“Barselona”ning magʻlubiyatsiz seriyasi, “Atletiko Madrid”da kutilmagan durang, “Valensiya”dan esa navbatdagi gʻalaba

10:30 22 Sentyabr 2025 Sport
112 0

Kecha, 21-sentyabr kuni Ispaniya La Ligasida 5-turning bir qator oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Quyida ushbu oʻyinlardagi asosiy voqealar bilan tanishtiramiz:

“Atletik Bilbao” safarda magʻlub boʻldi

Ispaniya La Ligasini “Sevilya”, “Rayo Vallekano” va “Real Betis” kabi klublarni magʻlub etish bilan boshlagan “Atletik Bilbao” jamoasi soʻnggi 2 ta oʻyinda magʻlubiyatga uchradi.

Dastlab, klub La Liga 4-turida kutilmaganda oʻz maydonida “Alaves” klubiga magʻlub boʻldi. UEFA chempionlar ligasida esa “Arsenal” klubi “Atletik”ni “San Mames”da magʻlub etdi.

Ushbu turda esa “bilbaoliklar” “Valensiya” klubi maydoniga safar qildi. “Arsenal” bilan oʻyinga solishtirganda “Atletik” tarkibida 3 ta oʻzgarish amalga oshirildi.

Qanot himoyachilari Andoni Gorosabel va Adama Boiro bu gal zaxirada qoldirildi. Ularning oʻrnini Yuri Berchiche va Xesus Areso egalladi.

Tayanch yarim himoyachi Mikel Vesga esa Ruis de Galarretaga almashtirildi.

Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. Ikkinchi boʻlimning 73-daqiqasida Baptiste Sanamariya oʻyindagi hisobni ochdi. Oʻyinning 60-daqiqasida “Atletik Bilbao” himoyachisi Daniyel Vivianga qizil kartochka koʻrsatildi. 90+3 daqiqada Ugo Duro hisobdagi farqni ikkiga yetkazdi. Bahs aynan shu hisob bilan yakunga yetdi.

“Sofascore” portali oʻyindan soʻng, Baptiste Sanamariyani “oʻyin qahramoni” deb topdi. Uning kechagi harakatlari 9,5 ballga baholandi.

“Valensiya” — “Atletik Bilbao” 2:0

“Valensiya” — J.Agirrezabala, J.Gayya, M.Diaxabi, L.Rioxa, D.Fulkye, S.Tarrega, D.Lopes, X.Gerra, B.Sanamariya, D.Raba, A.Danjuma.

“Atletik Bilbao” — U.Simon, J.Areso, A.Paredes, D.Vivian, M.Xauregizar, Yu.Berchiche, R.Galarreta, R.Navarro, A.Berenguyer, O.Sanset, I.Vilyams.

Gollar — Baptiste Sanamariya 73, Ugo Duro 90+3.

“Atletiko Madrid” Palmada muvaffaqiyatsizlikka uchradi

Madridning “Atletiko” jamoasining bu yilgi ishlari joyida emas. Klub mavsumni “Espanyol” klubiga magʻlub boʻlish, shuningdek “Elche” va “Alaves” kabi klublar bilan durang oʻynash bilan boshladi.

4-turda jamoa oʻz maydonida “Vilyarreal”ni magʻlub etish orqali yana gʻalabali seriyasini boshlashi kutilgandi. Ammo jamoa UEFA chempionlar ligasida “Liverpul”ga magʻlub boʻldi. Endi esa Diyego Simeone jamoasi mavsumni oʻzi kabi muvaffaqiyatsizliklar bilan boshlagan “Malyorka” klubi mehmoni boʻldi. Bu oʻyinda ham “matraschilar”dan omad ochiqchasiga yuz oʻgirdi.

Uchrashuvning 14-daqiqasida “Atletiko Madrid” hujumchisi Xulian Alvares penaltidan foydalana olmadi. 72-daqiqada maydonga tushganiga endi 10 daqiqa boʻlgan klub forvardi Aleksandr Serlot qizil kartochka olib maydonni tark etdi.

Shunday boʻlmasa-da, oʻyinda hisobni ochish Simeone jamoasiga nasib etdi. 79-daqiqada Konor Gallaxer oʻyinda hisobni ochdi. Oradan 6 daqiqa oʻtib, “Malyorka” hujumchisi Vedat Muriki hisobni tenglashtirdi. Uchrashuv aynan shu hisob bilan yakunlandi.

Oʻyindan soʻng, “Sofascore” portali “Malyorka” posboni Leo Romanni “oʻyin qahramoni” deb topdi. Penaltini qaytargan darvozabonning harakatlari 9,4 ballga baholandi.

“Malyorka” — “Atletiko” 1:1

Aniq amalga oshirilmagan penalti: Alvares (14).

“Malyorka” — Roman, Morey (Virjili, 82), Valent, Raillo, Kumbulya (Torre, 36), Moxiko, Darder, Morlanes (Prats, 82), Koshta (Sanches, 68), Asano (Domenek, 68), Muriki.

“Atletiko” — Oblak, Lorente, Le Norman, Langle, Hansko, Simeone (Grizmann, 62), Koke, Barrios (Gallaxer, 68), Gonsales (Rujeri, 77), Alvares (Serlot, 62), Raspadori (Molina, 62).

Chetlatish: Serlot (82).

Gollar: Muriki (85) — Gallaxer (79).

“Barselona” magʻlubiyatsiz seriyasini davom ettirdi

Sentyabr oyi boshida boʻlib oʻtgan “Rayo Vallekano”ga qarshi omadsiz oʻyinni eslamasak, tur “Barselona” jamoasi uchun yaxshi boshlandi.

Klub ayni paytda Ispaniya La Ligasida eng koʻp gol kiritgan jamoa maqomiga ega boʻlib turibdi. “Xetafe”ga qarshi bahs ham “kataloniyaliklar” uchun katta muammo tugʻdirmadi.

Oʻyin oldidan jamoa bosh murabbiyi Xans Flik UEFA Chempionlar Ligasida “Nyukasl”ga qarshi oʻtgan bahsga solishtirganda 4 ta oʻzgarishni amalga oshirdi. Angliyada oʻtgan bahsda qahramon boʻlgan Markus Reshford jamoaning soʻnggi mashgʻulotlariga kechikib kelgani sabab Flik jazo tariqasida uni zaxirada qoldirdi. Shuningdek, himoyachilar Kubarsi, Arauxo va yarim himoyachi Fermin Lopes ham zaxirada qoldi.

Ularning oʻrniga Andreas Kristensen, Erik Garsiya, Dani Olmo va Ferran Torres oʻyinni asosiy tarkibda boshladi. Uchrashuvning 15-daqiqasida hisob ochildi. Dani Olmoning uzatmasidan keyin Ferran Torres oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi.

Oradan 20 daqiqa oʻtib, Torresning oʻzi hisobdagi farqni 2 taga yetkazdi. 62-daqiqada Dani Olmo mavsumdagi birinchi golini kiritdi. Shu tariqa oʻyin 3:0 hisobida mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Uchrashuvdan soʻng, “Sofascore” portali tomonidan Ferran Torres “oʻyin qahramoni” deb topildi. Uning harakatlari 8,4 ballga baholangan. “Flashscore” portali esa Ferranni 8,5 ballga loyiq koʻrdi.

“Barselona” — “Xetafe” 3:0

“Barselona” — Garsiya, Kunde, Erik, Kristensen, Martin (Arauxo, 83), Pedri (Barji, 76), De Yong (Kasado, 60), Olmo, Rafinya (Rafinya, 46), Levandovski, Torres (Fermin, 60).

“Xetafe” — Soriya, Femenia, Abkar, Duarte, Jen (Davinchi, 46), Riko, Martin (Munyos, 46), Milla, Arambarri (Da Koshta, 70), Liso (Sankrais, 80), Mayoral (Kamara, 46).

Gollar: Ferran (15, 34), Olmo (62).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер