“Atletiko” yoki “Real Madrid”: “Madrid derbisi”da kim gʻalaba qozonadi?

Bugun, 27-sentyabr kuni Ispaniya La Ligasi doirasida 7-turning markaziy oʻyiniga guvoh boʻlamiz. Ushbu bahsda Madridning “Atletiko” klubi oʻz hamshahari “Real Madrid”ni qabul qiladi. Biz ushbu oʻyin oldidan jamoalarning holati va imkoniyatlarini koʻrib chiqamiz.
“Madrid derbisi”
“Atletiko” va “Real Madrid” jamoalari shu vaqtga qadar 241-marta oʻzaro oʻyin oʻtkazgan. Ushbu oʻyinlarning 176 tasi Ispaniya La Ligasi, 44 tasi Ispaniya kubogi, 11 tasi UEFA chempionlar ligasi va yana 10 tasi turli 2-darajali musobaqalar doirasida boʻlib oʻtgan.
“Real Madrid” jamoasi jami oʻyinlarning 117 tasida gʻalaba qozongan. Bu barcha oʻyinlarning 49 foizi degani. 61 ta oʻyinda “matraschilar”ning qoʻli baland kelgan. Qolgan 63 bahsda durang natija qayd etilgan.
Ushbu oʻyinlarda “Real Madrid” jamoasi raqibi darvozasiga 398 ta gol kiritgan. “Atletiko” esa shu vaqtga qadar “qirollik klubi” darvozasiga 308-marta yoʻl topa olgan.
“Atletiko” jamoasi 1947-yil “qaymoqranglilar”ni 5:0 hisobida magʻlub etgan. Bu “Atletiko”ning “Real” ustidan qoʻlga kiritgan eng yirik gʻalabasi hisoblanadi.
Xuddi shunday, “Real Madrid” ham oʻz hamshaharini 1983-yil 5:0 hisobida magʻlub etgan. Bu esa “Real”ning “matraschilar” ustidan qozongan eng yirik gʻalabasidir.
2019-yilning yozida ushbu jamoalar Xalqaro chempionlar ligasi musobaqasi doirasida oʻzaro oʻyin oʻtkazganlar. Ushbu oʻyin 7:3 hisobida “Atletiko Madrid”ning gʻalabasi bilan yakunlangan. Ayni shu bahs mazkur jamoalar oʻrtasidagi oʻyinlarda eng koʻp gol kiritilgan oʻyin sifatida tarixda qolgan.
Soʻnggi oʻyinlar
Jamoalarning soʻnggi 10 ta oʻyiniga ahamiyat bersak deyarli natijalar teng ekanini koʻrish mumkin.
Ushbu oʻyinlarning 4 tasida durang natija qayd etilgan. 4 ta bahsda “Real Madrid”, yana 2 ta oʻyinda esa “Atletiko Madrid” gʻalaba qozongan.
Ushbu klublar oʻrtasida kechgan soʻnggi bahs 2025-yilning 12-aprel sanasida UEFA chempionlar ligasi doirasida boʻlib oʻtgan.
Dastlabki bahsda 2:1 hisobida gʻalaba qozongan “qirollik klubi” ushbu oʻyinning 1-daqiqasidayoq oʻz darvozasidan toʻp olib chiqadi. Golga Konor Gallaxer mualliflik qiladi. Oʻyin aynan 1:0 hisobi bilan yakuniga yetadi. Penalti seriyasida esa Xulian Alvares va Markos Lyorentening xatosi sabab Diyego Simeone jamoasi oʻyinni yutqazadi.
Bu yilgi natijalar
“Real Madrid” jamoasi bu mavsum La Ligada juda yaxshi start oldi. Klub dastlabki 6 ta turda “Osasuna”, “Real Ovedo”, “Malyorka”, “Real Sosiyedad”, “Espanyol” va “Levante” jamoalarini magʻlub etgan holda 18 ochko jamgʻarib, turnir jadvalida yaqqol karvonboshi boʻlib turibdi.
Shuningdek, “Real Madrid” UEFA chempionlar ligasini ham muvaffaqiyatli boshladi. Jamoa dastlabki turda Fransiyaning “Marsel” klubini qabul qildi va 2:1 hisobida raqibidan ustun keldi. Umumiy hisobda “qirollik klubi”ning bu yilgi gʻalabali seriyasi 7 ta oʻyinga yetdi.
“Atletiko”da esa ishlar yaxshi emas. Jamoa mavsumni “Espanyol” klubiga magʻlub boʻlish bilan boshladi. Keyingi 2 turda “Elche” va “Alaves” jamoalari bilan durang oʻynadi. Nihoyat, 4-turga kelib mavsumdagi dastlabki gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Simeone jamoasi ushbu turda “Vilyarreal” klubini 2:0 hisobida magʻlub etishni uddaladi.
Jamoa keyingi turda ham durang oʻynadi. Bu safar “Malyorka” bilan va soʻnggi turda “Rayo Vallekano” klubini 3:2 hisobida magʻlub etdi. Hozirda “matraschilar” La Liga jadvalida 9 ochko toʻplagan holda 9-oʻrinni egallab turishibdi.
Shuningdek, klub UEFA chempionlar ligasini ham muvaffaqiyatsiz tarzda boshladi. Dastlabki turda “Atletiko” “Liverpul” klubi maydonidan 2:1 hisobidagi magʻlubiyat bilan qaytdi.
Jamoalarning bu yilgi statistikasi
Urilgan gollar soni
“Real Madrid” – 14
“Atletiko Madrid” – 9
Oʻtkazib yuborilgan gollar soni
“Real Madrid” – 3
“Atletiko Madrid” – 7
Toʻp nazorati
“Real Madrid” – 59,5 %
“Atletiko Madrid” – 61 %
Toʻp uzatmalarini aniqligi
“Real Madrid” – 87 %
“Atletiko Madrid” – 90 %
Toʻp uchun kurashlarda yutib chiqish
“Real Madrid” – 56 %
“Atletiko Madrid” – 50 %
Oʻrtacha har oʻyindagi zarbalar soni
“Real Madrid” – 7
“Atletiko Madrid” – 5
Jamoalarning yutuq va kamchiliklari
“Atletiko Madrid”ning kuchli tomonlari:
1. Jamoada chidamlilik yuqori. Futbolchilarning jismoniy holati juda yaxshi. Simeone jamoasida kurashuvchanlik kayfiyati doim boʻlgan va hozirda ham shunday.
2. Klubga qoʻshilgan yangi futbolchilar jamoa oʻyiniga tez kirishib ketishdi.
3. “Atletiko” azaldan himoyasi bilan tanilgan va aynan bu boradagi ustunligini saqlab qolmoqda. Ular himoyadan chiqishda deyarli xato pas amalga oshirishmaydi. Toʻpsiz ham yaxshi harakat qila olishadi.
Jamoaning kamchiliklari:
1. Hujumdagi samaradorlikning kamligi. Jamoa koʻplab vaziyatlar yarata olyapti, ammo koʻplab hujumlar zarbagacha yetib bormayapti.
2. Muqobil taktika va diversifikatsiya yetishmasligi. Baʼzan Simeone konservativ yoki uyushtirilgan taktikalarga tayanadi. Hujumga oʻtganda ijodiy yoki oʻzgaruvchan yechimlar yetishmaydi. Raqiblar himoya tashkil qilishda “Atletiko” rejalari bilan allaqachon tanish boʻlib ulgurgan. Shuningdek, hujum chizigʻida koʻproq variantlarga ehtiyoj sezilyapti.
“Real Madrid”ning kuchli jihatlari:
1. Jamoaga yangi kelgan futbolchilar allaqachon moslashib ketishdi.
2. Jamoa hujumlarda juda xilma-xil oʻynayapti. Xabi Alonso kelgandan soʻng kreativlik ancha oshdi.
3. Jamoaning yetakchilari – Mbappe, Vinitsius Junior va boshqalar maksimal sport formasiga kirib ulgurishdi. Ayniqsa, Mbappe qatoriga 4 ta oʻyindan beri gol urib kelmoqda.
“Qaymoqranglilar”ning kamchiliklari:
1. Himoyada tezkor hujumlarga qarshi barqarorlik yetishmaydi, boʻsh joylar qoldirib qoʻyishadi.
2. Yaratuvchi imkoniyatlar koʻp boʻlsada, hujumni yakunlashda baʼzan samaradorlik past boʻladi.
3. Yuqori bosim qoʻyadigan raqiblar qarshi oʻyin qurish va kombinatsiyalarni davom ettirishda qiynalishadi.
Soʻnggi soʻz
Yuqoridagilardan xulosa qilgan holda, bugungi bahsda “Real Madrid” klubining ustunligini qayd etish mumkin. Bugungi bahs favoriti – “Real Madrid”. Ammo yaxshi bilamizki, “Madrid derbisi”da odatda kutilmagan natijalar koʻp kuzatiladi. Ushbu oʻyinda nimalar boʻlishini bugun bilib olamiz.Жамоаларнинг имкониятлари таҳлил қиламиз.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring