Bagʻdodda Chili qalampiri yetishtirilib, eksport ham qilinmoqda

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bagʻdod tumanida azaldan achchiq qalampir yetishtirish borasida oʻziga xos tajriba shakllangan. Bugungi kunda imkoniyat va imtiyozlardan foydalangan holda achchiq qalampir yetishtirish, quritilib, qayta ishlab, qadoqlangan holda eksport qilish boʻyicha yutuqlarga erishilmoqda.
Tumanning Mirzaobod mahallasida yashovchi Abduroziq Homidov ota meros dehqonchilik yumushini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishga muvaffaq boʻldi. Tadbirkor Hindistondan jahon bozorida xaridorgir Chili achchiq qalampiri urugʻini olib kelib, mahalliy iqlim sharoitida undan moʻl hosil olmoqda. Hozirgi kunda kooperatsiya asosida mahallada ushbu navli achchiq qalampirni yetishtirish, tabiiy usulda quritish, maxsus tegirmonda qayta ishlash va dunyo bozorlariga eksport qilish yoʻlga qoʻyilgan.
— Shuningdek, tumanda ehtiyojmand oilalarga berilgan yerlarda ham qalampir ekib, uning hosilini oʻzimiz sotib olamiz, — deydi Abduroziq aka. — Shu kunlarda qalampir ekishga qiziqqan ana shu kabi yangi oilalarga 1 gektar maydonga Chili qalampiri koʻchati yetkazib berildi.
Mahalladagi hokim yordamchisi Shuhratjon Nabiyevning maʼlum qilishicha, qalampirchilik mahallaning asosiy drayveri sifatida belgilangan. Ayni paytda mahalladagi 736 ta xonadonning 610 tasi (82 foizi) qalampirchilik bilan shugʻullanadi. Bu ehtiyojni qondirish uchun Bogʻzor koʻchasida joylashgan 33 ta xonadon egalarining barchasi qalampir koʻchati yetishtiradi.
Shu koʻchadagi Islomjon Soliyev xonadoni ehtiyojmand oila sifatida qizil toifaga kiritilgan edi. Oilaning 9 sotix tomorqasida har yili oʻrtacha 900 ming dona qalampir koʻchati parvarishlash yoʻlga qoʻyilib, yiliga oʻrtacha 65-70 million soʻm daromad olishiga koʻmaklashildi. Natijada ushbu xonadon qizil toifadan chiqarilib, oila aʼzolarining jon boshiga yillik daromadi 7 million soʻmda oshishiga erishildi. Bugungi kunda mahalladagi yana 200 ga yaqin xonadonda qalampir parvarishlashni yoʻlga qoʻyish va mazkur oilalarni muqim daromad manbai bilan taʼminlash orqali qizil toifadan chiqarish maqsad qilingan.
Mahalla hududidagi “Перец Импех”, “Мир вкуса”, “Агроспетий” MCHJlar eksport faoliyati bilan shugʻullanadi. “Qalampir agrosavdo” oilaviy korxonasi, tadbirkorlar Xurshidbek Mahmudov va Abdulaziz Matkarimov qalampirni qayta ishlash faoliyatini yoʻlga qoʻygan.
Yaqin istiqbolda mahallada qalampir yetishtirish salmogʻini yanada oshirish va shu orqali yillik eksport hajmini 3,5 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring