“Bayram sayliga yangi ravon yoʻldan boramiz”

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Uygʻonish fasli Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Qatagʻon mahallasi ahli uchun har yilgidan quvonchli keldi. Gap shundaki, ancha uzoq tarixga ega maskanda yashovchilarning oʻtgan asrdan buyon durustroq taʼmir koʻrmagan ichki yoʻllariga uch kun ichida asfalt yotqizilib, koptok yumalatsa toʻxtamaydigan ravon holatga keltirildi. 6,5 mingdan ziyod nufusga ega yigʻin bu imkoniyatni “Tashabbusli byudjet” loyihasining avvalgi mavsumida yuqori darajadagi uyushqoqlik bilan qoʻlga kiritgan edi.
— Uch kilometrdan ortiq masofaning asfaltlanishi tuman markazidan yigirma chaqirim olisdagi mahalla uchun kichik masala emas, unga davlat tomonidan 1 milliard 260 million soʻm sarflandi, — deydi MFY raisi Erkinboy Boriyev. — Kishining koʻnglini koʻtarib yuboradigan bunday xayrli yumush bajarilayotgan chogʻda koʻpchilikning gʻayrati joʻshadi, boshqalarga yaxshilik sogʻinib, dil tubidagi ezgu maqsadini amalga oshirgisi keladi. Odamlar uy-joy, hovlisi atrofini sarishtalashga tushib qolishdi. Mahalla kayvonilaridan – yuz yoshni qoralab qolgan Lola momo Mirzaahmedovning xonadonida sumalak qaynadi, boshqa bir hovlida halim pishirildi. Bahorning tansiq taomlari birinchi navbatda yoshi ulugʻ insonlar, kamxarj oilalarga yetkazildi, soʻngra astoydil ishlayotgan yoʻlsozlarga tutildi.
Darvoqe, shu kunlari ogʻir xastalik bilan bir necha yildan buyon toʻshakka mixlanib qolgan Adhambek Ahmedov jiddiy tibbiy amaliyotdan soʻng uyga oyoqda yurib qaytdi. Uning toʻla tuzalib ketishida ham mahalladoshlar birdamligi asqatdi. Davolash xarajatlarning asosiy qismini saxovatli insonlar oʻrtaga tashlashdi.
Ahillik, oqibat koʻrsatish bilan katta ishlarning uddasidan chiqish xalqimizning boqiy qadriyatlaridan. Keyingi paytda masalalar yechimiga kattayu kichikning boshini qovushtirayotgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi ham qoʻshilganligi ayni muddao boʻldi. Uning sharofati bilan Navroʻzning mahalla guzarida oʻtkaziladigan bu galgi sayliga tep-tekis asfalt koʻchalardan boramiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatda Qatar Shoʻro kengashi Raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oʻz ishini boshladi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring