“Atletiko Madrid” chorak finalda, “Inter” musobaqani tark etdi
Kecha, 24-fevral kuni Yevropa chempionlar ligasi pley-off bosqichi bahslari davom ettirildi. Tur doirasidagi dastlabki uchrashuvda “Atletiko Madrid” oʻz maydonida Belgiyaning “Bryugge” jamoasini qabul qildi.
Jamoalar oʻrtasidagi birinchi oʻyin 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlangan edi va chorak final yoʻllanmasi aynan shu bahsda hal etildi. Natijada yoʻllanma “matraschilar”ga nasib etdi.
Uchrashuv Diyego Simeone boshqaruvidagi jamoaning 4:1 hisobidagi ishonchli gʻalabasi bilan yakunlandi. Gollarga gʻoliblar safida Aleksandr Syorlot (3 ta) va Jonni Kardoso mualliflik qildi. “Bryugge”ning yagona javob goli esa Joel Ordonyes hisobida qayd etildi.
Navbatdagi bahsda Angliyaning “Nyukasl” jamoasi oʻz maydonida Ozarbayjonning “Qorabogʻ” klubini qabul qildi. Dastlabki oʻyinda APL vakili 6:1 hisobida gʻalaba qozongani bois javob uchrashuvi unchalik keskin kechmadi.
Shunday boʻlsa-da, bahs “qoralar”ning 3:2 hisobidagi gʻalabasi bilan tugadi. Gollarga Joelinton, Sandro Tonali va Sven Botman mualliflik qildi. “Qorabogʻ”ning javob gollari esa Kamil Dyuran va Elvin Jafarguliyev hisobida qayd etildi.
Musobaqaning amaldagi vitse-chempioni “Inter” esa turnirni ushbu bosqichda tark etdi. Italiya klubi ilk oʻyinda “Bude-Glimt”ga 1:3 hisobida magʻlub boʻlgan va Milandagi javob bahsida vaziyatni oʻzgartirishi kutilgan edi. Biroq Norvegiya jamoasi ikkinchi oʻyinda ham gʻalaba qozondi.
Gollarga Yens Petter va Hokon Yevyen mualliflik qildi. “Inter”ning yagona javob goli esa Alessandro Bastoni hisobida qayd etildi.
Germaniyada boʻlib oʻtgan “Bayer Leverkuzen” — “Olimpiakos” uchrashuvida hisob ochilmadi. Shu tariqa birinchi oʻyinda 2:0 hisobida gʻalaba qozongan “Bayer Leverkuzen” keyingi bosqichga yoʻl oldi.
Maʼlumot uchun, bugun ham pley-off bosqichi bahslari davom ettiriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring