan kelib chiqqan holda ayta olamizki, Amir Doniyolbiy nomidan yozilgan maktub aslida Mahmudxoʻja Behbudiyni qiynagan, iztiroblar iskanjasiga olgan oʻylarning qogʻozdagi ifodasi edi.
— U najotsiz bir pallada oʻz fikrini baralla aytish va jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun matbuot kuchidan foydalanishni yagona chora sifatida koʻrdi, — deydi A. Hamroyev. — Zero, Buxoroning soʻnggi amiri Sayyid Olimxon katta bobosi qabridan chiqqan sadolarga befarq boʻldi. Shoʻro hokimiyati davrida ham Behbudiyning orzulari armonligicha qolaverdi...
Mustaqillik bizga tom maʼnoda milliy oʻzligimizni qaytardi. Bu davrda maʼrifatparvar jadid bobolarimizning nomlari oqlandi. Ilmiy meroslari chuqur oʻrganilmoqda. Hayotlari, ijodlari, asarlari targʻib qilinmoqda.
Prezidentimizning “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Shunga koʻra, ayni kunlarda Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilmoqda. Qarorda allomaning ilmiy merosini oʻrganish va uni yoshlarga tushunarli tilda yetkazish kabi dolzarb vazifa ham qoʻyilgan. Biz yuqorida soʻz yuritgan Doniyolbiyning ramziy maktubi ham yoshlarimizning Mahmudxoʻja Behbudiy shaxsi, uning maqsad va orzu-umidlari xususidagi tasavvurlarini boyitadi.
Yana bir gap. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasidagi qadimgi darvozalar — Toqi Miyona, Xoja Dilovar, Bob-us Salom asl holiga keltirildi. Doniyolbil madrasasi va maqbarasi ham vaqf hujjatlari asosida qayta tiklandi. Bahouddin Naqshband volidalari Orifabibi ziyoratgohi meʼmoriy majmua ichidagi kompleksga aylantirildi.
Binobarin, bugun jadid bobolarimizning orzulari ushalmoqda, deya baralla ayta olamiz. Ular qoldirgan boy meros tarixiy qadriyatlarimizning ajralmas bir qismi sifatida hamisha xalqimiz eʼzozidadir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatda Qatar Shoʻro kengashi Raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oʻz ishini boshladi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring