Azaliy doʻstlik, qardoshlik munosabatlari yana-da mustahkamlanadi

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Turkiy kengash oʻrtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Sababi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev uzoq va yaqin xorijiy mamlakatlar qatori qardosh turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga koʻtarish borasida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
Davlatimiz rahbari 2019-yilning 14-sentyabr kuni “Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunni imzoladi. 15-oktyabrda esa Baku shahrida boʻlib oʻtgan tashkilotning yettinchi sammitida Oʻzbekiston ilk marotaba Turkiy tilli davlatlar sammitining toʻlaqonli aʼzosi sifatida ishtirok etdi.
Oʻtgan vaqt davomida Oʻzbekistonning mazkur kengashga qoʻshilishi turk dunyosi integratsiyasini yana-da kuchaytirishga hissa qoʻshdi. Bizning fikrimizcha, turkiy tilli davlatlarning iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash va mamlakatlar oʻrtasidagi tovar aylanmasi hajmini oshirish boʻyicha qoʻyilgan aniq qadamlar muhim koʻrinadi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tovar, kapital, xizmatlar va texnologiyalar harakatini hamda moliyaviy va bank operatsiyalarini liberallashtirish doirasida savdo va investitsiyalar uchun yana-da qulay shart-sharoitlar, soddalashtirilgan bojxona va tranzit tartib-taomillariga ega boʻlmoqda. Turli hisob-kitoblarga koʻra, 160 mln kishilik salohiyatli bozoriga ega boʻlgan va umumiy savdo aylanmasi 560 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan Turkiy tilli davlatlar kengashi aʼzolarining oʻzaro savdosi 8 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi. Bu esa Oʻzbekistonning yirik bozorlarga kirib borayotganini koʻrsatadi.
Toshkentda Turkiy tilli davlatlar kengashiga aʼzo mamlakatlar ishbilarmon doira vakillarining Investitsion forumi boʻlib oʻtgani hammamizga yaxshi maʼlum. Unda 300 nafardan ortiq ishbilarmon doira vakillari qatnashdi. Qurilish materiallarini ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, neft va gaz, kimyo, avtomobil sanoati, toʻqimachilik, mashinasozlik, turizm, va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari Oʻzbekiston uchun hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga aylandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston transport va tranzit sohalarida ham kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor. Integratsiyalashgan transport aloqalari tarmogʻini yaratish jahon va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqishni taʼminlaydi. Bu “Shimol-Janub” va “Sharq-Gʻarb” xalqaro transport yoʻlaklariga, Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlari bilan bogʻlaydigan avtomobil, temir yoʻl va havo yoʻnalishlariga taalluqlidir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 31-mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida boʻlib oʻtgan norasmiy sammitda ishtirok etib, unda muhim tashabbuslarni ilgari surgani yetakchi ekspertlar tomonidan keng eʼtirof etilmoqda. Zero, unda tashkilot doirasida iqtisodiyot, savdo, transport sohalaridagi koʻp qirrali amaliy hamkorlikni hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, davlatimiz rahbari koronavirus pandemiya taʼsirida davom etayotgan global inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish yoʻlida kengashning yaqin va oʻrta istiqbolga moʻljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Savdo, investitsiya, sanoat, transport aloqalarini tez fursatda tiklash va yangi sharoitlarda rivojlantirish, elektron tijorat hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ishbilarmon doiralar va hududlararo hamkorlik imkoniyatlaridan toʻliqroq foydalanish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Oʻzaro iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, mintaqamizning transport va tranzit salohiyatini oshirish, Kengash doirasida Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish, “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” maqomini olgan Xiva shahrida sentyabr oyida YUNESKO bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusidagi xalqaro forumda hamjihatlikda ishtirok etish kabi takliflar faqat bugungi kun uchun emas, balki uzoq istiqbolga moʻljallangani bilan ahamiyatlidir.
Bular hali hammasi emas. Sammitda birgalikda yirik loyihalarni amalga oshirish masalasi oʻrtaga tashlangani va bu borada faoliyatni tashkil etish uchun Turkiy Kengashning oʻz Investitsiyaviy jamgʻarmasi, Taraqqiyot bankini tashkil etish taklif etilgani shubhasiz, davlatlarning iqtisodiyoti rivojlanishiga turtki boʻlish bilan birga, hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab beradi.
Xulosa oʻrnida aytganda, deputatlar Oʻzbekistonning Turkiy kengashda faol ishtirokini turkiy tilli davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yana-da mustahkamlash va kengaytirish jarayonlarining tabiiy ifodasi deb hisoblashadi. Mamlakatimizning Turkiy kengash faoliyatidagi ishtiroki sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, oʻzaro bojxona toʻsiqlarini olib tashlashga yordam beradi. Bu bilan esa turk mamlakatlari tashqi bozorlarda samarali raqobatlasha oladilar.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring