Baliqchilik klasteri: zamonaviy usullar samarasi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan 406 ta baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan joriy yilda 32 ming tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan. Hozir viloyatda bu borada intensiv texnologiyalarni qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda aerator moslamalarini oʻrnatish evaziga 165 gektar suv havzalari intensivlashtirildi.
Pastdargʻom tumanidagi baliqchilik klasteri dastlab 4 gektar maydonda oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, keyinchalik havzalari hajmini 32 gektarga kengaytirdi. Ayni paytda ushbu klaster tomonidan yiliga 1 ming 700 tonna baliq aholi dasturxoniga yetkazib berilmoqda. Muhimi, bu yerda seleksiya urugʻchiligi ishlari toʻliq siklda amalga oshirilib, baliqchilik xoʻjaliklari bir yilda 3 million dona baliq chavoqlari bilan taʼminlanadi.
Klaster qoshida 300 tonna baliq yetishtirishga moʻljallangan issiqxona hamda sigʻimi 700 tonna boʻlgan muzlatgich tashkil qilingan boʻlib, bu yerda yarim tayyor mahsulotlar saqlanadi.
Baliqlarni oziqlantirish, ularni kislorod bilan toʻyintirish, koʻproq mahsulot olish maqsadida xorijiy davlatlardan zamonaviy uskunalar olib kelib havzalarga oʻrnatilgan. Bundan tashqari, baliqlar uchun zarur boʻladigan ozuqalarni xoʻjalikning oʻzida tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.
— Issiqxona tashkil etishimizga sabab, yer ostidagi 360 metr chuqurlikdan suv chiqarganmiz. Uning issiqligi 23 darajada, — deydi baliqchilik klasteri rahbari Toʻlqin Joʻramurodov. — Issiqxonaning ichi 27 darajada boʻlib turadi. Bu baliqlarning yashashi, rivojlanishiga mos keladi. Avval bir gektardan 3 tonna baliq olib kelgan boʻlsak, baliqlarni oziqlantirish, kislorod bilan toʻyintirish uchun zamonaviy uskunalar oʻrnatganimizdan keyin hosildorlik 30 tonnagacha chiqdi.
Darvoqe, baliqchilik klasterida aholi xonadonlariga kichik hajmdagi basseyn va chavoqlar hamda baliq ozuqalari yetkazib berilib, yetishtirilgan baliqlar klaster tomonidan sotib olinmoqda. Bu bilan aholini bandligi taʼminlanib, daromadlari ham oshmoqda.
Kelgusida baliqchilik klasterining imkoniyatlaridan kelib chiqib, hududda agro va ekoturizm sohalarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Havzalar boʻyida zamonaviy kempinglar qurish, baliq oviga qiziquvchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish, shu bilan birga baliq mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash loyihalarini ham amalga oshirish belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring