Andijon atirgullari jahon bozori sari yoʻl olmoqda

14:04 28 Yanvar 2026 Jamiyat
187 0

Baliqchi tumanida qishloq xoʻjaligining noanʼanaviy, biroq yuqori qoʻshimcha qiymatga ega yoʻnalishlaridan biri atirgulchilik izchil rivojlanmoqda. Xususan, tumanda faoliyat yuritayotgan “Chinobod nurli zamin” agrofirmasi dalalarida 600 xildan ortiq atirgul koʻchatlari parvarishlanmoqda. Ushbu koʻchatlar nafaqat ichki bozor, balki xorijiy davlatlarga ham eksport qilinyapti. Oʻtgan yilda agrofirma tomonidan Rossiya, Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston hamda Belorussiya davlatlariga jami 1 million tup atirgul koʻchati eksport qilingan. Bu esa Baliqchi atirgulchiligining tashqi bozorlarda ham oʻz xaridori borligidan dalolat beradi. Eʼtiborli jihati shundaki, joriy yildan boshlab atirgulchilik mahsulotlari eksporti yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan.

—Hozirda bu yoʻnalishda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda,-deydi tuman hokimligi masʼul xodimi Muzaffarbek Karimov. -Xususan, oʻtgan mavsumda yigʻib olingan atirgul yaproqlari belgilangan talablar asosida quritilib, qadoqlash ishlari amalga oshirilyapti. Zero, jahon bozorida mazkur mahsulotning 1 kilogramm narxi 160–250 AQSH dollari atrofida baholanmoqda.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, quritilgan atirgul gulbarglari tarkibida inson salomatligi uchun foydali boʻlgan tabiiy moddalar mavjud. Ular immunitetni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois ushbu mahsulotga jahon bozorida talab yuqori. Quritilgan atirgul yaproqlari tibbiyotda, kosmetologiya sohasida, shuningdek, oziq-ovqat sanoatida, ayniqsa qandolatchilik va parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarishda keng qoʻllaniladi. Eʼtiborga molik tomoni shundaki, atirgul xomashyosini eksport qilayotgan davlatlar soni hali koʻp emas. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, Baliqchi tumanida ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar istiqbolli hisoblanadi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?