“Barselona” osmonida “qora bulutlar”: Yamal ehtimoliy “El Classico” finalini oʻtkazib yuborishi mumkin

11:07 17 Dekabr 2024 Sport
183 0

“Barselona” klubi yulduzi Lamin Yamal “Leganes”ga qarshi oʻyinda jarohat olgandi. Bu kutilganidan jiddiyroq boʻlib, futbolchi taxminan bir oy maydonga tusha olmaydi. Bu haqda “Eurosport” xabar berdi.

Qayd etish kerakki, yakshanba kuni kechasi boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Barselona” oʻz maydonida 1:0 hisobida yutqazdi va bu magʻlubiyat klub uchun katta yoʻqotish boʻldi. Yamal birinchi boʻlimda oʻng toʻpigʻidan jarohat olsa-da, 75-daqiqagacha maydonda qolib, keyin oʻrnini Gaviga boʻshatdi.

“Koʻk-anor ranglilar” dushanba kuni rasmiy saytida Yamaldagi jarohat haqida bayonot berdi. Unda futbolchining toʻpigʻidagi oldingi tibiofibulyar boylamga 1-darajali jarohat yetganligi maʼlum qilindi. Yamal jarohat tufayli uch-toʻrt hafta maydonga tusha olmaydi va 2025-yil boshida qaytishi kutilmoqda.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, 2025-yilgi Ispaniya Superkubogi 8-12-yanvar kunlari Saudiya Arabistonining Jidda shahrida boʻlib oʻtadi. Turnirda “Real Madrid”, “Barselona”, “Atletik” va “Malorka” klublari ishtirok etadi. Yarim final bahslari 8-yanvar kuni “Real Madrid” va “Malorka”, 9-yanvarda esa “Barselona” va “Atletik” oʻrtasida boʻlib oʻtadi. Final uchrashuvi 12-yanvar kuni tashkil etiladi, reglamentga koʻra, durang natija qayd etilsa, qoʻshimcha boʻlimlar oʻtkazilmay, gʻolib penaltilar seriyasida aniqlanadi.

Futbol jamoatchiligi esa finalda aynan “El Classico” kutilmoqda va unda yosh yulduzning oʻynashi kutilayotgandi. Ammo bu amalga oshmay qolishi ham mumkin. Tuzalishga ketadigan vaqt choʻzilib ham ketishi mumkin.

Lamin Yamal joriy mavsumda “Barselona” uchun muhim oʻyinchi boʻlib, 6 ta gol va 11 ta golli uzatma bilan oʻzini koʻrsatmoqda. U jamoa toʻpurarlari roʻyxatida Robert Levandovski va Rafinyadan keyin uchinchi oʻrinda bormoqda. Shuningdek, Yamal Yevropaning top 5 ligalari orasida eng koʻp golli uzatma bergan futbolchilar roʻyxatida uchinchi oʻrinni egallab turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер