Bedorlikka daʼvat

16:23 27 Yanvar 2021 Jamiyat
1459 0

“Videoselektor” soʻzi keng omma tiliga kirib kelganiga unchalar koʻp boʻlgani yoʻq. 2020-yilgi pandemiya sharoitida uning imkoniyatlaridan koʻproq foydalanishga toʻgʻri keldi, bir qadar afzalliklari koʻzga tashlandi. Xususan, jamiyatimizda tobora keng tus olayotgan ochiqlik, shaffoflik siyosati borasida bu texnik qulaylik ayni muddao ekanligi oʻz isbotini topmoqda.

Muhtasham majlis xonasiga yigʻilgan vazirlar, turli toifadagi rahbarlar, mutasaddilar, ziyolilar qatorida viloyatlardagi jamoatchilik vakillari ishtirok etayotir, hamma Prezident nutqini bevosita tinglash, boʻlayotgan muzokaralarda munosabat bildirish imkoniga ega boʻlmoqda. Oldindan aytadigan boʻlsak, viloyat hokimlari, mahalliy rahbar vakillari, hatto olis yurtda xizmat safarida boʻlgan madaniyat vazirimiz ham ekran orqali majlis xonasida “hoziru nozir”.

Majlis ana shunday ishchan bir kayfiyatda boshlandi.

Odatda nutq yoki maʼruzaning ohangini mavzu belgilaydi. Maʼnaviyat-maʼrifat masalalari nihoyatda azaliy-boqiy — inson inson boʻlibdiki, unga yoʻldosh, unga hamdam tuygʻularga, fazilatlarga, qadriyatlarga esh boʻlib ketgan. Prezident vazifalar qoʻyar ekan, bir necha oʻrinda “vazminlik”, “shoshmaslik”, “asta-sekinlik” soʻzlarini bejiz tilga olmadi. Shu bilan bir vaqtda, maʼnaviyat masalalariga taalluqli gʻoyatda dolzarb vazifalar ham borki, bu borada sustkashlikka aslo yoʻl qoʻyib boʻlmasligi notiqning bizga tanish boʻlgan qatʼiyatida, talabchanligida sezilib turdi. Hayot, davr koʻndalang qoʻyayotgan holatlarda keskin amaliy choralar belgilashga majbur ekanligimiz taʼkidlandi nutqda. Zero, inson va jamiyat hayotida maʼnaviyatdan chetda qolishi mumkin boʻlgan biron soha, biron qatlam yoʻq. Tarbiyada, yaʼni maʼnaviyatda tanaffus boʻlmasligi kerak. Yoshlar tarbiyasi, istiqboli boʻladimi, xavfsizlik muammolari boʻladimi, xalqimizning ruhiyatidagi milliy birlashish, jipslashish masalalari boʻladimi — barchasining oʻzak-oʻzagini maʼnaviyat tashkil qiladi.

Biz mamlakatimizda keyingi toʻrt yil mobaynida yuz bergan va berayotgan oʻzgarishlarni baralla aytmoqdamiz, biroq shunga qaramay, “oʻzgarishlar shamoli kirib bormagan masalalar koʻp”. Milliy gʻoyamiz mohiyatini toʻliq anglab yetmaganlar, hayotbaxsh evrilishlarga yuzaki, beparvo, loqayd qaraydiganlar yoʻq emas. Shu oʻrinda davlatimiz rahbari maqsad-maslagimizning oʻq ildizini, poydevorini hammabop tarzda ochiq-oydin, loʻnda va tushunarli bayon etdi. Yaʼni yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz.

Majlis ishtirokchilari mazkur jumlalarni hali koʻp oʻqiydilar, har bir ibora va soʻz ustida jiddiy mulohazalarga beriladi, inson umrining maʼno-mazmuni, hikmati, falsafasi, jozibasi xususida oʻyga toladi. Axir Yer yuzining qaysi goʻshasida yashayotgan boʻlmasin, bu yorugʻ dunyoga inson sifatida kelgan, tugʻilgan tirik jon uchun ezgulikdan, odamiylikdan, insonparvarlikdan buyukroq, muqaddasroq tushuncha bormi?! Oʻzbekiston rahbari inson kamoloti uchun fikr tarbiyasi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasidan ulugʻroq saodat yoʻqligini uqtirmoqda.

Zamon esa qalqib turibdi. Ne-ne aql-idroklar, kuch-quvvatlar, mablagʻlar manfaatlar yoʻlida sovurilmoqda. Manfaatlar gʻanimlik, dushmanlik urugʻini bearmon sochmoqda. Isteʼmolchilik ortidan urchiyotgan xudbinlik tuygʻusi allaqayerdagi sunʼiy-yasama tushunchalar orqali hali shakllanib ulgurmagan onglar, tafakkurlarni yoʻldan ozdirmoqda. Erkakning erkakligiga, ayolning ayolligiga tahdid solmoqda. Oʻzbek uchun eng muqaddas hisoblangan “oila” tushunchasini gʻorat qilmoqda. Ahvolning tashvishli, hatto tahlikali tus olishi shundaki, Prezident juda topib aytganidek, maʼnaviy tahdidlar chegarani buzmay, eshiklarimizni taqillatmay, xonadon sohiblarini ogohlantirmay-netmay uyimizga, oilamizga, qalbimizga kirib, joylashib olmoqda.

Bu singari bong urishlar, ogohlikka daʼvatlar quloqlarga bot-bot chalinganini tan olmoq adolatdan, albatta, biroq nima sababdan oʻzimiz istagan natija, samara koʻrinmayapti, degan koʻndalang savol tugʻilmoqda. Prezident javobini berdi bu savollarning: jamiyatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar ilmiy asosda tashkil etilmagani, tahlil qilinmagani uchun ham kutilgan natija koʻrinmayapti. Shundan kelib chiqib, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining “Maʼnaviyat targʻibotchisi” oʻquv muassasasi negizida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutini tashkil etish taklifi bildirildi.

Bu yangi tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabr kunidan ilm-fanga izchil ahamiyat bera boshlagan konseptual yondashuvning mantiqiy davomi. Tabiiy, majlisda islohotlarning natijasini taʼmin etuvchi moliyaviy asoslar, chunonchi, raqamlar belgilandi. Maʼnaviyat ishlarini tizimli tashkil qilish mexanizmini puxtalash, jumladan, maktabgacha tarbiya, maktab, mahalla rolini oshirish, shuningdek, tariximizni milliy ruhiyatimizdan kelib chiqqan holda oʻrganish, yaratish vazifalari qoʻyildi.

Mamlakatimizda maʼnaviyat masalalari bilan bevosita shugʻullanadigan markazlar, tashkilotlar, idoralar mavjud, yigʻilishda ularning ish faoliyatini tubdan oʻzgartirish, yangilash orqali yaxlit tizim vujudga keltirishga doir vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbarining ayni holatdan kelib chiqqan holda ilgari surgan xulosasi milliy zehniyatimizda hamisha barhayot boʻlmish boqiy magʻz-maʼnoga oʻzgacha, yangicha kuch-quvvat bagʻishladi.

Maʼnaviyat ishi — hammaning ishi. Vujudida insonlik martabasi mavjud deb hisoblaydigan har bir vatandoshimiz, millatdoshimiz maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya yoʻlida oʻzini masʼul va burchli his etmoqliklari ham farz, ham qarzdir.

Ozon qatlami va ziyolilar

Bu mavzudagi yigʻilishlar, anjumanlarni, ayniqsa, biz, ziyolilar, qalam ahli tugamasa, deymiz. Xususan, tadbirning shaxsan Prezident raisligida oʻtayotgani, u kishidagi yangi fikr-mulohazalarga tashnalik, fikr almashishga boʻlgan ishtiyoq, chorlov majlis ishtirokchilari shuurida, qalbida olam-olam taassurot uygʻotganiga shak-shubha yoʻq. Ayniqsa, Yozuvchilar uyushmamiz rahbariyatiga, faollariga koʻrsatilgan eʼtibor, berilgan dalda ijod ahlining gʻayratiga gʻayrat qoʻshgani muqarrar. Minbardan soʻzlar aytildi, Prezident “Yana kimda qanday takliflar, istaklar bor, marhamat”, deya iltifot koʻrsatdi. Shunga qaramay, istihola, oʻngʻaysizlik, qolaversa, majlis ahlining qimmatli fursatlarini olmaslik andishasi jurʼatni jilovladi. Vaholanki, Prezidentga, majlis ahliga aytar mulohazalarim bisyor edi...

Yuzaki qaraganda, maʼnaviyat koʻzga koʻrinmas, mavhum tushunchadek tuyuladi. Aslida esa maʼnaviyat har qadamda, har lahzada koʻz oʻngimizda namoyondir. Inson sahar uyqudan uygʻongan lahzalardan to oqshom boshi yostiqqa tekkunga qadar uni maʼnaviy qadriyatlar biron lahza tark etmaydi. Oddiy muloqot chogʻidagi muomala-munosabatda, bejirim imorat yoki shinam xiyobon quchogʻida maʼnaviyat uchqunlari, yogʻdulari charaqlab turadi.

Buyuk F. Dostoyevskiy asarlaridan birida shunday jumla keladi: “Koʻcha shu darajada zimiston ediki, beixtiyor jinoyatga qoʻl urging keladi”. Maʼnaviyatdan, nazokatdan yiroq qalb egasining dili bamisoli zimiston koʻcha, shu bois u ezgulikdan koʻra yovuzlikka moyil. Maʼrifatchining, ijodkor ahlining vazifasi, burchi esa ana shunday odamlar qalbiga choʻgʻ ola kira bilishda.

Men eʼtiboringizni koʻcha harakati madaniyatiga, yaʼni maʼnaviyatiga qaratmoqchi edim. Turmush tarzining farovonlashuvi sharofati bilan mamlakatimiz koʻchalarida harakat tigʻizligi kun sayin tashvishli holatlarni keltirib chiqarmoqda. Yuz berayotgan baxtsiz hodisalar, bevaqt yoʻqotishlar ham haydovchilar, ham piyodalarga qaratilgan “Koʻcha harakati madaniyati” yoʻnalishida alohida tadbir va dasturlar ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Ehtimol, shunda koʻplab amaliy samaraga erishilgan boʻlar edi.

Prezidentimiz “atrofimizdagi barcha siyosiy-ijtimoiy jarayonlarni chuqur tushunib, taʼsirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlarimiz juda kam”ligini aytganida beixtiyor Yer yuzidagi hayot hamda yashovchanlik muhitini taʼmin etishda ozon qatlamining oʻrni qandayligi yodga tushdi.

Tegishli fanlardan maʼlumki, nari borsa 3 — 5 santimetr qalinlikdagi ozon qatlami kislorodni toʻyintiradi va Quyoshning zararli taʼsirlaridan tabiatni, jondorlarni asraydi. Jamiyatdagi ziyoli qatlamni ana oʻsha ozon qatlamiga qiyoslashadi, yaʼni ziyoli qatlam nihoyatda yupqa va nafis boʻladi.

Savol tugʻiladi: soni 35 milliondan oshib borayotgan mamlakatimiz aholisini maʼnaviyat-maʼrifat deb ataluvchi kislorod bilan taʼmin etuvchi “ozon qatlami” — ziyoli qatlam nechogʻli puxta, nechogʻli kifoya qiladi? Muxtasar aytganda, bor imkoniyat yetarlimi? Yoxud bu qatlamni yana-da koʻpaytirish, uning sifat darajasini oshirish ustida bosh qotirishimiz darkormi?

Ular yoʻq emas, bor, lekin, davlatimiz rahbari aytganidek, juda-juda kam. Vaholanki, taʼsirchan targʻibotchilik mutlaqo xos soha, mutlaqo nozik va jiddiy mahorat talab etuvchi sanʼatdir.

2015-yil bahorida rus xalqining sevikli adibi Valentin Rasputin vafot etdi. Shunda Rossiya televideniyesi bergan rasmiy axborot quyidagicha boshlandi: “Umer duxovnыy gubernator Irkutska, pisatel Valentin Rasputin...”

Savol tugʻiladi: misol tariqasida aytsak, Forish tumanida “duxovniy gubernator” bormi? Chiroqchi yo Buvaydaning “maʼnaviy hokim”i kim? Urganch yoki Toshkent shahrining maʼnaviy yetakchisi boʻlsa, ularni hokimlar taniydilarmi, aholi taniydimi?

Keng xalq ommasi, kezi kelganda, ana shunday maʼnaviy faollar soʻziga quloq soladi, ularga ishonadi, ularga ergashadi. Shu nuqtayi nazardan ham tahlilchi va ekspertlar safini nihoyatda jiddiy mustahkamlashimiz zarurligi koʻrinadi.

...Videoanjuman nihoyasiga yetdi. Yangidan-yangi fikrlar, mulohazalar tasavvurlarimizda qaytadan koʻz ochdi, bedorlikka chorladi. Zero, zamon, davr va hayot sinovlari biz zamondoshlarni, ayniqsa, ziyolilarni turmushimizga teran nazar-nigoh bilan qarashga, mudom va yana mudom uygʻoqlikka, hushyorlikka undamoqda.

Xurshid DOʻSTMUHAMMAD,

yozuvchi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер