Badiiyat faylasufi yoxud falsafaning shoiri
Foto: Arxiv surat
Ibrohim Gʻafurov tavalludining 85 yilligi
Oʻzbekiston Qahramoni, atoqli ijodkor, yirik olim, faol jamoat arbobi Ibrohim Gʻafurov umrining yangi dovonini oshib oʻtmoqda. Adabiyotshunos, tarjimon, adib va publitsist sifatida oʻziga xos maktab yaratgan, milliy adabiyotimiz xazinasini boyitishga ulkan hissa qoʻshgan bu insonni yurtimizda tanimagan-bilmagan kam uchraydi. Ibrohim Gʻafurovning koʻz nuri, qalb qoʻri bilan vujudga kelgan asarlar qanchadan-qancha xonadonlarda kitob javonlarini bezab turgan boʻlsa, ijodkorning oʻzi, quvvai hofizasi, mansuralari, tarjimalari haqida bitilgan kuzatishlar, qilingan tadqiqotlar, esdaliklar ham adabiyot ixlosmandlari tomonidan shunchalik qadrlanadi.
Quyida ijodkor haqida atoqli olimlar tomonidan yozilgan dilnomalardan parchalarni eʼtiboringizga havola qildik.
***
...Ibrohimjonning bosib oʻtgan yoʻllari haqida oʻylar ekanman, meni yana bir narsa hayratga soladi va havaslantiradi — u shu paytga qadar juda halol va juda pokiza hayot kechirdi. Axir, biz hayotni har qancha maqtab ulgʻaymaylik, uning jozibador tomonlarini aytib alqamaylik, uning oʻta shafqatsiz tomonlari, dosh berish qiyin boʻlgan sinovlari ham bor. Inson umri uzun yoʻlga oʻxshaydi, biroq bu uzun yoʻl chaman-chaman ochilgan gulzorlardan iborat emas, uning past-balandliklari, oʻnqir-choʻnqirlari, loyqalar va hatto nopokliklar bor. Bu loyqalar oyogʻingizga chirmashishga, badaningizga yopishishga, yuzingizda bir umrga ketmaydigan sharmandalik dogʻi boʻlib muhrlanib qolishga intiladi. Bu yoʻllardan kirlanmay oʻtishning oʻzi katta fazilatdir. Ibrohimjon biron joyini loyga bulgʻatmay, pokizaligini saqlab oʻta oldi. Yoʻq, men Ibrohimjonni butun umrida biron marta ham xato qilmagan, adashmagan, benuqson, bekamu koʻst inson deb aytmoqchi emasman. Negaki, adashmaslik, nuqsonsizlik faqat Allohga xos. Beayb — Parvardigor. Bandasiki bor, albatta, adashadi. Ammo adashishda adashish bor. Ibrohimjon esini tanib, ulgʻayib odamlar jamiyatiga qadam qoʻyganidan beri shu paytga qadar biror odamning tagiga suv quygani yoʻq, biror odamning gʻiybatini qilib, uni tuhmat, boʻhtonlarga qoʻygani yoʻq, birovning molini tortib olgani, birovning ogʻzidagi luqmasini yeb qoʻygani, birovni qon qaqshatgani yoʻq, hasad va baxillik koʻchasiga kirgani yoʻq. Halollik, poklik deganlari shuning oʻzi emasmikin? Uning chehrasida barq urib turadigan doimiy nuroniylik shundan emasmi?
Ozod SHARAFIDDINOV,
Oʻzbekiston Qahramoni.
***
...Ibrohimjon oʻziga zamondosh koʻplab munaqqidlar kabi ilmiy-tanqidiy faoliyatni badiiy ijod bilan qoʻshib olib boradi, ham nasrda, ham sheʼriyatda qalam tebratib keladi. Uning XX asr ikkinchi yarmi Sharq sheʼriyati, yangi — modern sheʼriyatiga hamohang tarzda yaratgan mansuralari tevaragida adabiy davralarda turli fikr-mulohazalar aytildi, aytilmoqda. Afsus, hozircha ular jiddiyroq oʻrganilgan, haqqoniy bahosini olgan emas. Munaqqidning oʻzi eʼtirof etganidek, mansuralar erkin sheʼr janriga juda yaqin, lekin erkin sheʼr emas. Ular muallifni oʻrtagan oʻy, xayol, orzu va erishilmagan, yoʻqotilgan narsalar toʻgʻrisidagi fikr oqimlari, shaxsiy kechinmalari, oʻy-mushohadalari izhoridir. Soʻnggi “Hayo — xaloskor” kitobiga kirgan, muallifning oʻzi mansuralar, badialar, adabiy-tanqidiy esselar, suhbat, publitsistika deb taqdim etgan narsalar ifoda yoʻsini, ohangi, tahlil, talqin usullari jihatidan bir-birlariga nihoyatda yaqin.
Bu kitobda yarq etib koʻringan milliy tanqidchiligimiz uchun ibrat, saboq boʻlarli yana bir jihatga eʼtiborni tortishni istardim. Ibrohimjon adabiy asarlar va hodisalarga faqat munaqqid, yozuvchi-shoir emas, ayni paytda tarjimon nigohi orqali yondashadi, asar matnini jumlalargina emas, har bir soʻz, harflar tovushi, maʼno jilolari, tinish belgilarigacha — barcha unsurlarini koʻz oldiga keltirib, mushohada yuritadi. Hatto Navoiy, Bobur, Mashrab, Olloyor, Qodiriy mutolaasi chogʻida ham ayni shu yoʻldan boradi. Men shunday xulosaga keldimki, har bir munaqqid garchi tarjima bilan bevosita shugʻullanmasa ham, asar matnini tarjimon nigohi bilan ham oʻqish-uqishni odat qilishi zarur ekan. Busiz chin munaqqid maqomiga koʻtarilish qiyin. Ibrohimjon oʻzi tarjima qilgan shoh asarlar va ularning mualliflari haqida yozganida, nazarimda, adabiy tanqidning arshiga koʻtarilgandek boʻladi. Dostoyevskiy, Nisshe, Markes singari daholar toʻgʻrisida faqat tarjimon-munaqqid Ibrohimjongina shu tarzda baland pardalarda yozishi mumkin, qolaversa, u bunday ulugʻ siymolar bilan dil-dildan samimiy suhbatlar, oshkora bahs-munozaralar olib borishga toʻla haqli!
Umarali NORMATOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
***
...Oʻziga xos haroratli soʻzi bilan el-yurt orasida eʼtibor qozongan isteʼdodli adiblarimizdan biri Ibrohim Gʻafurdir. Ibrohim aka — teran fikrli munaqqid, mohir tarjimon, chabdast jurnalist, shoir va jamoat arbobi. Mana, salkam qirq yildirki, adabiyot yoʻlida, demakki, maʼrifat va maʼnaviyat yoʻlida hormay-tolmay mehnat qilib keladi. Salkam qirq yildirki, bu zakovatli va orif inson bilan tanishman, uning soʻzini tinglayman, ogʻir-vazmin, mayin, ammo jurʼatli, xastalikka begona, oʻktam ovozini eshitib kelaman. Bundan quvonaman va qalbimga madad olaman.
Bu ovoz Ibrohim Gʻafuring adabiy-tanqidiy maqolalari, badialari, publitsistikasi va hatto tarjimalarida ham hukmron. Alloh taolo bu insonga alohida zavq va idrok ato etgan. Bizda hech bir tanqidchi sheʼriy asarni Ibrohim Gʻafurdek qiyomiga yetkazib tahlil qilgan emas. U hech qachon asar muallifiga aql oʻrgatib, hukmfarmonlik etmagan. Aksincha, u sheʼrni goʻzal sanʼat asari deb, sanʼat qonuniyati asosida oʻrganar ekan, muallif bilan sheʼriyat haqida suhbat quradi va shu orqali kitobxonning ham dil torlarini sozlab, goʻzallikdan bahra olishga undaydi. Shunda asarning yutugʻi ham, kamchiligi ham namoyon boʻlib boraveradi. Munaqqid yangi isteʼdodlarni kashf etar ekan, oʻzining ham shavq-zavqi toshib ketadi. Zotan, Ibrohim Gʻafurning har bir maqolasi — yaxlit bir badiiy asar, shoirona dil izhori. Ayni vaqtda, uning maqolalari bedor va bezovta ruhning, falsafiy mushohadalar, toza fikrlarning mevasi ham. Munaqqidning badiiy olami va fikriy teranligi bir-biriga shu qadar omuxtalashib ketadiki, baʼzan uni badiiyat faylasufi yoxud falsafaning shoiri degingiz keladi.
Najmiddin KOMILOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring