“Bahorgi asalning xaridori koʻp”

Rustam Nurmatov/“Xalq soʻzi”. Sarmichliklar Botir Dodoyevni asalarichilik sohasining yetuk bilimdoni deb biladi. U bunga osonlikcha erishmadi. Asalarichilikka oid koʻplab maqolalar, darsliklarni oʻqidi. Jizzax, Zomin va boshqa tumanlarga borib, tajribali asalarichilardan maslahat oldi. Asalari biznesini boshlashdan oldin bu soha yaxshi daromad keltirishini bilib, barcha qiyinchiliklarga chidadi. Endi Sarmichda undan oʻtadigan asalarichi yoʻq.
— Asalarichilik butun yil davomida tinimsiz mehnat degani. Asalarilarni qishdan olib chiqishning oʻzi boʻlmaydi, — deydi yangiobodlik tadbirkor B. Dodoyev. — Asalarilarim kasallikka chidamli. Ular bilan ishlashni yaxshi koʻraman. Shuni orqasidan oila boqib kelyapman. Roʻzgʻorimiz badastir. Orzu-havaslar bilan toʻylar qildik. Jizzax viloyatida boshqa joylarda uchramaydigan shifobaxsh oʻsimliklar koʻp. Tabiati toza. Togʻ havosi. Asalarichilik mavsumi mart oxiri yoki aprelning boshlarida boshlanadi. Bahor gullaridan olingan asaldan yuz foiz tabiiy giyohlarning hidi kelib turadi. Shuning uchun ham bahorgi asalning xaridori koʻp.
Koʻpchilik asalarini faqat asal ishlab chiqaradi, deb oʻylaydi. Albatta, bu asosiy vazifasi, shu bilan birga, oʻsimliklarni changlatuvchi ham hisoblanadi. Asalarilarning ishtirokisiz koʻplab oʻsimliklar meva bermaydi. Asalari yuz gramm nektar yigʻish uchun milliontacha gulga qoʻnadi. Bir kilogramm asal toʻplash uchun bir necha yuz ming kilometr masofani bosib oʻtadi. Bu yer shari atrofini taxminan oʻn marta aylanib chiqishga tengdir. Har kech ataylab asalari qutilari turgan joyga borib, quloq tutaman. Uylariga bol olib kelayotgan minglab asalarilar bir-biriga: “hoy, mening yukim ogʻirroq, yoʻl beringlar!” degandek guvullagani eshitiladi. Shu ovoz xuddi qadim bir kuydek menga orom beradi.
Hozirgi kunda Botir Dodojonov oʻz xonadonida yuz yashik asalari parvarish qilmoqda. Asalaridan yiliga 1-1,5 tonnagacha asal olib, 100-150 mln. soʻmgacha daromad topadi. Asalarilari nektar axtarib uzoq-uzoqlarga uchib ketmasligi uchun tomorqasida 0.07 gektarlik mevali bogʻ barpo etgan. Asalarilar uyasi yonida doim suv boʻlishi uchun yogʻin suvlari yigʻiladigan havzasi ham bor. Yigʻilgan suvdan ekinlarni tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻygan. Endilikda mohir asalarichining tajribasini oʻnlab sarmichliklar oʻrganmoqda. Asalarichilikka moslashgan mahallalardagi koʻplab oilalarda asalarilar ijro etayotgan simfoniya yangramoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring