Ayol hammasiga chidashi kerakmi?

13:57 19 Fevral 2026 Jamiyat
287 0

Bugun internetda bulling (zoʻravon)likning koʻz koʻrib, quloq eshitmagan istalgan turini uchratishingiz mumkin. Yaqinda Navoiyda sodir boʻldi. Qiziltepa tumanida er xotinini oʻlmasdan turib goʻrga koʻmdirgan. Eng dahshatlisi, bu ishni 4 va 2-sinfda oʻqiydigan goʻdak farzandlariga majburlab qildirgan... Diydamiz qotib boʻldi. Bugun bizni hech narsa ajablantirmaydi, hech narsa hayratlantirmaydi. Har kuni bir koʻz tashlab oʻtadigan navbatdagi xabardek, shu zahotiyoq unutamiz loqaydmiz. Seskanmaymiz, etimiz junjikmaydi. Ammo...

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda har yili 20-25 ming nafar ayol oilaviy-maishiy zoʻravonlik boʻyicha ichki ishlar idoralariga murojaat qiladi. Ularning qariyb 60 foizi bolali ayollar. Zoʻravonlik muhitida oʻsgan bolalarning 80 foizida ruhiy shikast belgilari aniqlangan.

“Sokinlik, halovat istasang, qabristonga bor”, deyishadi. Lekin bugun uni boshqacha aytmoqchimiz: agar koʻnglingiz yumshashini, tevarak-atrofga tiyrakroq boqishni, kundalik tashvishlar joningizga tekkan boʻlsa, hamma narsadan zerikkaningizni his qilsangiz va yana shukrona qilishni unutgan boʻlsangiz — reabilitatsiya markazlariga boring.

Zero, u yerlardagi hayot yoʻllari koʻzlaringizni “yarq” etib ochadi.

“Onam yigʻlamasin…”

Karmanalik Sh. hozir 13 yoshda. Ayni paytda onasi, singlisi va ukasi bilan Navoiy viloyatidagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazida yashamoqda.

— Uyimizda doim janjal boʻlardi. Dadam ichib kelib, onamni urardilar. Onam juda koʻp yigʻlardi. Biz himoya qilmoqchi boʻlsak, bizni ham kaltaklab ketardi. Oxirgi marta dadam onamni boshiga temir bilan urdi, onam hushini yoʻqotdi, yordam berolmadik… Dadam hech kimni ayamaydi, hatto 3 yashar singlimni ham. Singlim hali juda kichkina, dadamni koʻrsa qaltirab qochaveradi, yaxshi gapirolmaydi. Dadam doim mast. Uyga yaqin orada yegulik olib kelganini eslay olmayman. 12 ta molimiz bor edi, ularni boqardik. Sut-qatiq sotib topgan pullarimizni ham dadam olib qoʻyadi. Onam “bolalar maktabga borsin” desa ham boshi baloga qolardi. Men va ukam haftalab maktabga bora olmasdik…

— Bu yerda zerikmayapsanmi?

—Muhimi, bu yerda baqir-chaqir yoʻq... Maktabga qatnayapman, sport zaliga borayapman. Ukam maktabdan keyin mashina ustaxonasida ish oʻrganyapti. U yerda ukamga pul ham berishyapti…

— Kelajakda kim boʻlishni istaysan?

— Onamni himoya qila oladigan INSON. Onamning doim tishlari ogʻriydi — tish doktori boʻlishimni orzu qiladi… Ukam esa kompyuterga qiziqadi.

Ayolning joni qirqta boʻlgani bilan yuragi bitta...

— Ayollarimiz hamma narsaga chidaydi. Ular tabiatan shunday yaratilgan. Hatto xiyonatga ham sabr qilishi mumkin. Lekin jismoniy zoʻravonlik bolalariga oʻta boshlaganda, sabri tugaydi, — deydi Navoiy viloyati Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi rahbari Nargiza Ermamatova — Ayovsiz kaltaklar oqibatida baʼzi ayollar umrbod nogiron boʻlib qoladi. Farzandlar esa doim onasini oʻz otasidan himoya qilishga urinadi. Natijada bolalar ham jismoniy va ruhiy jarohat oladi…

Markazda ayollar farzandlari bilan 2 oy yashaydi. Ayni paytda 12 nafar ayol va 15 nafar bola bor. Ular psixologik, huquqiy, ijtimoiy yordam oladi, hunar oʻrganadi, ishga joylashtiriladi. Ketgach esa bir yil davomida monitoring qilinadi, yaʼni ularning hayotini kuzatib boramiz.

Shu kunlarda markazda boʻlib N.ga bir qaragan odamning havasi kelishi tayin. Yoshi 30dan oshgan. Boʻyanmagan, lekin shundogʻam goʻzal. Uning 3 nafar farzandi bor. Nega u reabilitatsiya markazida?

— Bu ishlar kelinligimdayoq boshlangan. Avvaliga shokka tushdim, shunaqa boʻlarkan, deb oʻyladim. Yosh va tajribasiz edim. Keyinchalik erim internetdan behayo videolarni koʻrib, talablari oshib boraverdi. Birovga aytolmasdim, uyalardim — dardim ichimda edi.

Bu holatda qanday qilib 3 ta farzandli boʻldingiz?

— Bolalarimiz koʻp boʻlsa, erimga insof kirar, deb oʻyladim... Lekin badtar boʻlsa, boʻldi. Erimga aql kirmadi. Chidolmay qolganimdan soʻng qaynonamga dardimni uchini chiqardim. Foydasi boʻlmadi, erim oʻzgarmadi...

“Google Analitika” maʼlumotlariga koʻra, hozirda behayo saytlarga eng koʻp tashrif buyuradiganlar — Markaziy Osiyo hududlarida istiqomat qiluvchilar ekan. Yosh doirasi — 15 dan 30 yoshgacha.

Buning oqibati ayanchli. Bizdan oldinroq bu narsa oʻta xatarli ekanini tushunib, anglab yetgan Yevropa va boshqa taraqqiy etgan mamlakatlar aholisi misolida bunga yana bir bor amin boʻlishimiz mumkin. Ular oldinroq bu balolarni boshdan kechirishgan va shu kungacha buning oqibatlari bilan kurashib kelishyapti. Ularda oilaviy qadriyatlar yoʻqolib bormoqda, yoshlar turmush qurish va farzand tarbiyalash masʼuliyatini tan olmaydi, erkin munosabatlar, bir jinsli nikoh, tanasini sotish kasb sifatida tan olinishi va shu kabi jirkanch ishlar aynan taraqqiy etgan mamlakatlarda ommalashib, ayrimlarida esa qonuniylashib borayotganidan xabarimiz bor. Masalan, Germaniya va Xitoyda tanfurushlik kasb sanalishini bilasiz va buning oʻziga yarasha shartlari ham bor. Shu oʻrinda oʻzimizning bir deputat ham “tungi kapalaklar”ni roʻyxatga olaylik, soliq toʻlasin, deb taklif bildirib boshi balolarga qolib ketganini eslang!

Yana bir ayolning eri puldor odam, doʻkoni bor, yashash sharoitlari yaxshi, eri “maʼshuqa”sini uyiga olib kelgan. Koʻchaga chiqolmasligi va hech kimga arz qilolmasligi uchun oʻz ayolining sochini butunlay qirib tashagan. 2-yil davomida xotini va farzandlari bu “maʼshuqa”ning xizmatida boʻlgan. Mahalla, Ichki ishlar qayoqqa qaragan, deysizmi? Bu mutasaddi masʼullarning barchasi puldor erkakning ulfati boʻlishgan! Tuman II boʻlimidan yorugʻlik chiqmagach, bechora ayol Viloyat IIBga murojaat qilgan. Hozirda bu masʼul “ulfatdosh”larga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, tegishli choralar koʻrilmoqda.

Yarashtirish – oxirgi chora emas

Reabilitatsiya markazi psixologi Maʼmura Shukurovaning aytishicha, oilaviy zoʻravonliklardan eng koʻp bolalar jabr koʻrishadi. Karmanalik aka-ukalar bilan birinchi marta gaplashganimni yaxshi eslayman. Ular avvaliga bizga umuman ishonishmadi.

“Sizlar ham onamizni yana uyga qaytarib yuborasizlar, yana otam bilan yarashtirib qoʻyasizlar, keyin otam onamni oʻldirib qoʻyadi”, — deyishdi.

Chunki avval mahalla mutasaddilari bir necha marta er-xotinni “yarashtirib” qoʻygan ekan. Bolalarning ishonchini qozonish uchun juda koʻp harakat qilishga toʻgʻri keldi. Ular ruhan juda ogʻir ahvolda edi. Tajribamizda bunday holatlar koʻp uchrashiga qaramay, har safar yana qiynalamiz…

Psixologik tadqiqotlarga koʻra, oilaviy zoʻravonlikka guvoh boʻlib oʻsgan bolalarning 65–70 foizida depressiya, agressiya yoki ijtimoiy qoʻrquv shakllanadi.

“Biz ayolning qaddini ham, qadrini ham tiklaymiz”

Ijtimoiy xodim Alfiya Qushakbayevaning maʼlumot berishicha, Markazda ayollar pazandachilik, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, bolalar massaji, ayollar pardozi va soch turmagi kabi hunarlarni oʻrganishadi. Hamma ayollarning oʻz mijozlari paydo boʻlyapti.

“Sh. degan ayol bor edi, butunlay tamom boʻlgan ayol. Bu yerda pazandachilikni oʻrgandi. Ayni paytda harbiy qism oshxonasiga ishga joylashtirdik. U boshqa odamga aylandi. Qiyinchiliklar, eri tomonidan koʻrsatilgan jabru zulm uni sindirmadi”

Ha, ayrimlarni muammolar toblaydi. Ular farzandlari uchun ham kuchli ayolga aylanadilar. Markaz mutaxassislari ham ayol, ham erkak bilan bir vaqtda ishlay olmasliklarini taʼkidlashdi. Agar shunday qilinsa, jabrlangan ayolning markazga boʻlgan ishonchi yoʻqolarkan. “Ayollar ichidagi dardini ochiq ayta olmaydi, deyishdi. Bu yerga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayollar ichki ishlar organlari yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan olib kelinadi. Qani imkoni boʻlsa, har bir ayolning taqdiriga alohida toʻxtalib, uni eshitib chiqsang... Chunki har bir holat – bitta fojia…

Qonunlarimiz yengilmi?

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126¹-moddasiga muvofiq, oilaviy-maishiy zoʻravonlik jinoyat hisoblanadi va takroriy yoki ogʻir oqibatlarga olib kelgan holatlarda aybdor shaxs 10-yildan 12-yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Shuningdek, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, jabrlangan ayollarga himoya orderi beriladi va ularga nisbatan tazyiq oʻtkazish taqiqlanadi. Tuzatish dasturlari oxirigacha ishlashi kerak. Biz faqat jabrlangan ayollar va bolalar bilan shugʻullanyapmiz. Lekin zoʻravon erkakning oʻzi bilan ham majburiy ishlash tizimi boʻlishi shart. Ichkilikbozlarga – dispanser, ishsizlarga – bandlik tashkilotlari, ruhiy muammosi borlarga – psixiatr, psixolog va imom-xatiblar jalb qilinishi kerak.

Aks holda, bir ayolni qutqarib, boshqasini fojiaga tashlab qoʻyaverishda davom etamiz. Imkoni boʻlmagan holatda oilalar yarashtirilmasligi kerak. Tamom vassalom! Biz zoʻravonlikdan qoʻrqib qolmadik – unga koʻnikib qoldik. Dahshatli voqea haqida asosan ijtimoiy tarmoqlardan xabar topamiz – biroz larzaga kelamiz, keyin esa yana sukut, yana loqaydlik. Bizning boshqa tashvishlarimiz bor. U biz bilan sodir boʻlmayapti-ku! Qonun bor. Markazlar bor. Mutaxassislar bor. Ular shugʻullansin, deymiz. Lekin javobgarlik qatʼiy boʻlmagan joyda zoʻravonlik davom etaveradi.

Ayolga “chida”, bolaga “sabr qil”, degan jamiyat oʻz kelajagini gumon ostiga tashlayotganini anglamaydi. Himoya orderi qogʻozda qolsa, mahalla “oilaviy ish” deb chetga chiqsa, erkakka jazo emas, imtiyoz berilsa — keyin navbatda yana bir koʻmilgan ayol, yana bir singan bolalik turadi. Bu faqat ayollar muammosi emas, bolalar taqdiri — jamiyat taqdiri. Agar biz bugun mentalitetimizga xos boʻlgan “ayol hamma narsaga chidashi kerak” degan stereotipdan voz kechmasak, ertaga yana koʻp bolalar zorlanadi: “Men onam yigʻlamasligini istayman!”

Maqola boshida keltirilgan Qiziltepadagi holat boʻyicha ayni kunda Jinoyat ishlari boʻyicha Konimex tuman sudida ish koʻrilmoqda. Oʻz xotinini farzandlariga tiriklay koʻmdirgan erkak albatta, jazolanadi... Jamiyat esa bundan xulosa chiqarishi kerak! Nima dedingiz?

Gulchehra BERDIYOROVA,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер