Banan tomorqadan bozorga yoʻl olmoqda

13:48 28 Yanvar 2026 Jamiyat
194 0

Bugun tomorqada faqat kartoshka yoki sabzavot emas, balki bozori tayyor, daromadi yuqori mahsulot yetishtirish mumkin. Shoʻrchi tumani “Shaldiroq” mahallasida yashovchi Alisher Boltayev ana shunday tajribani yoʻlga qoʻyib, issiqxonada banan, papayya va limon parvarishi bilan shugʻullanmoqda.

Uning tomorqasidagi issiqxonada bir vaqtning oʻzida bir nechta turdagi ekinlar yetishtiriladi. Alisher Boltayevning aytishicha, avval limon koʻchatlari hosilga kirgunga qadar issiqxonadan unumli foydalanish maqsadida bodring ekilgan. Hozir esa eʼtibor asosan yuqori daromadli mahsulotlarga qaratilgan. Xususan, sakkiz oy avval ekilgan banan koʻchatlari qisqa muddatda hosilga kirib, natija bermoqda. Shu bilan birga, bodom koʻchatlari ham ekishga tayyor holatga keltirilgan.

— Tomorqada eng muhimi — yerni bekor qoldirmaslik, — deydi Alisher Boltayev. — Qaysi ekin bozorbop boʻlsa, oʻshani yetishtirish kerak. Issiqxonada banan kam parvarish talab qiladi, hosili esa barqaror. Toʻgʻri yondashuv bilan tomorqa oila uchun ishonchli daromad manbaiga aylanadi.

Kelgusida u yana bir issiqxona qurib, banan yetishtirish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu tajriba tomorqadan samarali foydalanish orqali ham tadbirkorlikni rivojlantirish, ham bozorni sifatli mahsulot bilan taʼminlash mumkinligini koʻrsatmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер