Ayol — ona, millat tarbiyachisi

12:28 01 Aprel 2023 Jamiyat
2604 0

Foto: Arxiv surat

Ulugʻ ajdodlarimiz oilaning tinch, mustahkam va farovon boʻlishida xotin-qizlarning oʻrni hamda taʼsiri beqiyos ekanini alohida taʼkidlagan. Xususan, Rizouddin ibn Faxriddin “Oila” nomli asarida ayollar haqida shunday yozadi: “Xotunlari tarbiyali boʻlgan xalq — tarbiyali, xotunlari tarbiyasiz boʻlgan xalq — tarbiyasiz, xotunlari tirishqoq, tadbirkor, irodali boʻlgan xalq — boy, xotunlari yalqov yoki isrofgar xalq faqir boʻlishi aniqdir”. Bunday taʼrifdan kelib chiqib aytish mumkinki, xotin-qizlar masalasi jamiyat taraqqiyotida juda katta oʻrin egallaydi.

Mustaqillik Oʻzbekiston ayollarini jamiyatning tom maʼnodagi teng huquqli aʼzosiga aylantirdi. Shu tufayli ular davlat va jamiyat boshqaruvida bevosita yoki bilvosita ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanib, keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu jarayonda yangilanayotgan Konstitutsiyamizga xotin-qizlarning mehnat huquqiga tegishli muhim qoida qoʻshilayotgani eʼtiborga molikdir. Deylik, koʻp vaziyatda ish beruvchilar tugʻish yoshidagi ayolni ishga qabul qilgisi kelmaydi. Yoki xodim farzand kutayotgan boʻlsa, uni ishdan boʻshatish yoki ­maoshini pasaytirish holatlari ham ­kuzatiladi. Konstitutsiya yangi tahririning 42-moddasiga “Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi” degan qoida qoʻshilmoqda.

Mehnat kodeksida shunga yaqin qoida boʻlsada, ular koʻpincha ishlamagan. Chunki davlat tomonidan ayollarni qoʻllab-quvvatlaydigan tizim boʻlmagan. Masalan, xu­susiy ish beruvchi ayol xodimga “dekret” toʻlovini berishni istamagan. Bugun davlat shu ­yukning bir qismini oʻz zimmasiga olyapti. 2022-yil 1-sentyabrdan xususiy sektorda rasmiy ­ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan toʻlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani, bu maqsadlar uchun oʻtgan yili byudjetdan 200 milliard soʻm, 2023-yilda esa 1 trillion 700 milliard soʻm yoʻnaltirilishi onalarning huquqlari taʼminlanishiga xizmat qiladi. Endi xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham 4 oyga 2 million soʻm miqdorida bir martalik homiladorlik nafaqasi toʻlab beriladi. Xullas, ularning mehnat huquqi toʻlaqonli taʼminlanishi uchun asos boʻladigan dasturlar tobora koʻpaymoqda.

Gender tenglik — adolat ustuvorligi

oʻtgan davr mobaynida mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash sohalarida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Zero, ­davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ayol qadri, inson qadri ulugʻlangan yurtda ­tinchlik va farovonlik, ahillik va ­baraka, albatta, barqaror boʻladi.

Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadal­lashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish ­borasida tub burilish davri boshlanganidan dalolat beradi.

Ayni vaqtda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarga ­yaratib berilayotgan ulkan imkoniyat va sharoitlar tufayli ayollarimiz davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etyapti, ularning mavqeyi tobora ortib bormoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosati xotin-qizlarimizga chinakam baxtli yashashi, huquq va erkinliklaridan foydalanishi, intellektual va maʼnaviy yuksalishi, ­kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang ­tarzda bajarishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Davlat hokimiyatining oliy organlariga, shuningdek, shahar, tuman hokimi, vazir, elchi kabi masʼuliyatli lavozimlarga xotin-qizlarning tayinlanayotgani ham ularga boʻlgan ishonchning ortib borayotganini koʻrsatadi.

Bugun mamlakatimiz hayotiga daxldor boʻlgan qarorlarni qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortdi. Hozirgi kunda ayollar ulushi tibbiyotda — 77, taʼlim sohasida — 74, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda, 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida ­rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Agar 2017-yilda xotin-qizlarning boshqaruv ­sohasidagi ulushi 27 foiz boʻlsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar ­safida 40 foizdan 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan 37 foizga yetdi.

Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari boʻyicha maslahat kengashlari yoʻlga qoʻyilishi ham mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollar faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Oʻzbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-oʻringa koʻtarildi.

Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Har bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini gender huquqiy ekspertizasidan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlar muammolarini hal etishda ham kengashib ish koʻrish tamoyiliga amal qilinmoqda. Gap shundaki, endi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha mehnat jamoalarida xotin-qizlar muammolariga samarali yechim topish uchun ayollar kengashlari tuzilyapti. Bu tizim ham hayotiy ehtiyoj tufayli ishlab chiqilgan. Boisi har qanday mehnat jamoasida turli koʻrinishdagi muammolar uchrashi tabiiy. Ayniqsa, xotin-qizlar oʻz muammolarini ochiq ­aytishga istihola qiladi. Ayollar kengashlari ana shunday muammolarni bartaraf etish, qisqacha aytganda, ayollarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Oilada, jamiyatda oʻrni bor inson baxtli

Har bir ayol tinch-xotirjam oila bagʻrida boʻlsa, oʻzini baxtli his qiladi. Yaqinlari qoʻllab-quvvatlovi bilan jamiyatda oʻz yoʻlini, oʻrnini topadi. Yurtimizda oila, xotin-qizlar va keksa avlod vakillari bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish ayni shu jihatdan muhim ahamiyatga ega. Bu borada Prezidentimizning 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim ­dasturilamal boʻlmoqda.

Ushbu hujjat bilan xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika ­komissiyasi, joylarda esa hududiy komissiyalar tashkil etildi.

Farmonda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, oila institutini mustahkamlash va ayollarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Mamlakatimiz tarixida oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil ­etildi.

Nozik xilqat vakillarining jamiyatda oʻz oʻrnini topishi haqida soʻz ketar ekan, ularning yaxshi taʼlim olib, yetuk mutaxassisga aylanishi bu borada muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlash joiz. Zero, yetarli taʼlim olgan, oʻz kasbining ustasi boʻlgan ­inson hayotda qoqilmaydi, orzu-maqsadlari roʻyobi sari ildam qadam tashlaydi.

Zero, hind xalqining buyuk davlat arbobi Indira Gandi “Bir qizni oʻqitsangiz, butun millatni, butun jamiyatni, butun oilani oʻqitgan boʻlar edingiz”, deganida naqadar haq edi. oʻqimishli, ziyoli, fahm-farosatli, zukko ­xotin-qizlar oʻz zurriyotlarini ­bilimli, keng dunyoqarashga ega va yuksak salohiyatli shaxs qilib ­voyaga yetkazadi.

Mazkur jihatlar hisobga olinib, yurtimizda 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilindi. Unga asosan, oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda, ­sirtqi va kechki taʼlimda oʻqiyotgan xotin-qizlarning shartnoma pullarini toʻlash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish, davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning shartnoma toʻlovlari Davlat byudjetidan toʻliq qoplab berilishi tartibi joriy etildi. Shuningdek, endilikda xorijiy oliy taʼlim muassasalariga bakalavriat uchun 50 nafar, magistratura uchun 10 nafar xotin-qizga har oʻquv yilida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali qoʻshimcha grantlar ajratilmoqda. Јolaversa, har yili 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning shartnoma toʻlovlari mahalliy byudjetdan toʻlab berilishi, doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun 300 tadan maqsadli kvota ajratilishi ham belgilandi. Ochigʻi, ayollarning ilm olishini ragʻbatlantirish va ularga koʻmak berish maqsadida joriy etilayotgan bunday imtiyozlar shu paytgacha mamlakatimiz tarixida kuzatilmagan.

Ehtiyojmand ayollarning uy-joy sharoitini yaxshilash masalasida keyingi yillarda mustahkam tizim yaratildi. Ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan ayollarga “ijti­moiy uy-joylar” ijara asosida ajratilishi yana bir muhim yangilik boʻlmoqda. ­Mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda oʻtgan yili 872 mingdan ortiq xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan, 252 mingdan ziyodi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka oʻqitildi. oʻtgan yili 14 mingga yaqin ayollarning uy-joy sharoiti yaxshilandi. “Ayollar daftari” doirasida salkam 642 ming nafar xotin-qizga amaliy yordam koʻrsatilgan.

Oʻxshashi boʻlmagan noyob tizim

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mahallalarda aholi, jumladan, xotin-qizlar bilan muloqot olib borishning mutlaqo yangicha tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shu asosda shahar va qishloqlarda uyma-uy yurib, oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish, ulardagi mavjud muammolarni hal etish tajribasi shakllandi. Ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar va xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, ularning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishini taʼminlash maqsadida jahon tajribasida oʻxshashi boʻlmagan “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari” bilan ishlash tizimi joriy etildi.

Mazkur noyob tizim tufayli minglab oilalarning ahvoli ijobiy tomonga oʻzgardi. Imtiyozli kredit va subsidiyalar orqali yurtdoshlarimiz oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻydi, ish bilan bandligi taʼminlandi. “Inson qadri uchun” tamoyilining yorqin ifodasi sifatida 2020-yildan beri “ayollar daftari”dagi 1,5 milliondan ziyod xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va ­psixologik koʻmak berildi.

Prezidentimiz tomonidan “ayollar daftari” bilan ishlash tizimining 4-bosqichi doirasida manzilli amaliy yordamlar koʻrsatiladigan ehtiyojmand xotin-qizlar qamrovini 1 million nafarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan edi. Bu borada har bir viloyat va tuman (shahar)da masʼullar biriktirilib, mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda. Uyma-uy yurilib, yurtimizning barcha hududidagi mahallalarda 7,7 milliondan ziyod xotin-qizlarning yashash tarzi oʻrganildi. oʻtkazilgan muloqotlar asosida ijtimoiy, huquqiy yoki ruhiy yordamga, taʼlim olish va ishga joy­lashishga muhtoj, 30 yoshdan yuqori 1 million 680 nafar ehtiyojmand xotin-qizning roʻyxati shakllantirildi hamda ularning ­muammolarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan “individual dasturlar” va “yoʻl ­xaritalari” tasdiqlandi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasida xotin-qizlar sonini koʻpaytirishga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda ­Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini keng ­miqyosda qoʻllab-quvvatlash choralari belgilanib, uning moliyaviy manbasi ham aniq koʻrsatib berildi. Jumladan, xotin-qizlarning biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun birgina 2022-yilda qoʻshimcha 1 trillion soʻm ajratildi. Mazkur dastur doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning 4 tril­lion soʻmi esa tadbirkorlik hamda daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va ishini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga yoʻnaltirildi. Јolaversa, endigina tadbirkorlikka qoʻl urayotgan xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million soʻmdan 10 million soʻmga oshirildi.

Yana bir muhim islohot shuki, 2022 — 2024-yillarga moʻljallangan “Biznes ayollar” dasturi qabul qilinib, uning doirasidagi loyihalar uchun 8 trillion soʻm mablagʻ ajratilmoqda. Bu dastur xotin-qizlarni tadbirkorlikka yanada kengroq jalb qilish, ularning biznes faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun investitsiyalar kiritish va eksportni ragʻbatlantirish singari maqsadlarga xizmat qiladi. Qishloq joylarda vaqtincha ishsiz ayollar va umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarini tadbirkorlikka yoʻnaltirish, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish uchun onlayn “Biznes klinika”lar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Ayni paytda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan jamiyatda tadbirkor ayollar ulushini 25 foizdan 40 foizga yetkazish boʻyicha 2022 — 2024-yillarga moʻljallangan alohida dastur ishlab chiqilmoqda. Ushbu ishlarning qamrovini yanada kengaytirish maqsadida har bir bankda raisning bir nafar ayol oʻrinbosari faoliyat koʻrsatishi, shuning­dek, qator banklarda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida ­tuzilmalarni tashkil etish belgilandi.

Yurtimizda “Ayol baxtli boʻlsa, jamiyat baxtli boʻladi” degan ezgu Qoyani hayotimizning kundalik qoidasiga aylantirish, opa-singillarimiz, qizlarimiz, moʻtabar onalarimizga munosib sharoit yaratib berish “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi hisoblanadi. Zero, bugungi farovon hayotimiz ham, yorugʻ kelajagimiz ham, avvalo, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan ayollarga bogʻliqdir.

Muhabbat HAKIMOVA,

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining

Innovatsion taʼlim kafedrasi mudiri,

pedagogika fanlari doktori, professor,

“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?